Jahon | 12:43 / 03.05.2023
20746
3 daqiqa o‘qiladi

Bryansk oblastida yana temiryo‘l portlatildi. 20 ta vagon izdan chiqib ketgan

Bryanskda «rels partizanlari» ishlashda davom etmoqda. Bu ikki kun ichida ikkinchi shunday holat.

Foto: BAZA

Rossiyaning Bryansk oblastida «begona shaxslar aralashuvi» natijasida lokomotiv va 20 ta yuk vagoni relsdan chiqib ketgan.

«Bugun soat 19:47 da Bryansk oblastida Snejyetskaya - Beliye Berega elektrlashtirilmagan bir tomonli yo‘l uchastkasida temiryo‘l transporti faoliyatiga noqonuniy aralashuv oqibatida lokomotiv va poyezdning yuk ortilgan 20 dan ortiq vagoni izdan chiqib ketgan», deyiladi Rossiya temiryo‘llari matbuot xizmati xabarida. Shundan so‘ng «Snejyetskaya - Beliye Berega» uchastkasida harakat to‘xtatilgan.

Oblast gubernatori Aleksandr Bogomazning ma’lumotiga ko‘ra, Snejyetskaya stansiyasi hududida noma’lum portlovchi qurilma ishga tushirilgan, jabrlanganlar yo‘q.

Baza nashri yozishicha esa, mahalliy vaqt bilan soat 19:48 da Snejyetskaya stansiyasi yaqinida Bryanskdan Karachev tomon harakatlangan yuk poyezdi o‘tayotganida uchta portlovchi qurilma ishga tushgan. Natijada lokomotiv va vagonlar relsdan chiqib ketgan. Poyezdlar harakati to‘xtatilgan.

Rossiya temiryo‘llari ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida yong‘in chiqmagan, ammo voqea joyida shahardagi o‘t o‘chirish bo‘linmalari ish olib borgan, shuningdek ikkita qutqaruv poyezdi ham yuborilgan. Jabrlanganlar yo‘qligi aytilgan.

Gubernator Aleksandr Bogomaz telegram kanalida voqea joyida olingan fotoni joylashtirdi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, yuk poyezdi xavfli ximikatlar, jumladan, oltingugurt va selitra, shuningdek propan va ohak olib ketayotgan bo‘lgan. Baza telegram-kanaliga ko‘ra, yong‘in ro‘y bermagan bo‘lsa ham, o‘t o‘chiruvchilar relsdan chiqib ketgan vagonlar va sochilib ketgan materiallarga suv sepib chiqqan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi voqea joyida olingan videoni e’lon qilgan.

Bu so‘nggi kunlarda temiryo‘llarda sodir bo‘lgan birinchi bu kabi holat emas. 1 may kuni ham Bryansk oblastida Unecha - Rassuxa yo‘nalishida temiryo‘l portlatilishi oqibatida poyezd relsdan chiqib ketgan va belaruslarning neft mahsulotlari va yog‘och tashiyotgan yuk poyezdida yong‘in chiqqandi.

O‘shanda lokomotiv va sakkizta vagon relsdan chiqib ketgandi. Belarus transport va kommunikatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tarkibda jami 78 vagon bo‘lgan.

Mavzuga oid