«Qatargeyt» korrupsiya ishi bo‘yicha ikki yevrodeputat qo‘lga olindi
Parlament a’zolari Yevroparlamentdagi mamlakatlar pozitsiyalarini qo‘llab-quvvatlash evaziga Qatar va Marokashdan pora olganlikda gumon qilinmoqda.
Yevroparlamentning ikki deputati Yevroparlament qarorlariga ta’sir o‘tkazish maqsadida Qatardan pora olayotgani bo‘yicha «Qatargeyt» korrupsion tekshiruvi doirasida qo‘lga olindi. Bu haqda 10 fevral, juma kuni kechqurun dpa axborot agentligi xabar berdi.
Belgiya politsiyasi Mark Tarabellani hibsga oldi. Deputatning ishxonasi va turar joyida tintuvlar o‘tkazildi. Andrea Kotssolino Italiyada ushlandi. Bu Kotssolino davolanayotgan Neapoldagi kasalxonadan chiqishda sodir bo‘ldi. Uning idorasi ham tintuv qilingan.
Ikkala deputat ham qandaydir «uchinchi davlat»dan pora olganlikda gumon qilinmoqda. OAV xabarlariga ko‘ra, gap Qatar haqida, Kotssolino masalasida esa Marokash haqida ketmoqda. Fevral oyi boshida ikkala siyosatchi ham tergov munosabati bilan deputatlik daxlsizligidan mahrum qilindi va Yevroparlamentdagi sotsial-demokratlar guruhidan chiqarib yuborildi.
Mark Tarabella ikki yil davomida jami 120 000 dan 140 000 yevrogacha pul olish evaziga uchinchi davlat foydasiga Yevroparlamentdagi ma’lum pozitsiyani qo‘llab-quvvatlaganlikda gumon qilinmoqda, deyiladi Yevroparlament hisobotida.
O‘z navbatida, Andrea Kotssolino, tergovga ko‘ra, pul mukofoti uchun «Yevropa parlamentida muhokamalar va qabul qilingan qarorlarga ta’sir ko‘rsatishda bir yoki bir nechta xorijiy davlatlarning aralashuvi natijasida yuzaga keladigan korrupsiya harakatlariga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin». Tarabella ham, Kotssolino ham o‘z aybini inkor etdi.
Yevroparlamentdagi korrupsiya mojarosi o‘tgan yilning dekabr oyida boshlangan. Uning markazida YeP vitse-prezidenti Yeva Kayli edi. U va yana besh kishi 9 dekabr kuni Bryusselda qo‘lga olingan. Ulardan ikki nafari keyinchalik qo‘yib yuborilgan. Belgiya prokuraturasi Qatar ular orqali «katta miqdordagi pul va sovg‘alar yordamida Yevroparlament qarorlariga ta’sir o‘tkazishga» uringanlikda gumon qilmoqda. Rasmiy Doha barcha ayblovlarni rad etadi.
Yevroparlamentda Kayli Qatardagi vaziyatni tahlil qilgan guruhda ishlagan. Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida bu davlat Osiyo va Afrikadan kelgan mehnat muhojirlari huquqlarini keng miqyosda buzganlikda ayblangan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, turnir boshlanishidan biroz oldin Kayli Qatar mehnat vaziri Ali bin Samih Al-Marri bilan uchrashgan.
Shundan so‘ng u Yevroparlamentda so‘zga chiqib, Qatardagi mehnat bozori islohotiga ijobiy baho berib, uni «arab dunyosini ilhomlantirdi», mamlakatning o‘zini esa «ishchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ilg‘or davlat» deb atadi. Kayli va ishdagi boshqa ayblanuvchilar jinoiy tashkilotga aloqadorlik, pul yuvish va korrupsiyada ayblanmoqda. Tintuvlar chog‘ida ish bo‘yicha ayblanuvchilardan 1,5 million yevro musodara qilingan.
Mavzuga oid
11:45 / 21.12.2024
Yevroparlamentda O‘zbekistonga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ochildi
15:51 / 29.11.2024
Yevroparlament Gurjistonda yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi
13:28 / 21.11.2024
Yevroparlament 27 noyabr kuni yevrokomissarlikka nomzodlarni tasdiqlaydi
09:10 / 05.11.2024