O‘zbekiston | 14:21 / 06.04.2023
14934
2 daqiqa o‘qiladi

Abdurasul Abdullayev: «Zakovat» uchun bitta zal berishlarini 22 yil kutdim»

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlarga bag‘ishlangan «Zakovat Quiz» o‘yinida «Zakovat» teleo‘yini boshlovchisi Abdurasul Abdullayev so‘zga chiqib, mashg‘ulot o‘yinlarini o‘tkazish uchun kattaroq zal berilishini yillab kutgani, bitta xonada 45ta jamoa o‘ynagan vaqtlar bo‘lgani haqida gapirdi.

5 aprel kuni Toshkent shahrida Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlarga bag‘ishlangan «Zakovat Quiz» o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda «Zakovat» teleo‘yini boshlovchisi Abdurasul Abdullayev ham so‘zga chiqib, o‘yinni rivojlantirish uchun boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklar haqida gapirdi.

«22 yil oldin bitta xonamiz bo‘lar edi. 15-16 guruh zo‘rg‘a sig‘ardi. Shu xonaga 45ta jamoa yig‘ilardi. 15ta jamoa tikka turib o‘ynardi. Sharoit nol edi. «Zakovat»da ekranga chiqib yuradigan mashhur bilimdonlarga ham joy yo‘q edi. Chunki kim vaqtli kelsa, o‘tirib olardi. 3 soat oldin kelib joy olib qo‘yishardi.

O‘sha paytda Oliy ta’lim vazirligi eshigini buzganman. Pul, sovg‘a yoki homiylik emas, haftasiga bor-yo‘g‘i 3 soat shug‘ullanish uchun kattaroq zal qilib berishlarini so‘raganman. Ular meni zal qilib berishga ishontirib, qaytarib yuborishardi. 1 oy, 3 oy, yarim yil kutardim. Keyin Farmonbibining keliniga o‘xshab «chuchvarani xom sanaganim»ni bilganman. Kutib-kutib, bugun shu kunlarga yetib keldik.

Mana prezidentimiz va’da qilganidek, shu binoga ega bo‘ldik. Bu ish hali debocha. Bizga «Yangi O‘zbekiston» bog‘idan ham 3 gektar yer ajratib berilishi va «Zakovat shaharchasi» qurilishi ham aytilgan. Ana shu kunlarga ham oz fursatlar qoldi», – dedi Abdullayev.

Abdurasul Abdullayev konstitutsiyaviy islohotlarga befarq emasligini ta’kidlab, jamoatchilikni referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Mavzuga oid