Jahon | 11:09 / 16.02.2023
9741
4 daqiqa o‘qiladi

Myunxen konferensiyasi-2023: Ukraina bo‘yicha nimalar kutilyapti?

Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarining bir yilligiga to‘g‘ri kelyapti. Ochilishda Volodimir Zelenskiy so‘zga chiqadi, asosiy mavzular Kiyevga yordam va yangi dunyoda G‘arbning o‘rni bo‘ladi.

Volodimir Zelenskiy 2022 yilgi konferensiyada / Foto: MSC

17 fevral, juma kuni ochiladigan va 19 fevralgacha davom etadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasining ahamiyatini ortiqcha baholab bo‘lmaydi. G‘arbning tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati bo‘yicha asosiy forumi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining bir yilligiga sanoqli kunlar qolganida bo‘lib o‘tadi. O‘nlab davlat rahbarlari, siyosatchilar, harbiylar, diplomatlar va ekspertlar Bayerischer Hof («Bavariya saroyi») va boshqa joylarda to‘planib, dunyodagi vaziyatni muhokama qiladi. Bu konferensiya uning yangi raisi, Germaniya sobiq kansleri Angela Merkelning maslahatchisi va Germaniyaning BMTdagi missiyasi sobiq rahbari Kristof Xoysgenning o‘ziga xos premerasi bo‘ladi.

Xoysgen Ukrainadagi vaziyatdan yaxshi xabardor, u 2015 yilda Minskda Donbass bo‘yicha muzokaralar ishtirokchisi bo‘lgan. O‘zidan oldingi rais Volfgang Ishingerdan farqli o‘laroq, forumning amaldagi rahbari Rossiyani ko‘proq tanqid qiladi va Kiyevning NATO davlatlaridan jangovar samolyotlar so‘rashini qo‘llab-quvvatlaydi. Germaniya hukumati bu hali muhokama qilinmaganligini aytdi. 

Ukrainadagi urush birinchi daqiqalardan Myunxen konferensiyasining asosiy mavzusi bo‘ladi. Forumni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ochadi, u video-aloqa orqali so‘zlashi va savollarga javob berishi kutilmoqda. O‘tgan yillarda Zelenskiy o‘zidan oldingilar singari Myunxenga shaxsan kelgan.

Shundan so‘ng Germaniya kansleri Olaf Shols, keyin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. Bu yangi holat, bunday siyosatchilar odatda shanba kuni chiqish qilgan.

Shols uchun bu hukumat rahbari sifatidagi ikkinchi Myunxen konferensiyasidir, ammo bu uning uchun ayniqsa G‘arbning Kiyevga harbiy yordami, shu jumladan nemis «Leopard 2» tanklari berishi va Berlinning Yevropada xavfsizlikni ta’minlashda faolroq bo‘lish istagi haqidagi bayonotlari fonida juda muhimdir. Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng, Shols Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishda sukut saqlagani uchun tanqid qilindi. Bugungi kunda Germaniya bu borada dunyoning yetakchi uch davlatidan biri hisoblanadi. 

Kutilishicha, shanba kuni asosiy e’tibor AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris va Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunakning nutqlariga qaratiladi. Ularning mamlakatlari Ukrainaga asosiy qurol yetkazib beruvchilardir, bir yil avval ular Kiyevni yaqinlashib kelayotgan hujum haqida ogohlantirgan va Ukrainaga birinchi zarbani qaytarishga yordam bergan ta’minot jarayonini boshlab bergan. 

Bundan tashqari, forumning ikkinchi kunida Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba germaniyalik va amerikalik hamkasblari – Annalena Berbok hamda Entoni Blinken bilan bo‘lib o‘tadigan muhokamada ishtirok etadi. Ukraina konferensiyada forum tarixidagi ehtimol eng yirik delegatsiya, jumladan mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov va boshqa siyosatchilar bilan ishtirok etmoqda. 

2022 yildagi kabi Rossiya hukumati delegatsiyasi bo‘lmaydi. Ilgari uni an’anaviy tarzda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshqargan. Bu gal forumga rekord miqdordagi rossiyalik muxolifatchi va faollar taklif etilgan - Garri Kasparov va Mixail Xodorkovskiydan tortib Dmitriy Gudkov, Vladimir Milov, Yuliya Navalnaya va Janna Nemsovagacha. Shanba oqshomida Rossiyaning kelajagi haqidagi munozara rejalashtirilgan. 

Myunxen konferensiyasida qarorlar qabul qilinmaydi, bu muhokama forumi, ammo bu safar ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tadi. 

Mavzuga oid