O‘zbekiston | 12:41 / 25.01.2023
17008
6 daqiqa o‘qiladi

“Men o‘tirgan xona issiq, lekin qolganlari sovuq” – poytaxtdagi maktablarda darslar boshlandi

Yanvarning so‘nggi haftasidan O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktabda darslar boshlandi. Ba’zilarida o‘quvchilar “kurtka”larda o‘tirsa, ba’zilarida ustozlar “obogrevatel” olib kelishga majburlanyapti. Maktabning issiqlik ta’minotiga mas’ul hokimliklar esa o‘qituvchilarga OAV uchun izoh berilishiga taqiq qo‘ygan.

Tegishli qoidalarga ko‘ra, ta’lim muassasasidagi ish joylarida havo harorati ishning yengil yoki og‘irligiga qarab 21, 17 va 16 darajadan past bo‘lmasligi kerak. Ammo mutaxassislarga ko‘ra, hozirgi sharoitda o‘quvchilar ta’lim oladigan sinfxonalarda havo harorati 18 darajadan pastlamasligi lozim. Xo‘sh, hozirda shahardagi sinfxonalarning termometri necha darajani ko‘rsatmoqda? Kun.uz muxbiri poytaxtdagi 2 maktabda bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi.

Dastlab Chilonzor tumanidagi 128-maktabga bordik. Ta’lim muassasasining issiqlik batareyalari iliq. 1-qavatdagi sinfxonaning harorati 15 daraja, yuqoridagilari esa 16-18 darajada. Ba’zi o‘quvchilar xonalar issiqligini aytsa, ba’zilari darsda ustki kiyimda o‘tirishini, biroz sovuqligini bildirdi.

128-maktab sinfxonalaridagi termometrdan olingan suratlar kollaji / Foto: Kun.uz

Ma’lumotlarga ko‘ra, 128-maktabda jami 475 nafar tahsil olsa, shuning 292 nafari 1-smenaga qatnaydi.

“Bugungi holat uchun maktabga 192 nafar o‘quvchi, 1-smenaga qatnaydigan bolalarning 65 foizi keldi. 25 foizi onlayn ta’limga o‘tgan. 5 foizining orasida esa kasal bo‘lib qolganlari yoki keyingi dushanbadan chiqamiz deganlari bor. Maktabimiz tumandagi eng issiq maktablardan biri deb topildi, lekin “Akfa” romlari bo‘lishiga qaramay, uning ustiga ham tselofan qoqdik, sinfxonalarga termometrlar qo‘ydik”, – dedi maktab direktori Dilnoza Ibragimova. 

Dilnoza Ibragimova 128-maktab direktori / Foto: Kun.uz

Intervyuni olarkanmiz maktabga tuman hokimining o‘rinbosari yetib keldi. Ammo kimning xabari bilan kelgani ochiqlanmadi. 

“Chilonzor tumanida jami 32 ta maktab bo‘lsa, shundan 16 tasi bosqichma-bosqich ochilgan. Shu maktablarga borib, issiqlik darajasi o‘lchanib, xonadagi harorat 18 darajadan yuqori bo‘lgani qayd etilgach, maktablarning ochilishiga ruxsat berildi.

24 yanvar holatiga ko‘ra, bular qatoriga yana 6 ta maktab qo‘shildi. Shu bilan tumanda jami bo‘lib 16 ta maktab ochildi. Endi hozir 7 ta maktabni ochishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, – dedi hokim o‘rinbosari Alisher Hotamov

Alisher Hotamov Chilonzor tumani hokimining o‘rinbosari / / Foto: Kun.uz

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu jarayonda ota-onalarning taklifi bilan an’anaviy shaklga o‘tkazilgan maktablarda onlayn ta’lim ham yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, tumandagi barcha maktablarni 30 yanvargacha oflaynga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shundan keyin navbatdagi manzilimiz Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 308-maktab bo‘ldi. Aytish kerakki, bu muassasada sinfxonalardagi issiqlikni o‘rganish oson bo‘lmadi. Yoritishimizga maktab rahbariyati tish-tirnog‘i bilan qarshilik qildi. Rahbariyat vakiliga ko‘ra, “tepa”dan hududdagi barcha umumta’lim maskanlariga OAV, xususan, Kun.uz’dan kimdir keladigan bo‘lsa, zudlik bilan tuman hokimiyati matbuot kotibi bilan bog‘lanish kerakligi aytilgan. 

Tuman hokimiyatini boxabar qilish haqidagi xabardan surat / Foto: Kun.uz

Shu bo‘yicha xabar berilgach, 10 daqiqaga qolmay tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Saidaliyev yetib keldi. U bunday xabar berilganini rad etib, isitish choralarini ko‘rish uchun hokimiyatdagilar mas’ul etib tayinlanganini tushuntira ketdi.

Abrorxo‘ja Saidaliyev Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining birinchi o‘rinbosari / Foto: Kun.uz

Bu yerda hokimiyat vakillarining vazifasi va vakolati Kun.uz ijodkorlariga ham ayon edi, ammo ayni surishtiruv vaqtida hokimiyatning bu jarayonga aralashuvi tushunarli bo‘lmadi.

Hokimiyat vakili va muassasa rahbariyati bilan aylanish davomida barcha bolalar xonalar issiqligini aytishdi. Quyosh tushganlari 21 darajani, tushmaganlari esa 13 darajani ham ko‘rsatdi.

308-maktab sinfxonalaridagi termometrdan olingan suratlar kollaji / Foto: Kun.uz

“Sinfxonalarda “kurtka”da o‘tiramiz”, “xonalarimiz ozgina sovuq, lekin yaxshi”, “maktab uyimdan issiq, bu yerga kelsam mazza qilaman”, “bizning sinfxonamiz issiq, qolgan xonalar sovuq”, – degan o‘quvchilar ham bo‘ldi.

Umuman olganda, biz borgan maktablarning ahvoli yomon emas, ammo yaxshi ham deb bo‘lmaydi. Anchadan beri kuzatilmagan sovuq mamlakatning kuz-qishga tayyor bo‘lmayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Oqibatda ijtimoiy soha vakillari qiynalishiga to‘g‘ri kelyapti. Hozirda oflayn ta’limga o‘tgan ba’zi maktablarning o‘qituvchilari isituvchi qurilmalar olib kelishga majburlanayotgani ham kuzatilmoqda.

O‘qituvchilardan isitish qurilmalarini olib kelish talab qilgan holatlar isboti 
O‘qituvchilardan isitish qurilmalarini olib kelish talab qilgani haqidagi xabar / Foto: Kun.uz

Buning ustiga maktablarning buyruqbozlik bo‘g‘iniga aylangani ham sohalarda ko‘p islohotlar qilinishi kerakligini eslatmoqda.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Tasvirchi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid