Sport | 08:33 / 26.04.2023
22952
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionati start oldi

Samarqanddagi eshkak eshish kanali sohilida uch yil muddat ichida qurib foydalanishga topshirilgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi jahon ahamiyatiga molik tadbirlar o‘tkazilgani bilan tillarga tushdi. Endi bu yerda nufuzli sport musobqalari ham o‘tkazilmoqda.

Ushbu obekt qurilishi asnosida, 1980 yilda xalqaro andozalarga moslab barpo etilgan eshkak eshish kanali ham qayta ta’mirlandi. Sekin asta bu maskanda Osiyo va Jahon kuboklari va chempionatlari, saralash turnirlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ana shunday nufuzli turnirlarning dastlabkisi Samarqandda tashkillashtirilmoqda. 25 aprel kuni uchinchi marta tashkillashtirilayotgan yoshlar va o‘smirlar jamoalari o‘rtasida baydarka va kanoeda eshkak eshish, shuningdek parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati bayrog‘i Samarqandda ko‘tarildi.

Osiyo chempionati ochilish marosimini rossiyalik taniqli sport sharhlovchisi Dmitriy Guberniyev olib bordi.

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov sportchilarni qutlab, Osiyo chempionatini ochiq deb e’lon qildi. Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov ham so‘z olib, o‘smirlar va yoshlarga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng o‘zbekistonlik va xorijdan kelgan yosh sportchilarga konsert dasturi taqdim etildi.

Qayd etib o‘tish kerak, ushbu chempionatda Osiyoning 11 tavlatidan 800 dan ziyod sportchilar ishtirok etmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi yakkalik va jamoaviy musoboqalarda jami 80 dan ziyod sportchilar bilan qatnashadi.

Musobaqalar 26 apreldan 30 aprelgacha bo‘lib o‘tadi. Tomoshabinlarni O‘zbekistonlik sportchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida joylashgan eshkak eshish kanaliga taklif etib qolamiz.

Umidxon Ma’rupov, Jahongir Aliboyev.
Kun.uz

Mavzuga oid