Jamiyat | 21:16 / 06.03.2023
41682
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda fuqarolarga zo‘rlik ishlatib ulardan pul talab qilib kelgan sportchilardan iborat jinoiy guruh ushlandi

Fuqarolarni tunagan va ularga nisbatan tovlamachilik qilish bilan shug‘ullanib kelgan guruhga 25-30 yoshlar atrofida bo‘lgan ayol boshchilik qilgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 22 yoshli yigit viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilib, o‘ziga nisbatan tovlamachilik qilayotgan shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Uning arizasiga ko‘ra, Jomboy tumanida yashovchi 25-30 yoshlardagi ayol odamlarning ishonchiga kirib, shahvoniy uydirmalar uyushtirgan. 2-3 nafar sportchi yigitlardan iborat jinoiy guruh tuzib, fuqarolarni qo‘rqitib yalang‘och holda tasvirlarga tushirgan va ulardan tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilib kelgan.

Mazkur guruh murojaatchi yigitni ham shantaj qilib, undan yozgan tilxati, haydovchilik guvohnomasi va avtomashinasi texpasportini qaytarib olishi evaziga 1 500 dollar so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan Samarqand viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda ayol hamda uning sheriklari jabrlanuvchi yigitdan 1 500 dollar olib, uning qarzdorlik tilxati, haydovchilik guvohnomasi va texpasportini qaytarib berayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Dastlabki surishtiruvda ayolning jinoiy sheriklari sportning turli yakkakurash turlari bilan shug‘ullangan sportchilar bo‘lib, ular boshqa ko‘plab jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid