Jahon | 15:38 / 08.04.2023
6233
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya COVID-19 bilan bog‘liq oxirgi cheklovni bekor qildi

Germaniyada 8 apreldan boshlab tibbiy amaliyotlar, klinikalar va qariyalar uylariga tashrif buyuruvchilar uchun niqob taqish majburiy bo‘lmaydi. Shu tariqa, SARS-CoV-2’ga qarshi kurash bo‘yicha so‘nggi chora bekor qilindi. 

Foto: AP

Germaniyada pandemiya boshlanganidan deyarli uch yil o‘tib, COVID-19’ga qarshi kurash bo‘yicha so‘nggi umummilliy cheklov bekor qilindi. 8 aprel, shanba kunidan boshlab tibbiy amaliyotlar, klinikalar va qariyalar uylariga tashrif buyuruvchilarning niqob kiyish majburiyligi to‘xtatildi, deb xabar berdi dpa agentligi.

Ilgari boshqa cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilingandi. Xususan, 2 fevral kuni jamoat transportida niqob taqish bekor bo‘ldi. 

«Ittifoq-90»/«Yashillar» koalitsiya hukumatining sog‘liqni saqlash bo‘yicha eksperti Yanosh Dahmen shunday dedi: «Biroq pandemiyadan himoya qilish talablarining bekor qilinishi koronavirus tugashini anglatmaydi». «Vaziyatni ehtiyotkorlik va sinchkovlik bilan kuzatish kelajakda infeksiyani nazorat qilish siyosatining muhim qismi bo‘lib qoladi», deya qo‘shimcha qildi u. 

«Biz Germaniyada pandemiya bilan yaxshi, muvaffaqiyatli kurashdik», dedi Federal sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax 5 aprel kuni Berlinda SARS-CoV-2’ga qarshi kurash bo‘yicha choralarni rasman to‘xtatib. 

Lauterbax o‘z nutqida hokimiyatning xatti-harakatlari bo‘yicha tanqidni rad etdi. Vazir so‘zlariga ko‘ra, umuman olganda, pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi ishlagan hamda aynan «aqlli odamlar va Germaniyada yordam berishga uringanlar qiyinchiliklarni yengib o‘tdi». Shunga qaramay, bir qator choralar ko‘rish ortiqcha edi, dedi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablarda bunday uzoq tanaffus qilishning keragi yo‘q edi.

AQSh prezidenti Jo Bayden 2022 yil sentabrida koronavirus ustidan g‘alaba qozonilganini e’lon qildi. COVID-19 pandemiyasi tugagan deb hisoblash mumkin, dedi u. «Bizda hali ham kovid bilan bog‘liq muammolar bor, biz buning ustida ishlayapmiz. Ammo pandemiya tugadi. E’tibor bersangiz, hech kim niqob taqmayapti. Hamma juda yaxshi holatda», dedi u CBS’ga intervyusida. 

Mavzuga oid