O‘zbekiston | 21:06 / 10.01.2023
31963
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimi kechasi majlis o‘tkazmoqda

Shuhrat Abdurahmonov havo sovuqligiga qaramay, viloyatdagi hamma mutasaddilarni kechasi majlisga yig‘di. Unda ertadan boshlab qaysi maktablarni ochish, qaysilarini ochmaslik masalasi ko‘rildi. Qator mutasaddilar kechqurun bo‘layotgan majlisdan shikoyat qilib, Kun.uz'ga murojaat qildi: “Salkam ikki soatdan beri majlis boshlanishini tashqarida kutib turibmiz, sovuq jon-jonimizdan o‘tib ketdi”. “Uyi uzoqlar bu sovuqda manziliga qanday yetib olar ekan?”

Foto: Andijon viloyati hokimligi

10 yanvar soat 21:30 holatiga (xabar yangilandi), Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov majlis o‘tkazyapti. Bu haqda majlisda qatnashayotgan bir necha shaxslar Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Abdurahmonovning matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishga viloyatdagi mutasaddi rahbarlarning hammasi jalb etilgan bo‘lib, hududlardagi shahar va tumanlar mutasaddilari videouzatuv orqali ishtirok etmoqda.

“Shuhrat Abdurahmonov ertangi kundan Andijondagi ta’lim muassasalarida o‘qish jarayonlarini boshlash xususida to‘xtaldi. Bu borada har bir shahar va tuman hokimlari hamda XTB mudirlari bilan birma-bir muloqot o‘tkazib, maktablarning o‘qishga shay holda ekanini shaxsan o‘rganmoqda.

Tayyorgarligida ayrim masalalar kuzatilishi mumkin bo‘lgan maktablar ertadan o‘quv jarayonini boshlashi talab etilmaydi va ushbu maskanlarda kamchiliklarni bartaraf etish ishlari boshlanadi.

Viloyat rahbari barcha maktab direktorlari, tibbiyot birlashmasi rahbarlaridan ushbu masalalarda aniq va batafsil holatlarni o‘rganib o‘tmoqda”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Qayd etilishicha, Andijondagi hamma maktablarga viloyat hokimligi mutasaddilari, boshqarmalar hamda viloyat miqyosidagi davlat idoralari rahbarlari, shahar va tuman hokimlari, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari biriktiriladi. Ular orqali maktablardagi vaziyat o‘rganilib, nazorat qilib boriladi.

“Maktab direktorlari va o‘qituvchilar ushbu masalalar bo‘yicha tashkil etilgan hech bir ishga jalb etilmaydi. Ular faqat ta’lim berishadi. Hammasini viloyat hokimi o‘rinbosarlari va biriktirilgan mas’ullar, maktabning xo‘jalik ishlari mudiri ishtirokida bajarib boradilar”, – degan Abdurahmonov.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, bu majlisga yig‘ilish uchun tashkilot rahbarlariga tegishli mutasaddilardan SMS xabar borgan. Jumladan, Buloqboshi tumani hokimligi tomonidan: “Bugun, 10 yanvar kuni soat 18:30 da tuman hokimiyatida [bo‘ladigan] hokimlik soatida rasmiy kiyimda ishtirok etishingiz so‘raladi” mazmunida SMS-xabar yuborilgan.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Izboskan tumanida esa bu yig‘ilishga 17:30 da yetib kelish so‘ralgan va unda viloyat hokimi shaxsan ishtirok etishi alohida ta’kidlangan. Biroq 19:30 gacha majlis uchun kelgan tashkilot rahbarlari majlislar zaliga kiritilmasdan tashqarida ushlab turilgan.

“Anomal sovuq deb hamma joyda yozishyapti. Biz salkam ikki soatdan beri boshlanishi kerak bo‘lgan majlisni tashqarida kutib turibmiz. Sovuq jon-jonimizdan o‘tib ketdi”, – dedi shaxsi sir qolishini istagan izboskanlik vakillardan biri.

Andijon viloyati hokimligi yig‘ilishiga soat 18:00dan kechga qolmay kelish buyurilgan SMS-xabarlardan biri. Vaholanki, yig‘ilish bundan ancha kech boshlangan.

Shuningdek, Asaka tumanidan ham bu yig‘ilishga tashkilot rahbarlari chaqirilgan.

“Yig‘ilish avvalida viloyat hokimi o‘rinbosari so‘z boshladi. So‘ng 20:00 dagina viloyat hokimi so‘zga chiqdi. Bu boshlangan majlis qancha davom etishini bilmaymiz. Odatda viloyat hokimining nutqi 3–4 soatgacha davom etadi. Uyi uzoqlar bu sovuqda manziliga qanday yetib olar ekan?” – deydi asakalik tashkilot rahbarlaridan biri.

Mavzuga oid