Jahon | 11:53 / 27.01.2023
13138
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya TIV hazil uchun afrikaliklardan uzr so‘rashga majbur bo‘ldi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrovning Janubiy Afrikaga tashrifi chog‘ida Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Twitter'da e’lon qilgan «qoplon» emodzisi bilan qilingan hazil Afrika qit’asida shu qadar g‘azabga sabab bo‘ldiki, Berlin uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.

Foto: Daniel Kalker/picture alliance

Germaniya tashqi ishlar vazirligi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Janubiy Afrika Respublikasiga tashrifi chog‘ida Germaniya TIVning Twitter'ida paydo bo‘lgan qo‘pol hazil uchun afrikaliklardan uzr so‘rashga majbur bo‘ldi. «Biz tushunamiz va uzr so‘raymiz. Afrikalik hamkorlarimizni qadrlaymiz», deb yozdi Germaniya TIV 26 yanvar, payshanba kuni Twitter'da.

Afrika qit’asidagi g‘azab bo‘roniga 24 yanvar kuni Twitter'da Germaniya TIVning ingliz tilidagi blogida paydo bo‘lgan xabar sabab bo‘ldi: «Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrov Afrikaga «qoplon»ni ko‘rish uchun emas, balki Ukrainaning sheriklari «hamma ruscha narsani yo‘q qilishni xohlashini» to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’kidlash uchun bo‘lib turibdi». «Qoplon» so‘zi emodzi yordamida tasvirlangan. Bundan tashqari, idora matbuot xizmati Rossiya da’volari uchun dalillar ro‘yxatini taqdim etishga va’da berdi - faqat keyin: «Ularning o‘zi yo‘q» deb xulosa chiqarishga.

O‘sha kuni kechqurun Afrika Ittifoqi raisining rasmiy vakili Ebba Kalondo Twitter orqali Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga savol bilan murojaat qildi: «Afrika odamlari va hayvonlari sizning hazillaringiz mavzusimi?» U yaqinda Efiopiyaga tashrif buyurgan Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok u yerga hayvonlarni ko‘rish uchun kelmaganini esladi.

«Afrika - bu safari o‘tkazish qit’asidan ko‘ra ko‘proq», deya afrikalik foydalanuvchilarning ko‘plab javoblari Germaniya Tashqi ishlar vazirligi xabarida paydo bo‘ldi. Ba’zilar Berlindagi vazirlikning bu hazilini «diplomatik fiasko» deb baholagan.

«Geosiyosiy ball olish uchun dahshatli stereotiplarni tarqatish orqali Germaniya do‘stlar orttirmaydi», deb yozdi Amerika Karnegi fondining Afrika dasturi direktori Zaynab Usmon.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi qoplon bilan chiqqan xabar hech kimni xafa qilish niyatida bo‘lmaganini tezda ma’lum qildi. Tushuntirilishicha, «qoplon» emodzisi bir nechta Yevropa mamlakatlari tomonidan Ukrainaga yetkazib beriladigan nemis Leopard jangovar tanklarini anglatadi. «Biz Rossiyaning Ukrainaga qarshi imperialistik bosqinchilik urushini oqlash uchun ishlatayotgan yolg‘onlarini fosh qilmoqchi edik», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Bunga Kalondo javob yozdi: «Uzr so‘ramang. Faqat ehtiyot bo‘ling. Biz sizni hurmat qilgandek, bizni ham hurmat qiling».

Mavzuga oid