75 ta o‘tov, mingta konteyner va harbiy chodirlar – qardosh xalqlar Turkiyaga yordam berishda davom etmoqda
Turkiy davlatlar qardosh Turkiyaning zilziladan jabrlangan hududlariga insonparvarlik yordami yuborish bilangina cheklanib qolmayapti. Xususan, Qahramonmarashda qirg‘izistonliklar 70 dan ortiq chodir o‘rnatmoqda. Ozarlar Adiyamanda 1000 ta konteyner shaharcha qurishga kirishgan bo‘lsa, o‘zbeklar Xatay viloyatida harbiy chodirlar o‘rnatib, jarohatlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatmoqda.
Turkiyaning zilziladan jabrlangan Qahramonmarash shahrida Qirg‘izistondan maxsus samolyotda olib kelingan 75 ta o‘tov – chodir-uylar joylashtirildi.
Jabrlanganlarni vaqtincha saqlash uchun mo‘ljallangan chodirlarni o‘rnatishda Turkiyadagi qirg‘iz diasporasi va talabalar faol yordamlashmoqda.
Ozarboyjon esa Turkiya janubi-sharqidagi Adiyaman shahrida 1000 konteyner shaharcha quradi.
Ozarboyjon va Turkiya ishbilarmonlar va sanoatchilar uyushmasi rahbari Husayn Buyukfiratga ko‘ra, konteyner shaharchalarini o‘rnatish rejasi ustida hozirdanoq ish olib borilmoqda. Birinchi bosqichda Adiyamanda 1000 konteyner shaharcha quriladi.
Ayni vaqtda zilziladan jabrlangan Xatay viloyati Ovakent mahallasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy chodirlar o‘rnatilgan. Bu yerda 70 dan ortiq harbiy shifokor jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, barcha turkiy davlatlar tabiiy ofatdan so‘ng zilzila bo‘lgan hududlarga o‘z qutqaruvchilarini yubordi. Shuningdek, gumanitar yordamlar tinmayapti.
Eslatib o‘tamiz, 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida 2 marotaba magnitudasi yetti balldan ortiq bo‘lgan kuchli zilzilalar sodir bo‘ldi. Bugunga kelib, dahshatli zilzila qurbonlari soni 31,6 ming kishidan oshgan, jarohatlanganlar esa 100 ming kishidan oshib ketdi.
Mavzuga oid
00:45
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
17:52 / 17.12.2024
WSJ: AQSh Suriya chegarasida turk qo‘shinlari to‘planayotganidan xavotirda
18:39 / 14.12.2024
Turkiya AQShdan Gazprombankka qarshi sanksiyalarni yumshatishni so‘radi
18:23 / 09.12.2024