Jamiyat | 00:15 / 18.01.2023
23510
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida talon-torojliklar aniqlandi

Rahbariyat 245 mln so‘mni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.

Jizzax viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan tibbiyot uskunalari xarid qilishda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yildi, deb xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

Xususan, mazkur tibbiyot markazi 2021 yil 22 dekabrdagi shartnomaga asosan «E.M.S» korxonasidan 245,2 mln so‘mga 2021 yilda Germaniyada ishlab chiqarilgan «Eskulap» jarrohlik uskunalarini xarid qilishi belgilangan. 2021 yil 28 dekabrdagi hisobvaraq-fakturaga ko‘ra, ushbu jarrohlik uskunalari tibbiyot markaziga yetkazilgani rasmiylashtirilgan.

Biroq, o‘rganishlar mobaynida shartnomada qayd etilgan jarrohlik uskunalari aslida yo‘qligi, yangi tibbiy uskuna o‘rniga eski, 1994 yilda Rossiyada ishlab chiqarilgan jarrohlik uskunalari o‘rnatilgani va ular yaroqsiz holatda ekani aniqlangan.

Tibbiyot markazining mas’ul shifokori va xodimlari o‘z rahbariyatiga ushbu tibbiy uskunalar talabga javob bermasligi to‘g‘risida bildirishnoma bilan murojaat qilgan bo‘lishiga qaramay, rahbariyat tomonidan holat bo‘yicha hech qanday chora ko‘rilmagan.

Holat yuzasidan Jizzax viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid