Jahon | 15:37 / 15.03.2023
4860
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro faollar rossiyalik oligarxlarga qarshi sanksiyalarni saqlab qolishga chaqirdi

Ukrainalik va xalqaro faollar kremlparast oligarxlarga nisbatan sanksiyalar bekor qilinganidan norozi. Ular Yevropa Ittifoqi va Britaniyani rossiyalik magnatlarning o‘z obro‘sini saqlab qolishga qaratilgan urinishlarini to‘xtatishga chaqirdi.

Foto: AP

Ukrainalik va xalqaro faollar Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyani rossiyalik oligarxlarning o‘z obro‘sini saqlab qolishga qaratilgan va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishga erishishga urinishlarini to‘xtatishga chaqirdi. «Biz, Ukraina va xalqaro fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralari vakillari, yaqinda Kremlga yaqin shaxslar va ular bilan aloqadorlarga nisbatan sanksiyalar bekor qilinganidan, shuningdek, ayrim kremligarxlarni sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlash va ularning obro‘sini saqlab qolishga qaratilgan urinishlardan g‘azabdamiz», — deyiladi o‘nlab ukrainalik va bir qancha xalqaro faollar tomonidan imzolangan hamda 15 mart, chorshanba kuni chop etilgan bayonotda.

Hujjatda qayd etilishicha, 1 mart kuni Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi (KKJ) raisi Leonid Volkov boshqa rossiyalik magnatlarni Putin bilan aloqani uzishga rag‘batlantirish uchun Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaga o‘zi maqbul deb hisoblagan kremligarxlarga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni taklif etgan. «Sanksiyalar faqat chiqish strategiyasi mavjud bo‘lganda samarali bo‘ladi» va urushni qoralayotgan oligarxlarga «aniq variant berilishi kerak - buni va buni qiling va sanksiyalar bekor qilinadi», deb ta’kidladi Volkov. 

Navalniyning ittifoqchisi milliarder Mixail Fridman va uning Alfa-Bankdagi sheriklarini sanksiyalarni yumshatishga nomzod sifatida taklif qildi, chunki ular, uning fikricha, rejimga aloqasi yo‘q va uning jinoyatlari uchun javobgar bo‘lmasligi kerak. 

«Yaratilgan tuzum genotsid sodir etayotgan bir paytda biz bunday taklif va bayonotlarni nomaqbul, ma’naviy-siyosiy jihatdan nopok, deb hisoblaymiz», deb ta’kidlagan murojaat mualliflari. 

«Ukraina va uning G‘arbdagi ittifoqchilari rossiyalik oligarxlardan qarzdor emas, aksincha, biz to‘liq tovon to‘lashni kutmoqdamiz. Agar oligarxlar chiqish strategiyasini xohlasa, ular buni hozirda mavjud guvohlarni himoya qilish dasturlari yoki Kreml bilan o‘nlab yillar davomida sodir etib kelgan jinoyatlaridan qonuniy yo‘l bilan qutulishning boshqa usullari orqali amalga oshirishlari mumkin», - deydi faollar. Ularning ta’kidlashicha, «obro‘-e’tiborni saqlab qolish va homiylar uchun «qo‘shimcha istisnolar» olish uchun qilingan bu urinish korrupsiyaga qarshi faoliyat niqobi ostida oligarxlar lobbichisi sifatida faoliyat yuritayotganlarni obro‘sizlantirishdan boshqa hech narsa keltirmaydi».

Murojaatni imzolaganlar Yevropa Ittifoqi Kengashi, Yevropa Sudi, Buyuk Britaniya hukumati va boshqa barcha Yevropa Ittifoqi/Buyuk Britaniya institutlarini Alfa-Bankdan bo‘lgan kremligarxlar va Putinning barcha yaqin sheriklariga qarshi sanksiyalarni urush tugaguniga qadar davom ettirishga chaqirdi. Bunda, Ukrainaga tovon puli to‘lash, rossiyalik oligarxlarning jinoyatlari haqida ko‘proq ma’lumot e’lon qilish, muzlatilgan aktivlarning aniq miqdorini oshkor qilish va Kiyevning mudofaa va tiklash sohasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun oligarxlar tomonidan tovon undirilishini tezlashtirish zarur bo‘ladi. 

Mavzuga oid