Sport | 12:55 / 20.04.2023
22274
2 daqiqa o‘qiladi

SSV: Ramazon hayiti kunlari tibbiyot muassasalari uzluksiz ishlaydi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi islom dini ta’limotlari va astranomik ma’lumotlarga asoslangan holda joriy yilda Ramazon hayiti 2023 yil 21 aprel, juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qildi. Prezident farmoniga ko‘ra, 21, 22, 23 va 24 aprel kunlari o‘zbekistonliklar uchun dam olish kuni bo‘ladi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu bayram va dam olish kunlarida quyidagi davolash-profilaktika muassasalarining 40 ming nafar tibbiyot xodimi qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatishini ma’lum qiladi:

  • 1257 ta ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinika;
  • 1080 ta oilaviy shifokor punkti;
  • 1002 ta mahalla tibbiyot punkti;
  • tuman, viloyat va respublika shifoxonalari;
  • ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari; 
  • tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi 181 ta shoshilinch tibbiy yordam qabul bo‘limi hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. 

Respublika bo‘yicha 2755 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar asosida kun-u tun xizmat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, 227 ta tug‘uruq, 245 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi.

Respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollaringizga malakali mutaxassislardan kechayu kunduz javob olish mumkin. 

«Sog‘liqni saqlash vazirligi bayram kunlarida mehnat qiladigan barcha tibbiyot xodimlariga o‘z minnatdorligini bildiradi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid