Amerikaning “yuragi” – Vashingtondan fotojamlanma
Xizmat safari bilan AQShda bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri Vashingtonda bo‘lib, diqqatga sazovor nuqtalardan fotojamlanma tayyorladi. Gilos gullagan mavsumda Kolumbiya okrugi yanada chiroy ochgan. Shahardagi ko‘plab davlat tashkilotlari – Oq uydan Kongress binosigacha xalq mulki bo‘lib, bemalol kirish va rasmga olish mumkin.
Amerika Qo‘shma shtatlarining poytaxti – Vashington shahrining rasmiy nomi Kolumbiya okrugi hisoblanadi. Shaharni shu nomdagi boshqa shtatdan ajratish uchun amerikaliklar qisqa qilib DC (District of Columbia) deyishadi. Vashington deyilganda esa odatda mamlakat shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan eng yashil shtatlardan biri Vashington shtati nazarda tutiladi.
AQShning ilk prezidenti – Jorj Vashington nomi berilgan poytaxtga 1791 yilda asos solingan. Vashington shahri AQShning 50 ta shtatlari birortasi tarkibiga kirmaydi, maydoni 177 km/kv, aholisi esa bor-yo‘g‘i 700 ming atrofida. Lekin haftaning ish kunlarida bu yerdagi ofislarga kelib ishlovchilar tufayli aholi soni 1 millionga yaqinlashadi.
O‘z-o‘zidan, bu yerda AQShning eng muhim davlat tashkilotlari joylashgan.
Dastlab AQSh parlamenti – Kongress joylashgan bino Kapitoliyga bordik. Bu yerda zamonaviy demokratiyaning asosi hisoblagan, mustaqil xalq vakillari o‘tiradi.
Kongress joylashgan bino Kapitoliy deb nomlanib, 1800 yilda qurib bitkazilgan, lekin keyinchalik bir necha marta kengaytirilgan. AQSh Kongressining ikkala palatasi – vakillar ham, senatorlar ham o‘z faoliyatini shu yerda olib boradi.
AQShda joylashgan barcha davlat idoralari binolari xalq mulki (public building) hisoblanib, u yerga bemalol kirish va suratga olish mumkin. Albatta, oldindan ro‘yxatdan o‘tgan va kongresmenlarning faoliyatiga xalaqit qilmagan holda.
Parlament binosining to‘g‘risida Kongress kutubxonasi joylashgan. Kutubxonaga 1800 yilda asos solingan va u AQShning bosh kutubxonasi ham hisoblanadi. Kongress kutubxonasi deyilishiga sabab, dastlab undan faqat prezident va kongresmenlar foydalanishi mumkin bo‘lgan. 740 ta kitob va 3 ta xarita bilan ochilgan kutubxona bugunga kelib 160 milliondan ortiq, 450 ta tildagi kitob, qo‘lyozma, gazeta, ilmiy va tarixiy manbalarga ega.
Har yili milliondan ortiq kitob va qo‘lyozmalar bilan boyiyotgan ushbu maskan ayni vaqtda dunyoning eng katta kutubxonasi hisoblanadi.
Kutubxona – AQSh Kongresining rasmiy bir bo‘limi hisoblanib, unda alohida Kogress uchun hisobot va tahlillar tayyorlaydigan mutaxassislar ham ishlaydi.
Kongress kutubxonasining 3 ta asosiy yirik binolar yonma-yon joylashgan va bir-birlari bilan yer osti tunnellari yordamida ulangan.
Kongress yaqinida AQSh Oliy sudi ham joylashgan. Oliy sud binosi nisbatan yosh – 1935 yilda qurib bitkazilgan. Bunga qadar sudyalar Kapitoliy va boshqa binolarda o‘tirgan.
AQSh Oliy sudida 9 nafar sudya bo‘lib, ular Senatning roziligi bilan prezident tomonidan bir umrga tayinlanadi. AQShda 1803 yildan barcha normativ hujjatlarning Konstitutsiyaga mos yoki mos emasligiga baho berish funksiyasi Oliy sudga berilgan.
Keyingi manzilimiz – dunyoga mashhur Oq uy – AQSh prezidentlarining rasmiy qarorgohi bo‘ldi. Biz tashrif buyurgan kunda Jahon demokratiya sammiti tufayli Oq uy atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan va binoga yaqinlashish uchun masofa bir necha metrga uzoqlashtirilgan edi. Bino atrofida doimgiday turli namoyishlar davom etmoqda.
Oq uy ham boshqa davlat idoralari kabi amerikaliklar uchun ochiq. Chet el fuqarolari esa o‘zlarining AQShdagi elchilari orqaligina Oq uyga kirishi mumkin.
Oq uy 1792-1800 yillarda qurilgan bo‘lib, balandligi 21 metrni tashkil qiladi. Undan AQShning 2-prezidenti Jon Adamsdan boshlab barcha yetakchilari rasmiy rezidensiya sifatida foydalanadi. Shuningdek, binoning bir qismida AQSh prezidentlari oilasi bilan birga yashaydi.
Binoga Oq uy nomi 1901 yilda Teodor Ruzvelt tomonidan berilgan. OAV Oq uy atamasini AQSh prezidentining administratsiyasi ma’nosida ishlatadi.
Oq uyning to‘g‘risida Vashington monumenti joylashgan. Monument 1844-1885 yillarda Jorj Vashington xotirasi uchun bunyod etilgan. Xayriyalar hisobiga qurilgan binoning balandligi 169 metr, og‘irligi esa 91 ming tonna.
Bundan tashqari, AQSh poytaxtida juda ko‘plab diqqatga sazovor inshootlar joylashgan. Bular qatoriga bir-biriga yaqin masofadagi Avraam Linkoln va Ikkinchi jahon urushi monumentlarini keltirish mumkin.
II jahon urushi monumenti 2004 yilda ochilgan. Monument markazida suv havzasi va ikki tarafda 56 ta ustunlar joylashgan. Shuningdek, bu yerda II jahon urushida halok bo‘lgan amerikalik askarlar sharafiga 4 ming yulduz qadalgan. Har bir yulduz jahon urushida yuz nafar amerikalik askar vafot etganini bildiradi.
Mamlakatda qulchilik rasman bekor qilinishi ortidan boshlangan fuqarolar urushida davomida yorqin iz qoldirgan, AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln sharafiga ham juda yirik monument barpo etilgan.
Bundan tashqari, Vashington shahri – bahor oylari gullaydigan, Yaponiyadan olib kelingan gilos va sakuralari bilan ham mashhur.
Aslida tadbirkorlar tomonidan Amerikaga olib kelingan mevalar, keyinchalik yaponiyalik amaldorlarning sovg‘alari tufayli poytaxtda ham, boshqa shtatlarda ham ancha ko‘paygan. Shuningdek, AQShda har yili bu daraxtlar gullagan davrda festivallar o‘tkaziladi.
Vashington, bundan tashqari dunyoning eng ko‘p elchixonalari joylashgan poytaxt hamdir.
Katta maydonni egallagan Rossiya elchixonasi oldidagi ko‘plab uylarda Ukraina bayrog‘i va urushni qoralovchi shiorlar ilingan.
Albatta, bir necha kunlik safar – Vashington kabi kichikroq hududlarni ham to‘liq aylanib chiqish va tanishtirishga kamlik qiladi. Qo‘shma shtatlarga safarimiz davomida tayyorlagan ko‘rsatuv va reportajlarimiz sahifalarimizda kuzatib boring.
Farrux Absattarov
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17 / 23.12.2024