Azobda o‘tgan 15 yil. Yolg‘iz o‘g‘li qaytishini kutayotgan ota-ona
Farg‘ona viloyati Rishton tumani Pandigon qishlog‘idagi xonadonlardan birida 15 yildirki halovat yo‘q. Oilaning yolg‘iz o‘g‘li Sohibjon Jalilov 2007 yilda ishlash uchun Qozog‘istonga ketgan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, u qaytmadi. Otasi Solijon aka 2-3 marta o‘g‘lini qidirib, qo‘shni davlatga bordi. Lekin uni topa olmagan. Ota-ona hamon farzandi qaytishini kutib yashamoqda.
“O‘g‘lim, ortingga qayt. Keksayib qoldik...”
Mamlakat Madolimova, bedarak ketgan o‘g‘ilning onasi:
“O‘g‘lim Sohibjon 1982 yilda tug‘ilgan. Otasiga yordam beraman deb 2007 yilda Qozog‘istonga chiqib ketgan edi. Shundan beri uni kutib yashaymiz. Orada ikki singlisini turmushga uzatdik.
O‘g‘lim musofir yurtga ketgach, dom-daraksiz yo‘q bo‘lib ketdi. 10 yil deganda birdan qo‘ng‘iroq qilib, yaxshi yurgani haqida gapirdi. U bilan 2017 yildan to 2018 yil yanvargacha, ya’ni 5 oy davomida telefon orqali gaplashib yurdik. Shundan keyin yana dom-daraksiz ketdi. Aloqalar uzildi. Sohibjonga yoshimiz bir joyga borib qolgani, vatanga qaytishi shartligini aytib vaziyatni to‘g‘ri tushuntirdim. Tunda hamma uxlaydi. Lekin menda uyqu yo‘q. Yostiqqa bosh qo‘ygan zahotim o‘g‘lim haqida o‘ylayman. Ichim eziladi. Nahot bu dunyodagi ishonganim, suyanchig‘im bizni unutib yuborgan bo‘lsa?!
O‘g‘lim yuvosh, sodda, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan yigit edi. Tibbiyot kollejida tahsil olgandi.
Oxirgi marta qo‘ng‘iroq qilganida puling yo‘q bo‘lsa bu yerdan jo‘nataylik, uylanib olgan bo‘lsang ham ming marta rozimiz, kelin va bolalarni birga olib kel deb aytgandim. Bu gapimga javoban u puli yetarli ekani, bir kun kelib qaytishi haqida gapirdi. Singlisiga qo‘ng‘iroq qilib, gap orasida pasporti yo‘qligidan Qozog‘istonni tark eta olmayotganini aytgan ekan.
Oxirgi marta qo‘ng‘iroq qilganida Hayit bayrami edi. Qo‘limda kapgir, osh pishirayotgan edim. Kapgirning qozonga urilgan tovushiga telefonni yaqinlashtirib, osh qilyapman, qozonning sasini eshityapsanmi dedim. O‘g‘lim “Onajon, oshingizni sog‘indim”, deya yig‘lab yubordi. U yurtiga qaytishni chin dildan xohlayotgani, lekin qandaydir kuch qaytishiga to‘sqinlik qilayotgandek tuyulishi haqida antiqa gaplarni gapirdi.
Turmush o‘rtog‘im zurriyotimizni qidirib Qozog‘istonga bir necha marta borib keldi. Lekin afsuski uni topa olmadi. O‘g‘limni topishda yordam berishlarini so‘rab IIB va boshqa tegishli idoralarga murojaat qildim. Natija bo‘lmagach, hafsalam pir bo‘ldi”.
“Onasi tuni bilan yig‘lab chiqadi”
“O‘g‘lim avvallari Qozog‘istonda mavsumiy ishlab, kech kuzda uyga qaytib kelardi. 2007 yilda ketdi-yu hech bir sababsiz shu bilan qaytmadi. Keyin esa telefondagi aloqalar ham uzildi.
Qishloqdosh do‘stlari uni Qarag‘anda viloyatida uchratib qolishgan ekan. Uni daraklab o‘sha yerga bordim. Qarag‘andada uni ko‘rgan bilganlar Temirtou shahrida deyishdi. IIB bazasidan o‘g‘limning ism-sharifi chiqmadi. IIBdagilar u noqonuniy yurgani uchun ham ro‘yxatdan chiqmaganini aytishdi.
Temirtou shahrida Tohir degan bola bilan uchrashdim. U ham ishlab oila qurib musofir yurtda qolib ketganlardan ekan. Tohir o‘g‘lim Sohibjonni 7-mikrorayonda, “Gorka Drujba” degan joyda ko‘rib turishini aytdi.
Aytilgan manzilga borib, do‘kon sotuvchisiga o‘g‘limning suratini ko‘rsatdim. Sotuvchi suratga biroz tikilib, tanishligi, ba’zida do‘kondan non xarid qilib turishini aytdi.
Do‘konga yaqin kafe ishchisiga ham o‘g‘limning suratini ko‘rsatdim. U suratni ko‘riboq “Sohib-ku, uni taniyman kafega kelib turadi”, dedi. Kafe ishchisidan o‘g‘limning telefon raqamini so‘rab oldim. U bilan hamrohim telefon orqali gaplashdi. Uning ovozini aniq eshitdim. Lekin uni topa olmadim.
Telefon raqamini onasiga darhol jo‘natdim. Ular ma’lum muddat gaplashib turishdi. Shu bilan o‘g‘lim telefonini o‘chirib qo‘ydi. Yana dom-daraksiz ketdi.
2017 yilda birdan o‘zi qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Unga manzilingni ayt, borib olib kelaman dedim. Sohibjon biroz ishlab pul yig‘ib, keyin kelishini aytdi. Oradan 5 oy o‘tib yana dam-daraksiz ketdi.
Orada pandemiya bo‘lib, bora olmay qoldim. Yordam berishlarini so‘rab IIBga 5-6 marta murojaat qildim. Lekin natija bo‘lmadi.
Kimdir o‘g‘lim uylanib olgani, bir qizi borligi haqida aytdi. Oxirgi marta qo‘ng‘iroq qilganida kelin qaysi millat bo‘lishidan qat’i nazar oilang bilan uyga qayt, biz rozimiz dedik. Lekin u uylanib olganini biror marta tan olmadi.
70 yoshga kirdim. Shu yoshimizda g‘am-anduhga o‘ralashib qoldik. Turmush o‘rtog‘im tuni bilan yig‘lab chiqadi. G‘am-g‘ussa ortidan bir qancha kasalliklarni orttirib oldik”, – deydi bedarak ketgan o‘g‘ilning otasi Solijon Madolimov.
Sohib Jalilovni Qarag‘anda viloyati Temirtou shahrida ko‘rishgan. Ota-onasi tegishli tashkilotlardan o‘g‘lining topilishida amaliy yordam berishni so‘ramoqda.
Sohib Jalilovni ko‘rgan va bilgan Qozog‘istondagi hamyurtlarimiz +998916588543 yoki +998916890885 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari so‘raladi.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid
17:54 / 17.12.2024
Farg‘ona viloyatida Umra ziyoratini noqonuniy tashkil etish bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
17:04 / 11.12.2024
Qozog‘istonda kuydirgi sababli chorva uchun majburiy karantin joriy etildi
11:00 / 10.12.2024
“Jarrohning o‘z qabristoni bor” - kardiojarroh hikoyasi
21:20 / 06.12.2024