Sport | 00:21 / 21.04.2023
33272
7 daqiqa o‘qiladi

Ro‘ziqul Berdiyev va «Bunyodkor» sardori 5 o‘yinga chetlatildi, klublar, janjalga sababchi bo‘lgan o‘yinchilarga chora ko‘rildi – O‘FA

Foto: Tribuna.uz

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘nggi turlar doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardagi intizomiy ishlar ko‘rib chiqildi. Xususan, «Bunyodkor» - «Nasaf» (1:1) o‘yinidan keyin janjalga sababchi bo‘lganlar jazolandi.

Superliga

«Bunyodkor» — «Nasaf»

Superliganing 6-turi doirasidagi «Bunyodkor» — «Nasaf» uchrashuvining 33-daqiqasida «Nasaf» klubining 70-raqamli futbolchisi Abubakir Rizo Turdialiyev zaxira o‘rindig‘idan turib yon hakam sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgan uchun maydondan chetlashtirilgan. Bundan tashqari, uchrashuv yakunlangandan so‘ng tribuna osti yo‘lakchasida uchrashuv hakamlariga nisbatan tajovuzkor xatti-harakat qilib, takroran hakamlar sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgan va ommaviy tartibsizliklar vujudga kelishiga sababchi bo‘lgan.

Uchrashuvining 71-daqiqasida «Nasaf» vakili Umar Eshmurodov oyog‘ining tag qismi bilan raqib o‘yinchisi oyog‘ining himoyalanmagan qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.

Uchrashuv yakunlanganidan so‘ng «Nasaf» klubining bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev bosh hakam hamda maydondagi futbolchilarga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan, undan tashqari «Bunyodkor» futbol klubining 4-raqamli futbolchisi Davron Ergashevga nisbatan maydonda hamda tribuna osti yo‘lakchasida tajovuzkor xatti-harakat qilib, ommaviy tartibsizliklar vujudga kelishiga sababchi bo‘lgan.

Shuni qayd etish kerak, bu Ro‘ziqul Berdiyev tomonidan o‘yin rasmiylari va raqiblarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishi bilan bog‘liq birinchisi holat emas. Professional mutaxassis hamda murabbiy sifatida Berdiyev o‘z shogirdlariga o‘rnak bo‘lishi, tartibsizliklar yuzaga kelganda jamoasini tinchlantirishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

«Nasaf»ning boshqa vakillari — Abduvohid Ne’matov va Mateus Lima Kruz ommaviy tartibsizlik vaqtida o‘zlarini agressiv tutib, «Bunyodkor» stadionining futbolchilar kirish yo‘lakchasidagi oyna hamda eshikni tepib, sindirib ketishgan. 

Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra:

1. «Nasaf» futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi;

2. Umar Eshmurodovga nisbatan 2ta o‘yinga chetlashtirish intizom chorasi;

3. Jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevga nisbatan 5ta o‘yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi;

4. Futbolchi Abubakir Rizo Turdialiyevga nisbatan 4ta o‘yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi;

5. Futbolchilar Abduvohid Ne’matov va Mateus Lima Kruzga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Qo‘mita mazkur bahsda «Bunyodkor» vakillari tomonidan sodir etilgan harakatlarni ham ko‘rib chiqdi. Xususan, o‘yin davomida jamoa murabbiyi Hikmat Hoshimov ogohlantirishlarga qaramay texnik zonaga chiqib, futbolchilarga ko‘rsatmalar berib borgan.

Uchrashuvning 90+7-daqiqasida«Bunyodkor» klubining 4-raqamli futbolchisi Davron Ergashev urilgan golni nishonlash paytida muxlislar qarshisida nojoiz xatti-harakatlar qilgan hamda uchrashuv yakunlangandan so‘ng provokatsion harakatlar qilib, o‘zini agressiv tutgan. Bu esa ommaviy tartibsizliklar vujudga kelishiga sabab bo‘lgan.

Jamoaning yana bir a’zosi Usmonali Ismonaliyev urilgan golni nishonlash paytida muxlislar qarshisida nojoiz xatti-harakatlar qilgan.

Uchrashuvi yakunlangandan so‘ng esa «Bunyodkor» klubining 14-raqamli futbolchisi Ahmadjon Anvarov ommaviy tartibsizlik vaqtida o‘zini agressiv tutib, raqib o‘yinchisiga nisbatan tajovuzkor xatti-harakat sodir etgan.

Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra:

1. «Bunyodkor» futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi;

2. Jamoa murabbiyi Hikmat Hoshimovga nisbatan jarima intizom chorasi;

3. Futbolchi Davron Ergashevga nisbatan 5ta o‘yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi;

4. Futbolchilar Usmonali Ismonaliyev va Ahmadjon Anvarovga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

«Metallurg» — OKMK

Superliganing 6-turi doirasidagi «Metallurg» — OKMK uchrashuvining 22-daqiqasida OKMK futbolchisi Sanjar Tursunov to‘p uchun kurashish vaqtida oyog‘ining tag qismi bilan raqib o‘yinchisini oyoq qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.

Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Sanjar Tursunovga (OKMK) nisbatan 2ta o‘yinga chetlashtirish intizom chorasi qo‘llanildi.

«Olimpik» — «Buxoro»

Superliganing 6-turi doirasidagi «Olimpik» — «Buxoro» uchrashuvining 54-daqiqasida mezbonlar futbolchisi Muhammadali G‘iyosov to‘p uchun kurashish vaqtida oyog‘ining tag qismi bilan raqib o‘yinchisining tizza qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.

Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Muhammadali G‘iyosovga («Olimpik») nisbatan 2ta o‘yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

«Paxtakor» — «So‘g‘diyona»

Superliganing 6- turi doirasidagi «Paxtakor» — «So‘g‘diyona» uchrashuvining 7-daqiqasida «Paxtakor» futbolchisi Doston Tursunov raqib o‘yinchisining yuz qismiga qo‘li bilan zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.

Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Doston Tursunovga («Paxtakor») nisbatan 3ta o‘yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Pro liga

«Lokomotiv» — «Dinamo» 

Pro liganing 5-turi doirasidagi «Lokomotiv» — «Dinamo» uchrashuvining 90+6-daqiqasida mezbonlar futbolchisi Manuchehr Safarov raqib o‘yinchisi yuz qismiga qo‘li bilan zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.

Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Manuchehr Safarovga («Lokomotiv») nisbatan 3ta o‘yinga chetlashtirish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Mavzuga oid