O‘zbekiston va Qozog‘iston mahkumlarni topshirish bo‘yicha kelishib oldi
Kelishuvga ko‘ra, Qozog‘istonda ozodlikdan mahrum qilingan O‘zbekiston fuqarolari jazoni o‘tash uchun vataniga qaytarilishi mumkin. Shuningdek, O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum qilingan Qozog‘iston fuqarolari ham jazoni o‘tash uchun vataniga qaytariladi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston mahkumlarni jazoni o‘tash uchun bir-biriga berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Qozog‘iston Majlisida «Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarni jazoni o‘tash uchun berish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Bosh prokuror o‘rinbosari Aset Chindaliyev so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida mahkumlarni topshirish bo‘yicha kelishuv gumanitar ahamiyatga ega.
«Bu choralar birinchi navbatda insonparvarlik xarakteriga ega. Ko‘p hollarda boshqa davlatda jazo o‘tayotganlar mahalliy aholining tili va urf-odatlarini bilmaydi. Odamlar bilan muloqot murakkablashadi, chunki atrof-muhit boshqacha. Qarindosh-urug‘ va do‘stlardan uzoqda. Bunday odamni jamiyatga moslashtirish unchalik oson emas», dedi u.
Bosh prokuror o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, vataniga qaytish uchun avvalo mahkumning o‘zi rozi bo‘lishi kerak.
«Shartnoma shartlariga kelsak, mahkumni boshqa joyga o‘tkazish uchun birinchi navbatda uning roziligi kerak - shaxs o‘z mamlakatida jazoni o‘tash niyati haqida ariza berishi kerak», dedi Chindaliyev.
Uning ta’kidlashicha, mahkumni ekstraditsiya qilish uchun qo‘yiladigan talablar bir qancha.
«Birinchi navbatda u fuqarolikka ega bo‘lishi, qilmishi har ikki davlatda ham jinoyat hisoblanishi, jazoni o‘tash muddati kamida bir yil bo‘lishi kerak. Shuningdek, bunga har ikki davlat ham rozilik berishi kerak. Agar uning topshirilishi mamlakat suvereniteti va xavfsizligiga putur yetkazsa, bu milliy qonunchilikka zid bo‘lsa va shaxsga nisbatan sud yoki tergov jarayoni davom etayotgan bo‘lsa yoki uning moliyaviy qarzlari bo‘lsa, mahkumlar ekstraditsiya qilinmaydi», deb xulosa qildi u.
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda sudlangan 225 nafar O‘zbekiston fuqarosi o‘z mamlakatida jazoni o‘tash istagini bildirgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonda sudlangan 20 nafar qozog‘istonlik bor.
Mavzuga oid
23:10 / 23.12.2024
Rossiya Qozog‘istonda 7 mln dollarlik firibgarlik ishida ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosini ekstraditsiya qildi
17:04 / 11.12.2024
Qozog‘istonda kuydirgi sababli chorva uchun majburiy karantin joriy etildi
16:33 / 25.11.2024
O‘zbek ayollarini haqoratlagan turkiyalik stendapchi: unga qarshi Istanbul prokuraturasiga ariza topshirilgan
19:32 / 07.11.2024