Jahon | 00:05 / 24.02.2023
32419
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistondagi zilzila Sarez ko‘liga zarar yetkazmagani haqida xabar berildi

Kun davomida sodir bo‘lgan bir qancha zilzilalar Sarez ko‘lida toshqin xavfini yuzaga keltirmadi.

Foto: mfa.tj

23 fevral kuni Tojikistonda bir nechta zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot markazi rahbari Umida Yusufiy Aziya-Plyus nashriga xabar berdi.

«Birinchi silkinishlar mahalliy vaqt bilan soat 5:37 da sodir bo‘lgan, zilzila episentri Murg‘ob tumani markazidan 67 kilometr g‘arbda, Tojikiston sharqida, Dushanbe shahridan 400 kilometr janubi-sharqda va Sarez ko‘lidan 30 kilometr sharqda joylashgan. 20,5 km chuqurlikda bo‘lgan zilzila markazida magnituda 6,8 ballni tashkil etdi», dedi u.

Shundan so‘ng zilzilalar yana takrorlangan. Jumladan 1 soat 20 daqiqa ichida 5 marta yer silkingan. Qayd etilgan magnitudalar 4,5 – 5 ball bo‘lgan. Keyinchalik, soat 11:50 da 4,5 ball magnitudali yana bir zilzila sodir bo‘lgan, soat 13:01 da silkinish takrorlangan, bu gal 4,7, magnituda bilan.

Yusufiyning so‘zlariga ko‘ra, zilzilalar episentri tog‘li hududlarda va Murg‘ob viloyati markazi bilan Sarez ko‘li oralig‘idagi odam yashamaydigan hududda bo‘lgan.

«Sarez ko‘lida kuzatuv va erta ogohlantirish tizimi me’yorida ishlamoqda. O‘zgaruvchanlik va o‘zgarishlar qayd etilmagan. Ko‘lga suv kelishi va uning oqimi o‘zgarishsiz qoldi», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil may oyida O‘zbekistonda Tojikiston hududidagi Sarez ko‘li dambasining yorilishi oqibatida suv toshqini xavfi yuzaga kelganda aholini shartli evakuatsiya qilish bo‘yicha o‘quv mashqlari o‘tkazilgan edi.

Mavzuga oid