Jahon | 10:51 / 16.04.2023
11090
4 daqiqa o‘qiladi

Ekspertlar Haaga sudi qarori tufayli Rossiyaning xorijdagi mablag‘larini hibsga olish ehtimolini baholashdi

Rossiya xorijda joylashgan o‘z aktivlaridan ayrilib qolishi mumkin. Lekin ayrim nyuanslar bor. Ekspertlar Haaga sudining qarori tufayli Rossiya mablag‘larining xorijda hibsga olinish imkoniyatlarini baholab chiqishdi.

Foto: Reuters

13 aprel kuni Haagadagi xalqaro arbitraj Rossiyaga Qrim annexiasi tufayli Ukrainaning «Naftogaz» davlat gaz kompaniyasiga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash uchun 5 mlrd dollar to‘lab berish majburiyatini yukladi. «Naftogaz» kompaniyasi matbuot xizmati agar Rossiya sud qarorini o‘z ixtiyori bilan bajarishdan bo‘yin tovlasa, «Naftogaz» Rossiya aktivlari joylashgan mamlakatlar hududida majburiy undiruv harakatlarini boshlashi haqida bayonot berdi.

Xo‘sh, bu ssenariyni amalga oshirib bo‘ladimi? Ekspertlar bu borada qanday fikrda?

«Prinsip jahatidan olinsa, aktivlar hibsga olinishi mumkin», — deydi xalqaro arbitrajga ixtisoslashgan advokat Linda Zilberte. Yuridik fanlari doktori Mark Kavakamining so‘zlariga ko‘ra, har qanday sud jarayoni juda uzoq davom etadi. «U Nyu-York konvensiyasi bilan tartibga solinadi. Avvaliga «Naftogaz» Nyu-York konvensiyasiga a’zo davlat hududida Rossiya Federatsiyasining aktivini topishi kerak. Bu dunyoning juda ko‘p davlati bo‘lishi mumkin. So‘ngra «Naftogaz» topilgan aktiv davlat immuniteti ostiga tushmasligini isbotlash kerak. Shundan so‘ng mulk xatlansa, «Naftogaz» uni auksionda sotib, kompensatsiyani undirishi mumkin», — deb tushuntiradi Zilberte.

Rossiya pullarini olish oson ish emas. «Birinchidan, RF mulki davlat immunitetidan foydalanadi. Bunday mablag‘larni xatlash uchun «Naftogaz» ushbu mol-mulklardan faqat tijoriy maqsadlarda foydalanilayotganligini isbotlab berishi kerak yoki davlat o‘z immunitetidan voz kechishi lozim, bunisining ehtimoli past. Ikkinchidan, RF aktivlarning katta qismi muzlatilgan. Bu hol kreditorlarga tribunallarning qarorlarini amalga oshirishda xalaqit qiladi. Yevropa Ittifoqi va BMT ayni paytda urush tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash maqsadida RFning aktivlarini «ozod qilish» ustida ish olib borishmoqda», — deydi Zilberte.

«Men xuddi YuKOS ishi bilan bo‘lgani kabi Rossiya bu arbitraj sudining qarorini ham Niderlandiya sudlarida bekor qilishga urinib ko‘radi deb o‘ylayman. Bu qarorni amalga oshirishni yanada kechiktiradi», — deydi «Agora» xalqaro advokatlik idorasi rahbari Kirill Koroteyev.

Bu borada tarixda muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz tugagan keyslar bor.

Qrim 2014 yilda annexia qilinganidan so‘ng Ukrainaning ko‘plab kompaniyalari Rossiyani ularning mulkini egallab olganlikda ayblab xalqaro sudlarga murojaat qilishgan. 2018 yilda Haagadagi xalqaro arbitraj Rossiyani Qrimda o‘z mulkidan ajralgan 17 ta Ukraina kompaniyasiga 159 mln dollar, «Oshchadbank»ka esa 1,3 mlrd dollar to‘lashga majburlovchi qaror chiqargan. O‘shanda Rossiya bu qarorni tan olmasligini ta’kidlagan.

Biroq RF aktivlarning muvaffaqiyatli xatlanishi bilan bog‘liq yaqindagina ro‘y bergan voqea ham bor. «YuKOSning sobiq aksiyadorlari Soyuzplodoimport davlat korxonasiga tegishli bo‘lgan «Stolichnaya» va «Moskovskaya» savdo belgilarini hibsga olishga muvaffaq bo‘lishgan», — degan Zilberte.

Mavzuga oid