O‘zbekiston | 13:39 / 27.04.2023
10551
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda kanoe bo‘yicha Osiyo chempionati davom etmoqda. O‘zbekiston va Eron yaqqol ustun

Samarqand tumanidagi sayyohlik markazi hududida joylashgan eshkak eshish kanalida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida baydarka va kanoeda eshkak eshish, shuningdek, parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda.

Foto: KUN.UZ

Musobaqaning birinchi kungi natijalaridan keyin o‘zbekistonlik va eronlik sportchilar qolgan raqiblaridan yaqqol ustunlik qilmoqda.

Birinchi kungi bahslarda o‘zbekistonlik atletlar 6 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Bu natija bilan O‘zbekiston umumjamoa hisobida yaqqol yetakchilik qilmoqda. Eronlik sportchi yoshlar esa birinchi kunda 4 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ega chiqishdi.

26 aprel kungi bahslarda 10 ta medallar jamg‘armasi o‘ynaldi va ularning barchasida birinchi o‘rin O‘zbekiston yoki Eron vakillariga nasib qildi. O‘zbekiston delegatsiyasiga uchta medalni paraatletlar keltirdi. Xususan, 500 metrga o‘tkazilgan poygalarda Haytmurod Sherqo‘ziyev oltin medal olgan bo‘lsa, To‘rabek Nazarqulov kumush medalga ega chiqdi. 500 metrga ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan poygada Shahnoza Mirzayeva ikkinchi bo‘ldi.

26 aprel kungi musobaqalar yakunidan keyin musobaqa ishtirokchilarining fikrlari bilan qiziqdik.

«Avval ham jahon kubogi final bosqichlarida ishtirok etganmiz, Osiyo chempionatlarida g‘olib bo‘lganmiz. Bu natija men uchun yangilik emas», dedi 500 metr masofaga miks yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan Xonzoda Erkinova.

«Musobaqa boshidan ustunlik bizda edi. Murabbiylar ko‘rsatmasiga ko‘ra kuchni tejab, finishga ham birinchi bo‘lib kirib keldik», dedi yana bir o‘zbekistonlik chempion Shohjahon Muhammadiyev.

Qozog‘iston jamoasi murabbiylaridan biri Davlat Sultanbekov Samarqanddagi eshkak eshish kanali tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketganini aytdi.

«Bu yerga uchinchi marta kelishim. Avval ikki marta sportchi sifatida kelganman. Esimda, kanal atrofi maydonlar edi. Hozir juda o‘zgarib ketibdi, taniy olmay qoldim, xuddi Yevropaning qaysidir davlatidagi musobaqada qatnashayotgandekman. O‘zbekistonlik kanoechi do‘stlarim uchun xursand bo‘ldim, chunki sportchiga avvalo shug‘ullanish uchun sharoit va e’tibor kerak. O‘zbekistonlik do‘stlarimiz kanoeni tashlab qo‘ymaganlaridan xursandman», dedi murabbiy.

Samarqandda Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda. Musobaqada 30 aprel kuniga qadar medallar o‘ynaladi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Mavzuga oid