Jahon | 22:38 / 25.04.2023
8699
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburgda mehnat migrantlari uchun qizamiqqa qarshi majburiy emlash joriy etildi 

Emlash amaliyoti ish beruvchi tomonidan tashkil etilishi shart. 

Foto: Avtor foto: Artem Geodakyan / TASS

«Rospotrebnadzor» Sankt-Peterburg bo‘limi shahardagi ish beruvchilarga yollangan xorijliklarni qizamiqga qarshi emlash jarayonini tashkil qilishni buyurdi. Tegishli farmonni 24 aprel kuni shahar bosh sanitar shifokori Natalya Bashketova imzoladi, deb yozdi Delovoy Peterburg. 

Yanvardan aprelgacha Sankt-Peterburgda qizamiqning 31 ta holati aniqlangan va tasdiqlangan, shulardan 13 tasi bolalar o‘rtasida. Shuningdek, 8 ta holatda infeksiya chetdan kirib kelgan. 

Sanitar shifokorning «Xorijiy fuqarolarni qizamiq kasalligiga qarshi emlash to‘g‘risida...»gi qarorida mehnat migrantlarini emlash bo‘yicha ularni ishga qabul qiluvchi korxonalar javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. 

«Sankt-Peterburg hududidagi mehnat faoliyatiga xorijiy fuqarolarni jalb qilgan ish beruvchilar 2023 yilning 31 dekabriga qadar xorijiy fuqarolarning qizamiq kasalligiga qarshi emlash o‘tkazilishini ta’minlashi shart», deyiladi hujjat matnida. 

Qayd qilinishicha, oldin emlanmagan, kasal bo‘lmagan, emlash yoki oldingi kasalligi haqida ma’lumot bo‘lmagan, shuningdek, qizamiqqa qarshi antitana testi natijalari himoya darajasidan past bo‘lganlar qizamiqqa qarshi emlanadi. 

Avvalroq, O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarda qizamiq va qizilcha bilan kasallanish holatlari ortib borayotgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid