O‘zbekiston | 17:33 / 16.01.2023
67370
13 daqiqa o‘qiladi

“Bu – mustaqilligimizning bir qismini boy berish degani” - faollar Kremlning “taklifi” haqida

“Jonimizning huzurini o‘ylab, farzandlarimizni qullikka mahkum etishga haqqimiz yo‘q”. “Bo‘layotgan ishlar boricha xalqqa yetkazilishi, tushuntirilishi kerak”. O‘zbekistonlik faollar Rossiyaning O‘zbekistonga gaz berish uchun shartlariga aslo ko‘nib bo‘lmasligini aytmoqda. Kun.uz manbalariga ko‘ra, Kreml bu muzokaralarda yana migrantlarni qurol qilib olgan.

Foto: KUN.UZ

Rossiyaning O‘zbekistonga gaz uzatish evaziga mamlakatning gaz-transport tarmoqlarini berish va O‘zbekistonning Xitoyga gaz eksportini nazoratiga olmoqchi bo‘layotgani o‘zbekistonliklar orasida jiddiy xavotir va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz muxbiri bu borada bir qator jamoatchilik faollarining fikrlarini to‘pladi.

Hamid Sodiq, siyosatshunos

Hamid Sodiq

— Eshitishimcha, Rossiya o‘z gazini Qozog‘iston orqali, “Markaziy Osiyo – Markaz” quvurlari orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni “taklif” qilgan.

Evaziga esa Rossiya – O‘zbekistonning gaz-transport tizimini bozor narxida “Gazprom” egaligiga o‘tkazish va Xitoyga gaz eksporti huquqini talab qilmoqda. Buni Rossiyaga xos energetik urush deyish mumkin.

2005 yilda sodir bo‘lgan Andijon voqealaridan keyin Rossiyaga tegishli “Lukoyl” kompaniyasining ishlari rivojlanib ketgandi. 2007 yilda Havuzak-Shodi Dengizko‘l gaz konidan ilk marta gaz chiqarilgan bo‘lsa, 2011 yilda mazkur gaz konidan 10 milliard, 2015 yilda 30 milliard kubometr gaz qazib olingan.

Rossiya Federatsiyasining Gruziya, Ukraina va Yevropa Ittifoqi bilan bo‘lgan nizolari va ularga o‘tkazayotgan bosimi markazida ham aynan energiya resurslari, xususan gaz yotadi.

Masala shundaki, mazkur keysda Rossiya markaziy masala emas. Biz o‘zimiz “no‘noqlik” bilan geosiyosiy ta’sir uchun sharoit yaratib beryapmiz. Yevropaga yo‘naltirilgan “gaz” zarbasi “rikoshet” bilan bizga tegdi.

O‘zbekiston uchun isloh qilinishi kerak bo‘lgan ikkita muhim soha bor va ular bir-birini taqozo qiladi. Birinchidan, mamlakatimizda siyosiy islohotlar amalga oshirilishi va demokratiya tamoyillariga asoslangan saylovlar bilan shakllantiriladigan inklyuziv hukumat zarur. Ikkinchidan, energetik mustaqillikni ta’minlash uchun jiddiy o‘ylangan harakatlarni amalga oshirish kerak. Mamlakatimiz bugun Krilov masalidagi yozni qo‘shiq aytish bilan o‘tkazib yuborgan, hattoki qumursqaning oldida ham zaif bo‘lib qolgan ninachiga o‘xshab qoldi.

Har kuni ortiqcha chiqimni talab qiladigan turli xil o‘ta qimmat tadbirlar va ko‘plab saroylardan iborat “passiv”lar o‘rniga, energetik xavfsizlik uchun mablag‘ sarflanishi lozim.

Lola Saidova, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi

Lola Saidova

— Rossiyaga energiya tizimlarimizni berish – vatanni sotish degani. Bu strategik sohaning tizginini boshqa davlatga berish mutlaqo mumkin emas.

Yuridik tilda buni davlat mustaqilligiga qarshi jinoyat deyishadi. Shunday ekan, Kremldan qilingan bu taklif O‘zbekiston tomonidan davlat suverenitetiga tajovuz sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak.

Shuningdek, bu O‘zbekiston boshqaruvidagi krizisni ham ifodalaydi. Zudlik bilan tizimli yechimlar izlanishi kerak.

Bahodir G‘aniyev, ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert

Bahodir G‘aniyev

— Evaziga nima taklif qilinishidan qat’i nazar, gaz tizimlarimizni hech qanaqasiga Rossiyaga berib bo‘lmaydi. Bu – O‘zbekiston mustaqilligining ma’lum qismini Rossiyaga boy berish degani.

Bugun hukumat vakillari odamlar oldiga chiqib, sizga gaz keladi, lekin bu orqali mustaqilligimizni xatarga solamiz, uning ma’lum qismini boy berishga to‘g‘ri keladi, desa, xalq gazni emas, mustaqillikni tanlaydi. Xalqqa tushuntirilsa, u issiqqa ham, sovuqqa ham chidab beradi.

Shunchaki bu ishlar boricha xalqqa yetkazilishi, tushuntirilishi kerak. Bu juda muhim. Takrorlayman, bu masala hech qanaqasiga muzokara, muhokama olib boradigan mavzu emas.

Farrux Jabborov, yozuvchi

Farrux Jabborov

— Xalq va hukumat birdam bo‘lishi kerak. Hukumat xalqning noroziligini bosib turish uchun o‘zining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarini xaspo‘shlash, go‘yoki qonuniylashtirish uchun, bunga e’tiroz bildiruvchi ommaning ovozini vaqtincha o‘chirish uchun tashqi kuchlarga mamlakat boyliklarini qo‘shqo‘llab topshirib yubormasin. Bugun O‘zbekistonda kechayotgan yalpi energetik inqiroz sabablaridan asosiysi o‘z vaqtida mana shunday “sotilish” bo‘lgani sir emas. 18 yil avvalgi xato hozir xalqimizga qanchalik qimmatga tushayotgan bo‘lsa, ayni paytdagi qiyinchiliklar ortidan bo‘ynimizni ikkinchi marotaba bo‘yinturuqqa solib bersak, ertaga yanada kattaroq badal to‘lashimiz aniq. Jonimizning huzurini o‘ylab, farzandlarimizni qullikka mahkum etishga haqqimiz yo‘q.

Ichki muammolarimizni ichkarida o‘zimiz hal qilishimiz, tashqaridan madad kutish illatidan butkul qutulishimiz kerak. Bu gap xalqqa ham, hukumatga ham tegishli. Najotni xojani almashtirishda ko‘rishdek qullarcha psixologiyadan qachon voz kechamiz?! Mustaqil davlat qurish mas’uliyatini hamon yelkaga olgan emasmiz. O‘zbek xalqi bu mamlakat o‘ziniki ekanini, bu hukumat o‘zining xizmatkori ekanini chuqur his etishi zarur. Buning uchun “demokratiya-demokratiya” o‘yinini bas qilib, haqiqiy huquqiy-demokratik prinsiplar asosida rivojlanish yo‘liga o‘tmasak bo‘lmaydi.

Bugungi anomal sovuqdan kelib chiqqan anomal vaziyatda faqat spazmatik choralar bilan cheklanib qolmay, sistemali o‘zgarishlarni boshlashimiz kerak. Eng birinchi navbatda milliy manfaatlarga zid ravishda tuzilgan har qanday shartnomalarni qayta ko‘rib chiqishga erishishimiz shart. Hukumat xalqning noroziligidan yangi bo‘yinturuqlarni bo‘yinga ilish emas, eski kishanlarni parchalash yo‘lida foydalanishiga ishonchimiz bor.

Alisher Qodirov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi

Alisher Qodirov

— Mustaqillik xalq va hokimiyatni har qanday muammo qarshisida mustahkam birlashtiradigan ehtiyoj bo‘lishi kerak.

So‘nggi yillarda, yirik davlatlar xalq va hokimiyat birgalikda yengishi kerak bo‘lgan, juda ham tabiiy munozaralarni agressivlashtirishdan geosiyosiy maqsadlarga erishish uchun foydalanishmoqda. Afsus bilan aytaman, bizda ham bugun “ozodlik” desa, “qornimni to‘ydirasanmi?!” deydigan qatlam bor. Mintaqada uzoqni ko‘zlagan maqsad va manfaatlari bo‘lgan kuchlar aynan shu qatlamga tayanadi va ulardan juda samarali foydalanadi.

Sobiq sovet respublikalarining barchasida sovetlar boshqaruvi tomonidan kelajakda foydalanish uchun ko‘mib qo‘yilgan iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy “minalar”dan samarali foydalanayotgan sovetparastlar borligi bugun hech kimga sir emas. Mustaqillikning ilk yillarida millatlararo nizolardan keng foydalanildi, yaqingacha mintaqa davlatlarini o‘zaro urushtirish va alternativi bo‘lmagan transport koridorlari orqali vaziyatni boshqarishga harakat qilindi. Endi, uzoq vaqt tayyorlangan siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri kuchli bo‘lgan energetika o‘yinlariga navbat kelgan bo‘lishi ham mumkin.

Nima bo‘lganda ham, muammolarimizni o‘zimiz hal qilamiz.

Ildizlari chuqur ketgan, bilgan taqdirimizda ham tushunish juda qiyin bo‘lgan og‘ir geosiyosiy va geoiqtisodiy muammolarni murakkab siyosiy silkinishlar davrida hal qilish uchun kurashayotgan hukumatning vatanparvarligiga shubha qilmasdan, ularni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, deb o‘ylayman. Bugungi qiyinchiliklar bir-birimizning yoqamizga yopishish emas, birlashishimizga sabab bo‘lishi kerak.

Biz hali ozodligini indamasdan berib qo‘yadigan anoyi emasligimizni isbotlashimiz kerak.

Abdurahmon Tashanov, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi

Abdurahmon Tashanov

— Aslida o‘zaro manfaatli har qanday shartnomalar mamlakat istiqboli uchun xizmat qiladi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi bilan foydali iqtisodiy yoki boshqa ko‘rinishdagi ittifoq ham. Ammo Rossiya hukumatining YeI bilan aynan energetik masaladagi hamkorligi bu mamlakatning ko‘p masalalarda g‘irrom ekanini ko‘rsatdi.

Zotan, O‘zbekiston bu mamlakatning energetikaga oid kelishuvlarini qabul qilsa, ahdlashuvlar siyosiy manfaatlar qurboniga aylanishi mumkinligini nazardan qochirmasligi lozim. Tom ma’noda, Rossiya Federatsiyasi – kelajagi xavf ostidagi mamlakatdir.

Xitoy qarz munosabatlarida Qirg‘iziston va Tojikiston yerlariga ko‘z tikkani kabi Rossiya ham o‘zining imperialistik istaklari yo‘lida har qanday shartnomalardan foydalanib qolishiga shubha yo‘q.

Umid qilamizki, hamma ko‘rib turgan narsani O‘zbekiston hukumati ham o‘ylayotgandir. Agar aksi bo‘lsa, hukumat eng kamida no‘noq va kaltabin siyosat olib borgan bo‘ladi va tarixda sharmandali nom qoldiradi.

Olimjon Haydarov, bloger

Olimjon Haydarov

— Rossiya butun O‘zbekiston energiya tizimini nazoratga olish evaziga bizga gaz bermoqchi. Bu – gaz evaziga qullik degani. Biz ma’lum yillar uchun berilgan gaz evaziga mustaqillikdan kechmaymiz.

Umid qilamanki, hukumat bu vaziyatda siyosiy iroda va dadillik ko‘rsatadi.

***

Ma’lumot uchun, noyabr oyi oxirida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga “uchtomonlama gaz ittifoqi” tuzishni taklif qilgan edi. Shundan keyin bu masalada bir necha marta ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilgan.

Gazeta.uz bir nechta manbalariga tayanib yozishicha, Rossiya o‘z gazini O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali, “Markaziy Osiyo – Markaz” quvurlar tarmog‘ida yetkazib berishni taklif qilgan.

“Rossiya tomonining asosiy sharti O‘zbekistonning gaz-transport tizimini bozor narxida “Gazprom” egaligiga o‘tkazish bo‘lgan. Xuddi shunday talab “Qozoqgaz” kompaniyasiga ham qo‘yilgan, lekin kompaniya bunday shartlarga rozi bo‘lmagan.

Rossiya tomoni ilgari surgan ikkinchi shart – Xitoyga gaz eksporti huquqini topshirish bo‘lgan. Ya’ni “Gazprom” kelishuvda O‘zbekistonning “UzGasTrade” kompaniyasi o‘rnini egallashni taklif qilgan.

Dekabr oyida ikki tomonlama muzokaralar natijalariga ko‘ra Rossiya tomonining shartlarini olib tashlashga erishilgan”, – deya yozmoqda nashr.

Kun.uz manbasi ham yuqoridagi ma’lumotlarni tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya O‘zbekistonga gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishuv qisqa muddatli emas, kamida 10 yilga mo‘ljallab tuzilishini talab qilmoqda.

Shuningdek, vaziyatdan xabardor manbaning bildirishicha, Moskva tomonidan rasmiy Toshkentga Rossiyadan boshqa har qanday uchinchi davlat bilan energetika yo‘nalishidagi hamkorlikni kuchaytirishiga qarshilik bo‘lyapti. Aks holda, Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlarga jiddiy muammolar tug‘ilishiga shama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Kreml gaz evaziga O‘zbekiston va Qozog‘istonga siyosiy shartlar qo‘yayotganini rasman rad etgan. Dekabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin “qandaydir energetiya alyansi” tuzilishiga ishonchi komil ekanini aytgandi. Lekin Rossiya bilan gaz masalasidagi hamkorlik uch tomonlama ittifoq shaklida bo‘lishini O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham xohlamayapti. Ayni paytda, har ikki mamlakat Rossiya bilan gaz masalasida ikki tomonlama muzokaralar ketayotganini tasdiqlagan. O‘tgan hafta Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov rasmiy Ostona “uch tomonlama ittifoq” bo‘yicha rasmiy taklif olmaganini bildirgandi.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ham Toshkent Moskva bilan energoresurslar importi masalasida “allaqanday alyans yoki ittifoq” shaklida emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomonlama shartnomalar asosida ishlashni ko‘rib chiqayotganini aytgandi.

“Bunda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, o‘zimizning tarmoqlarni qandaydir birovga berib yuborish yoki boshqa orqali emas, oldi-sotdi tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti”, – degandi vazir dekabr oyi boshida.

“Biror siyosiy shart qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Agar gazni chegaramizgacha olib kelib, bizga ma’qul narxda bersa, olamiz, bo‘lmasa yo‘q”, – degandi Mirzamahmudov Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Mavzuga oid