Ukrainalik asirlar qatli aks etgan videolar tarqaldi: bu haqda nimalar ma’lum?
18+ Diqqat: matnda qotillikning dahshatga soluvchi tafsilotlari mavjud.
Internetda boshi kesilgan harbiy xizmatchilarning dahshatli videolari paydo bo‘ldi. Katta ehtimol bilan, ular ukrainalik. Taxminlarga ko‘ra, bu vahshiy qotilliklar Rossiya harbiylari tomonidan sodir etilgan. Ikki video ham ochiq manbalarda mavjud, tahririyat axloqiy sabablarga ko‘ra ularga havola bermaydi.
Birinchi bir yarim daqiqalik videoda oq lentali (odatda Ukrainadagi rus harbiylari tomonidan identifikatsiya uchun ishlatiladi) va niqob taqqan harbiy kiyimdagi odamlar Ukraina nishoni tushirilgan formadagi tirik odamning boshini kesib tashlagan.
Videoda rus harbiylaridan biri ratsiya orqali muzokaralar olib borgan va ikkinchisiga (pichoq bilan qotillik qilganga) ko‘rsatmalar bergan. Suhbat rus tilida olib borilgan.
Yerda yotgan sariq lentali formadagi (urush davrida bunday lentalardan Ukraina harbiylari foydalanmoqda) erkak qichqirib, rahm-shafqat so‘ragan: «Og‘riyapti! Kerakmas!» Yaqin atrofdagi odamlar pichoqli qotilni olqishlagan.
Keyin video ishtirokchilari kameraga Ukraina nishonlari tushirilgan zirhli nimchani ko‘rsatadi, shundan so‘ng: «Sumkaga *****. Komandirga yuborilsin» degan ibora yangraydi.
Videoning haqiqiyligi hali rasman tasdiqlanmagan. Videoda yorqin yashil barglar ko‘ringan, shuning uchun bu videoyozuv o‘tgan yili yozda yozib olingan bo‘lishi ham mumkin.
Bu bilan deyarli bir vaqtda tarmoqda Ukraina kiyimidagi boshi kesib olingan askarlar aks etgan yana bir video paydo bo‘ldi.
Bu videodagi kadrlarda halokatga uchragan zirhli mashina yonida yerda yotgan, boshi kesilgan ikki jasadni ko‘rish mumkin. Halok bo‘lgan askarlarning qo‘llaridagi panjalar ham kesib tashlangan.
Rossiya telegram-kanallari ushbu video «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari tomonidan Baxmut atrofida olinganini taxmin qilmoqda.
Ukraina reaksiyasi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy videolarga munosabat bildirar ekan, dunyoning har bir mamlakati yetakchisi bu vahshiylikka munosabat bildirishi kerakligini aytgan.
«Dunyoda hech kim e’tiborsiz bo‘la olmaydigan narsa bor: bu hayvonlar insonni qanchalik oson o‘ldiryapti. Ukrainalik asirning qatl etilishi aks etgan bu videoni butun jahon ko‘rishi kerak. Bu Rossiyaning haqiqiy yuzini ko‘rsatgan video... Bu bittagina epizod emas, oldin ham shunday bo‘lgandi. Buchada minglab marta shunday qatl bo‘lgan... Biz hech narsani unutmaymiz va qotillarni kechirmaymiz. Barchasi uchun qonuniy javobgarlik bo‘ladi», degan Ukraina prezidenti.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Rossiya harbiylari harakatlarini Rossiyada taqiqlangan IShID bilan taqqoslagan. Bu terroristik tashkilot jangarilari ham asirlarning boshini kesib tashlashi aks etgan ko‘plab videolar tarqalgandi. Vazir IShIDdan farqli o‘laroq Rossiya BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qilishiga e’tibor qaratgan.
«Rossiyalik terrorchilar Ukraina va BMTdan chiqarib yuborilishi va jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishi kerak», deb yozadi Kuleba tvitterda.
12 aprel kuni Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) jinoyat kodeksining «qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq urush qonunlari va qoidalarni buzish» moddasi bo‘yicha tergov boshlanganini e’lon qildi.
«Biz bu maxluqlarni topamiz. Agar kerak bo‘lsa ularni yer ostidan yoki dunyoning narigi burchagidan bo‘lsa ham topib kelamiz. Ammo shunisi aniqki, ular qilgan ishi uchun albatta jazolanadi», deya va’da bergan UXX rahbari Vasiliy Malyuk.
Rossiyaning reaksiyasi
«Biz yashayotgan feyklar dunyosida bu kadrlarning haqiqiyligini tekshirish lozim», deya videolarga izoh bergan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
«Dastlab, bu dahshatli videolarning haqiqiyligini tekshirish kerak. Shubhasiz, bular dahshatli kadrlar. Va keyin, albatta, bu shunday bo‘lgani yoki yo‘qligini tekshirish uchun sabab bo‘ladi. Bu voqea rostdan sodir bo‘lganmi, sodir bo‘lgan bo‘lsa qayerda va kim tomonidan sodir etilgan?» degan Putinning rasmiy vakili.
Oliy radaning sobiq deputati, hozirda Donbass ayirmachilari yetakchilaridan biri bo‘lgan Oleg Tsaryov askarlar boshi kesilishini jinoyat deb atagan va jinoyatchilar jazolanishiga umid bildirgan.
Rossiyaning urushni yoqlovchi telegram-kanallari ukrainalik askarlarning boshi kesilgan videoyozuvlarga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirdi. Ba’zilar rossiyalik harbiylarning o‘ldirilishi aks etgan videoni esladi, boshqalar esa «bu kimga kerak va nima uchun bu video aynan hozir paydo bo‘ldi» degan ruhdagi savollarni berdi.
Donbassda Rossiya tomonida turib jang qilayotgan rossiyalik neonatsistlarning harbiy otryadi komandiri Aleksey Milchakov bu borada ancha ochiqroq bayonot berdi. «Yana qancha shunday video asta-sekinlik tarqalishiga hayron qolasiz», deyiladi «DShRG Rusich» guruhining telegram-kanalida. Postga mamnunlikni ifodalovchi emoji ham qo‘shilgan.
Ilya Barabanov, BBC Rossiya xizmati muxbiri:
Agar oldin bosh kesish IShID terrorchilari bilan bog‘langan bo‘lsa, endi bu Rossiya armiyasi bilan bog‘lanadi.
Bu Z-propagandachilar erisha olgan yagona effekt bo‘lib, ularning kanallarida ehtimol, urush boshlanganidan beri eng shafqatsiz video paydo bo‘ldi. Unda rus askarlari asirga olingan ukrainaliklarning boshini kesib tashlagan.
Qatlda ishtirok etgan shaxslarni aniqlash yoki video suratga olingan hududning geolokatsiyasini topish deyarli imkonsiz. Faqat barcha voqea o‘tgan yozda sodir bo‘lgan deb taxmin qilish mumkin, chunki kadrlarda yashil barglar ko‘p.
Ukrainaning ehtimoliy qarshi hujumi butun dunyo bo‘ylab muhokama qilinayotgan bir paytda, kim va nima uchun bu videoni hozir tarqatishga qaror qilgani — jiddiy savol. Ammo, ehtimol, bu yerda biror sababni izlashning hojati yo‘q. «Vagner»ga aloqador kanallar Yevgeniy Nujinning quvolda bilan qatl etilgani videosini e’lon qilganda, ularning aniq maqsadi bor edi — boshqa asirlarni taslim bo‘lmaslik uchun qo‘rqitish.
Urushda ba’zan videoga tushib qoluvchi jinoyatlar har kuni sodir bo‘ladi. Shunchaki urush bo‘lgani uchun.
Ushbu video butun dunyoga Rossiya armiyasi tomonidan bosib olingan hududlarda allaqachon sodir etilgan harbiy jinoyatlarni eslatadi.
Bu tinchlik muzokaralariga chaqirayotgan siyosatchilarga IShID usullariga o‘xshash qatl usulini qo‘llayotganlar bilan muzokara o‘tkazish murakkabliklarini, bu urushni boshlagan Rossiya rahbariyati esa faqat videoyozuvlarni «tekshirish»ga chaqirish hamda hamma narsa ularning noma’lum rejasi bo‘yicha ketayotganini ko‘rsatishda davom etishgagina qodirligini eslatadi.
Mavzuga oid
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024