O‘zbekiston | 13:42 / 06.04.2023
45044
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning barcha shaharlarida tezlik 60 km/soatgacha cheklandi

Yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgarishga asosan, 5 apreldan boshlab O‘zbekistonning barcha shaharlarida transport vositalarining ruxsat etilgan maksimal tezligi 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirildi.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining 3 apreldagi qaroriga asosan, Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgarish kiritildi.

Qoidalarning 78-bandi quyidagicha tahrirga o‘tkazildi:

“Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar va tumanlarning markazlarida, shuningdek shaharlar hududlarida transport vositalarining tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi”.

Avvalgi qoidaga ko‘ra, aholi punktlarida maksimal harakatlanish tezligi yengil avtomobillar uchun 70 km/soat edi.

Jamoatchilik faollari bu tezlik aholi punktlari uchun juda yuqori ekani, YTHlar va buning oqibatidagi o‘limlar soni haddan tashqari ko‘pligida tezlikning ham o‘rni borligi, dunyo tajribasida shaharlardagi maksimal tezlik 60, 50, hatto 30-40 km/soatgacha cheklanganini aytib kelayotgan edi.

Rasmiylar tezlikni tushirish haqida bir necha yildan beri gapirib kelayotgan, lekin bu amalga oshmay qolayotgandi. Nihoyat, bu – 2023 yilgi davlat dasturiga kiritildi. Dasturda 1 apreldan boshlab Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar va tumanlar markazlarida tezlikni 60 km/soatgacha tushirish belgilangandi. E’tiborlisi, yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan o‘zgarish bilan nafaqat asosiy shaharlar, umuman respublikaning barcha shaharlarida ruxsat etilgan tezlik pasaytirilgan.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati shaharlardagi radarlar va kameralar yangi talab bo‘yicha qoidabuzarliklarni qayd etishni boshlagani yoki qachondan boshlashi bo‘yicha hozircha ma’lumot bermadi.

Mavzuga oid