O‘zbekiston | 16:40 / 09.05.2023
47782
22 daqiqa o‘qiladi

“Faqat hujjatlarda mavjud edik xolos”. 30 yillik sir ostida unutilganlar - birinchi “musulmon bataloni” haqida

“Jang esa davom etayotgandi, har tomondan o‘q uzilar edi. Qurbonovni ham mashinaga yukladim. Uning tirik yo o‘likligini bilmasdim. Tibbiyot punktiga kelganimizda bildimki, u o‘lgan ekan. Mana shu narsa qo‘rqinchli edi. Bizni o‘zimiznikilar o‘ldirardi. Bizni butun tun davomida biz yordam kutgan o‘zimiznikilar o‘ldirar edi”.

Kun.uz muxbiri birinchi “musulmon bataloni” tarixiga nazar tashlab, maxfiy qo‘shin tarkibida xizmat qilgan harbiylar bilan suhbatlashdi.

1979 yil 27 dekabr kuni SSSR maxsus qo‘shini Afg‘oniston rahbari Hafizulla Aminni yo‘q qilish maqsadida Kobuldagi Tojbek saroyiga hujum qiladi. Bu topshiriqni bajarishda o‘ta maxfiy tuzilgan otryad – birinchi “musulmon bataloni” qatnashgan. Bu qonli o‘n yillik afg‘on urushining boshlanishi edi.

“Musulmon bataloni”ning tashkil topishi

“Savr inqilobi”dan so‘ng Afg‘onistonda hukumat tepasiga kelgan Nur Muhammad Taroqiy ichki isyonlarni bostirish uchun 1978 yilda sovet hukumatidan qo‘shin kiritishni so‘raydi.

Bu haqda birinchi “musulmon bataloni” komandiri Habibjon Xolboyev shunday deydi:

Habibjon Xolboyev

“1979 yilda Kubada yangi tashkil topgan neytral davlatlar yig‘ilishi bo‘lgan. Nur Muhammad Taroqiy ham o‘sha yig‘ilishda qatnashib, keyin to‘g‘ri Moskvaga borgan. U yerda KGB boshlig‘i Andropov bilan gaplashgan. Leonid Brejnevning oldiga olib kirishganda undan yordam so‘ragan. Brejnev tarkibi 500 kishilik bitta batalon berishini aytgan va SSSR mudofaa vaziri uni tashkil etish bo‘yicha Razvedka boshqarmasiga topshiriq bergan”.

Habibjon Xolboyev

Maxfiy otryadni tuzish uchun sobiq ittifoqning turli hududlaridan harbiy xizmatga chaqirilgan o‘zbek, tojik va turkman millatiga mansub askarlarni Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi harbiy qismga yig‘ishgan.

Toshpo‘lat Qodirov

“1978 yilda Toshkent Farmatsevtika institutini bitirganimdan keyin yo‘llanma bilan Namanganga ishlashga ketdim. O‘sha yerdan harbiy xizmatga chaqirilib, Ashxobod shahridagi serjantlar tayyorlash kursiga bordim. 6 oylik kursni bitirganimdan keyin Toshkentdagi qo‘mondonlik bilim yurtiga yuborildim. Bir hafta o‘tgach esa batalonga chaqirishdi. Ashxobodda paytimiz Toshkentdan desant ofitserlari borib o‘zbek, tojik, turkmanlarning ro‘yxatini yozib ketgan ekan, bundan xabarimiz ham bo‘lmagan”, – deb eslaydi “musulmon bataloni” tarkibida shtab boshlig‘i o‘rinbosari sifatida xizmat qilgan Toshpo‘lat Qodirov.

Birinchi musulmon bataloni mexanik haydovchisi Shavkat Azamatov esa bir guruh safdoshlari bilan Qirg‘izistondan chaqirib olinganini aytadi.

Shavkat Azamatov

“Qirg‘izistonga tushganmiz xizmatga. Issiqko‘l yaqinida juda yaxshi joy edi. Xizmat shunaqa o‘tarkan-da, deb tursak, bir oydan keyin suhbatdan o‘tkazishdi. Toshkentlik ekanimni bilishgach, Chirchiq uyimdan qancha masofada ekanini so‘rashgan. Keyin Chirchiqqa olib ketishadi sizlarni deyishdi. Askar uchun bunday chaqiriqlar tabiiy hol, hayron bo‘lmadik. Chirchiqqa borayotganimizni eshitib, bir tarafdan xursand ham bo‘lganman. Chunki uyimga yaqin. Mexanik haydovchi sifatida olishgan bizni. Keyin bilsak maxsus batalon tuzilayotgan ekan. Tarkib faqat musulmonlar – o‘zbek, tojik, turkmanlar edi. Boshida hayron qolganmiz”, – deydi u.

Shunday qilib 1979 yilning aprel oyida Turkiston harbiy okrugining Chirchiq shahridagi 15 harbiy brigadasi tarkibida yettinchi batalon nomi bilan aslida 154-maxsus topshiriqli maxfiy batalon tuzilgan. Batalon shaxsiy tarkibi 538 nafar jangchidan iborat bo‘lgan.

Shavkat Azamatov

Toshpo‘lat Qodirovga ko‘ra, batalonning 70 foizdan ko‘prog‘i o‘zbeklar, 20 foizga yaqin askarlar tojik, 10 foizi turkmanlar bo‘lgan. Eng yosh askarlar, endigina 19 ga kirgan, shu bilan birga kamida yarim yil xizmat qilgan tajribasi bor askarlar olingan. Leytenantlar 23 yosh atrofida bo‘lsa, ofitserlar 30 yosh atrofida bo‘lgan.

Jangovar tayyorgarlik

“May oyida shaxsiy tarkibga meni tanishtirishgan. O‘sha kundan boshlab batalonga kamandir bo‘lib xizmat qilganman. 1979 yil 1 iyundan jangovar tayyorgarlikni boshlaganmiz. O‘quv dasturi 3 oylik edi: birinchi bosqich 1,5 oy va ikkinchi bosqich yana 1,5 oy. Barcha boshqa xizmatlardan ozod qilinib, faqat jangovar tayyorgarlik ko‘rilgan”, – deydi batalon komandiri Habibjon Xolboyev.

“Musulmon bataloni” rota komandiri o‘rinbosari Rashid Abdullayevga ko‘ra, tarkibdagi barcha mutaxassislar – mexanik-haydovchilar, operatorlar, komandirlar o‘sha paytda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng kamida 3-toifa bo‘lishgan.

Rashid Abdullayev

“Aslini olganda ko‘pchilik 2-toifaga ega edi, ularni qayta tayyorlash ham kerak bo‘lmagan, chunki ular shundoq ham o‘z sohasining mutaxassislari edi. Barcha dala mashg‘ulotlari – otish, haydash va boshqalarni a’lo baholarga topshirishar, qo‘yilgan me’yorlarni ortig‘i bilan bajarishardi. Ofitserlar ham o‘ziga yarasha tayyorgarlikka ega bo‘lishgan. Bu barcha shaxsiy tarkib jangovar harakatlarga shayligini bildirar edi. Asosiy vazifa – jamoada jangda birdamlik, o‘zaro yordam va bir-birini tushunish sifatlarini shakllantirish bo‘lgan”, – deydi Rashid Abdullayev.

Rashid Abdullayev

Shunday bo‘lsa-da, mashg‘ulotlar og‘ir o‘tkazilgan. Hammasini Moskvadan tayinlangan rahbar polkovnik Vasiliy Kolesnik har hafta kelib nazorat qilib borgan. U «musulmon bataloni»ni tashkil etish va vazifalarini bajarishiga mas’ul edi.

 

Batalon komandiri Habibjon Xolboyevga ko‘ra, ularga maxfiy harbiy qismning vazifasi janubiy chegaralarda ko‘p buzib kirish holatlari kuzatilayotgani uchun o‘sha bosqinchilarni tezkor yo‘q qilish deb tushuntirilgan. Lekin mashg‘ulotlar davomida askarlarga afg‘on harbiy formasi tarqatilgan.

“Afg‘onistonga borishimiz haqida taxminlar qilganmiz, lekin hech kim anig‘ini bilmagan. 1979 yil 4 dekabrda birinchi guruh Afg‘onistonga yuborilgach aniq bilganmiz u yerga borishimizni”, – deydi batalon komandiri.

Batalon shtab boshlig‘i o‘rinbosari Toshpo‘lat Qodirovning aytishicha, Moskvada har bir zobit uchun maxsus yozgi va qishki Afg‘oniston harbiylari formasi tiktirilgan. Zobitlarga Afg‘oniston pasporti va harbiy guvohnomalari, oddiy askarlarga faqat harbiy guvohnoma berilgan.

“Formaning yangi ekani bilinmasligi uchun mashg‘ulotlarda kiyib eskirtirganmiz. Menga Hirot shahridan chaqirilgan askar sifatida harbiy guvohnoma berilgan. Ism-familiyalarimiz ham afg‘onchaga moslab o‘zgartirilgan. Masalan, mening hujjatimga Toshpo‘lat Islomovich emas, Toshpo‘lat Islom o‘g‘li, deb yozilgan edi. Hammasi maxfiylikni saqlash uchun qilingan”, – deydi Toshpo‘lat Qodirov.

“Keyinchalik bizga Afg‘oniston rahbari yordam so‘ragani, biz uni qo‘riqlash uchun tayyorlanayotganimiz sekin-sekin tushuntirildi. Lekin hammasi aksincha bo‘lishi o‘zimiz qo‘riqlamoqchi bo‘lgan saroyni qamal qilib olishimiz kerakligini kim o‘ylabdi”, – deydi Shavkat Azamatov.

Mashg‘ulotlar tugagach batalon komandiri Habibjon Xolboyev hamda yana ikki kishi fuqaro kiyimida razvedka uchun Afg‘onistonga yuboriladi. Razvedkachilar u yerda Taroqiyning saroyi, qo‘riqlash tizimi, saroy atrofidagi chet davlatlarning elchixonalari va turli tashkilotlar haqidagi barcha ma’lumotlarni to‘plab, Chirchiqqa qaytib keladi.

“Razvedkachilar qaytib kelgach har xil xabarlar ko‘paya boshladi. Taroqiy kasal bo‘lib qolibdi, o‘rniga Hafizulla Amin hukumatga kelibdi, degan gaplar tarqaldi. Bilishimizcha Hafizulla Amin siyosatda Amerika tomon bo‘lgan va u bizning borishimizni xohlamadi. Jangovar tayyorgarlik to‘xtadi. Kolxozlarga yordamga chiqa boshladik. Biz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ishtiradigan ishchi batalonga aylanib qoldik”, – deydi batalon shtab boshlig‘i o‘rinbosari Toshpo‘lat Qodirov.

Biroq ko‘p o‘tmay Hafizulla Amin ham xuddi Taroqiy singari dushmanlaridan himoyalanish uchun SSSRdan harbiy kuch kiritishni so‘ray boshlagach, 1 noyabrda “musulmon bataloni” kuchaytirilgan kazarma holatiga tushiriladi.

Rahimboy Ismoilov.

“U paytda 7 noyabrda parad bo‘lardi unga tayyorgarlik ko‘rdik. Paradni o‘tkazganimizdan keyin birdan karantin qilishdi. Hech qayerga chiqmaydigan bo‘ldik. Kuchli tartibdagi kazarmaga aylantirishdi bazamizni. Keyin 4 dekabrda bir rota Afg‘onistonga ketdi”, – deya eslaydi batal’on mexanik haydovchisi Rahimboy Ismoilov.

Rahimboy Ismoilov.

Afg‘onistonda bir oy

Birinchi guruh besh nafar ofitser o‘n nafar oddiy askar bilan batal’onni kutib olish uchun Kobuldan 60 km shimoli-g‘arbdagi hudud Bagramga borib joylashadi. Birinchi guruh joy tayyorlagach 9 yanvarda qolgan tarkib yetib boradi.

“Bagramga borganimizdan so‘ng bir necha kun o‘tib Babrak Karmal boshchiligida yangi Afg‘oniston hukumati keldi. Ularning rasmlarini ko‘rsatib ofitserlarga tanishtirib chiqishdi. Men ham ularning ichida bo‘lganim uchun xabarim bo‘ldi. Shundan keyin maqsad Aminni ag‘darish ekanini tushunganmiz”, – deydi shtab boshlig‘i o‘rinbosari Toshpo‘lat Qodirov.

Birinchi “musulmon bataloni” komandiri Habibjon Xolboyevning aytishicha, shaxsiy tarkib Afg‘oniston harbiy formasida yurgan. Aloqada asosan rus tilida gaplashilgan bo‘lsa-da, batalon haqida shubhali ma’lumotlar hech qayerga tarqamagan.

Hafizulla Amin baland tepalik ustidagi mustahkam qal’a – Tojbek qarorgohini o‘ziga maskan qilgandi va hududni hamisha 1000-2000 nafar yaxshi qurollangan askar qo‘riqlagan. Ular 6ta batalondan iborat bo‘lgan. “Musulmon bataloni” tarkibga yettinchi batalon bo‘lib qo‘shilgan.

Habibjon Xolboyevga ko‘ra, Aminni yo‘q qilishdan avval Taroqiy uning buyrug‘i bilan o‘ldirilganligi haqidagi tahminlarga aniqlik kiritish maqsad qilinadi va buning uchun afg‘on tomoni ziyofatga chaqiriladi.

Ziyofatda harbiy brigadaning siyosiy ishlar bo‘yicha muovini ichib olib, Taroqiyni biz o‘ldirganmiz deb aytib qo‘ydi. Taroqiy Moskvadan qaytgach, uy qamog‘ida bo‘lgan ekan. Amin buyrug‘i bilan harbiy brigada boshlig‘i va ikki yordamchisi iz qoldirmay bo‘g‘ib o‘ldirgan. Bu gaplarni Kolesnikka aytdim, u esa Moskvaga xabar berdi. 25 dekabrda biz Aminni o‘ldirish bo‘yicha buyruq oldik”, – deydi Xolboyev.

Avvaliga qarorgohga KGB agentlari bo‘lgan ikki oshpaz kiritilib, afg‘on hukmdori zaharlanadi. Rejaga ko‘ra, zahar ta’sir qilib, to‘polon ko‘tarilganda saroy egallanishi lozim edi. Lekin zahar Aminga ular reja qilganidek ta’sir qilmaydi.

“Musulmon bataloni” 3-rota komandiri o‘rinbosari Rashid Abdullayev hujumga yaqin jangovar tayyorgarlikni shunday eslaydi:

“Biz tayyorlanishni boshladik. Milliy xavfsizlik xizmatining “Zenit” guruhi biz bilan birga edi. Keyin “Grom” guruhi uchib keldi. Va 35-Farg‘ona polkidan desant hujum rotasi Bagram orqali yetib keldi. Ularni ham otryad tarkibiga ko‘shishdi. Biz askarlar bilan rejadagi mashg‘ulotlarni bajarishni boshladik. Sekin-asta dushman taraf haqida ma’lumotlar yig‘ishni, ularni o‘rganishni, har kim o‘z obektini ko‘zdan kechirishni boshlab yubordi. Qayerda, nimadan, qanday? Shu vaqtda topshiriq o‘zgardi. Saroyni qo‘lga kiritamiz, boshqa obektimiz yo‘q, milliy gvardiya brigadasini qamrab olamiz, deb aytishdi”.

“Bo‘ron-333”

Polkovnik Vasiliy Kolesnik bir kechada “Bo‘ron-333” hujum rejasini ishlab chiqqach 27 dekabrda operatsiyaga tayyorgarlik boshlanadi.

26 dekabrda buyruqni tasdiqlatib, qarorgohimizga qaytdik. Ertasi kuni soat 21:00 da hujum boshlashimiz kerak edi. Hamma shu vaqtga mo‘ljallab tayyorgarlik ko‘rayotgan edi, lekin hujum 20:00 da, keyin esa 19:30 da degan buyruq keldi. Ulgurishimiz qiyin bo‘lgan. Keyin bilsak afg‘on taraf ham xavf bo‘layotganini, biz jangga tayyorlanayotganimizni sezib qolgan ekan”, – deya xotirlaydi Habibjon Xolboyev.

Hujum oldidan askarlarga bir-birini qorong‘ida tanib olish uchun parollar berilgan va bilagiga oq bog‘ich bog‘langan.

“Aynan bizning qismga shunday buyruq bo‘ldiki: biz saroyga kirmaymiz, u yerda faqat 30 kishidan 2 ta guruh – “Grom” va “Zenit” ishlaydi. Biz esa faqat kirish va chiqish yo‘llarini qurshab olamiz. Jami u yerda 7 ta yo‘lak bo‘lib, ana shu yo‘laklarni 7 ta maxsus mashinalar bilan o‘rab oldik. Oynalardan hech kim qochmasligini nazorat qildik. Hech kim kirmaydi, chiqmaydi, asir olinadigan bo‘ldi”, – deydi batalon rota komandiri o‘rinbosari Rashid Abdullayev.

Lekin “Grom” va “Zinet” bir hamlada saroyni egallay olmagach batalon askarlarini hujumga jalb qilishadi.

“Snaryad tegib elektr ta’minoti uzilgan. Hamma joy qorong‘i, tuman, baqir-chaqir — juda qo‘rqinchli holat. Saroyga kirgan paytimda yerda bir ayol o‘lib yotardi... Buni tasvirlash qiyin, og‘ir vaziyat. Men birinchi qavatda postda turganman buyruq bilan. Aminning qizi va kuyovi qo‘lida bola bilan chiqib, menga ruschalab gapirgan. Bizga do‘st edinglar, nega bunaqa qilyapsiz, deb so‘ragan. Keyin bilishimcha, Rossiyada tibbiyot akademiyasida o‘qigan ekan. Gaplashmaslik buyurilgani uchun javob bermaganman. O‘sha payt afg‘onlarning bir generalini o‘ldirib qo‘yganman. Ofitserimizga aytsam, ”Bu — urush” degan. Qo‘rqqanman o‘shanda, 19 yosh edim. Oldimizda ikki yo‘l bo‘lgan: sen otishing kerak yoki seni otishadi. Xuddi mashq jarayonidek, lekin boshqa narsa. Birinchi marta bu holatga tushish qiyin juda”, – deya xotirlaydi Shavkat Azamatov.

Batalon komandiri Habibjon Xolboyevga ko‘ra hujum vaqti taxminan 40 daqiqalar ichida Hafizulla Amin o‘ldiriladi. Uning shaxsi tasdiqlangach saroydan 1-1,5 km uzoqqa olib borib ko‘mishgan.

Yo‘qotishlar

“Mening batalonimdan 8 kishi o‘lgan. 36 kishi esa yarador bo‘lib harbiy hospitalga tushgan, ulardan tashqari ham yengil yarador bo‘lganlar bor edi. Davlat xavfsizlik xizmatidan 3 kishi o‘lgan. Ichkarida Amin jangchilarining 200 dan ortig‘i o‘lgan”, – deydi yo‘qotishlar haqida gapirarkan Habibjon Xolboyev.

Shavkat Azamatov esa ko‘z oldida jon bergan safdoshlarining so‘nggi lahzalarini shunday xotirladi:

Sobir ismli og‘aynimiz bor edi. Ichkarida yonimda edi. Nima bo‘ldi-yu, tashqariga chiqdi. O‘sha paytda pulemyotdan otishgan ekan. Birinchi yo‘qotishimiz shu bo‘lgan edi. O‘zim bilan xizmat qilgan, yaqin edik.

Keyin Mirqosim degan yigit ham. Qo‘ltiqlab olganimda issiq qon tegdi qo‘limga, bo‘yin-yelka qismidan jarohatlangan ekan. Olib chiqayotganimizda “Uydagilar bilmasin” deb aytgan gapi hech esimdan chiqmaydi. 20 yoshda edi... Sog‘ayib ketadi deb o‘ylagandik, lekin unday bo‘lmadi”.

Hujumda qatnashganlarning aytishicha, jang tugab, tongga yaqin Vitebsk desant diviziyasi yetib borgan. Hamma askarlar afg‘on harbiy formasida bo‘lishganini hisobga olmasdan o‘t ochishni boshlashgan. Batalon tarkibidan jangda ikki kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, qolganlar Vitebsk desant diviziyasi o‘qidan halok bo‘lgan.

“Men o‘zimiznikilarga qarata o‘t ochishga komanda bera olmaganman. Qo‘l ostimdagi odamlarim esa ko‘z o‘ngimda halok bo‘lishar, yaralanishar edi. Tansoqchim Qurbonov bilan yaralangan pulemyotchi Tursunovni mashinaga olib bormoqchi bo‘ldik, u qonga belangan holda edi. Shu vaqtda Qurbonov ham yaralandi. Tursunovni o‘zim mashinaga yetkazib olib bordim. Keyin Qurbonovning oldiga qaytdim. Jang esa davom etayotgandi, har tomondan o‘q uzilar edi. Qurbonovni ham mashinaga yukladim. Uning tirik yo o‘likligini bilmasdim. Tibbiyot punktiga kelganimizda bildimki, u o‘lgan ekan. Mana shu narsa qo‘rqinchli edi. Bizni o‘zimiznikilar o‘ldirar edi. Bizni butun tun davomida biz yordam kutgan o‘zimiznikilar o‘ldirar edi. O‘zimiznikilar”, – deya o‘sha mash’um voqeani eslaydi Rashid Abdullayev.

O‘ttiz yillik sir – unutilganlar

Avvaliga “musulmon bataloni”ga Afg‘onistonning yangi hukmdori Babrak Karmalni himoya qilish topshiriladi. 8 yanvarda buyruq o‘zgaradi. 10 yanvargacha batalon tarkibi Chirchiqqa qaytariladi.

Toshpo‘lat Qodirovga ko‘ra, vatanga qaytish ham oson bo‘lmagan. Uning aytishicha, sirlar ochilmasligi uchun batal’on uchgan ikkita samolyot urib tushirilishiga buyruq berilgan.

“KGBning qanchalik jirkanch tashkilot bo‘lganini bilish mumkin shundan. Qobuldan uchib chiqayotgan paytda urib tushirilishi kerak ekan samolyot. Bir payt Xolboyev, shtab boshlig‘i Ashurov va maxsus bo‘lim kamandirini samolyotdan chaqirib olishdi tashqariga. Ularga samolyotga qaytib chiqmaslik aytilgan, ular bilan keldik, nima bo‘lsa ham ular bilan oxirigacha birgamiz, deyishgan. O‘sha yerda ko‘p tortishuvlar bo‘lgan. Komandirlarimiz biz bilan birga ketishga qaror qilishgan”, – deydi u.

Bu orada batalonga berilgan yangi maxfiy qurolning Afg‘onistonda qoldirilayotganini eshitib, uniyam samolyotga ortish buyuriladi. Bu uchun 2 soat sarflanadi va uchish vaqti o‘zgaradi. Shu vaqt ichida samolyotni urib tushirishi kerak bo‘lgan artilleriya boshqa topshiriqlarini bajarish uchun chalg‘ib tarkib eson-omon uchib ketgan degan taxminlar bor.

“Alam qiladigani shuki, qayerdadir shu urush haqida gap ketib qolsa, nima bo‘pti, biz yubormaganmiz-ku sizlarni, degan gaplarni eshitdik. Xuddi biz o‘zimiz borgandek... Qasamyodimizga sodiq bo‘lib, o‘sha yerga borganmiz buyruq bilan. Yuqoridagi siyosatchilar xatosi bilan biz shunga mahkum bo‘lganmiz. Butun dunyo agressiya deb qabul qildi buni, biz esa aybdor bo‘lib qoldik. Har doimgidek ijrochi aybdor bo‘ldi”, – deydi alam bilan Toshpo‘lat Qodirov.

Musulmon batalonida xizmat qilganlarga “Afg‘on urushi qatnashchisi” maqomi berilmagan. Vazifa bajarilgach tirik qolganlardan sirni oshkor qilmaslik haqida tilxat olingan va 1980 yilning may oyida batalon tarkibi tarqatib yuborilgan.

“Askarlardan 30 yil davomida hech kimga hech narsa, qayerda bo‘lishgan, kimlar bilan nima qilishgani to‘g‘risida aytish mumkin emasdi. Ular faqat 1979 yil 26 aprelgacha bo‘lgan davr to‘g‘risida gapira olishlari mumkin edi xolos. Hatto Chirchiqda mashg‘ulotlar davrida ham askarlarga o‘z uylariga xat yozish ham taqiqlangandi. Tarkib tarqatildi. Faqat ofitserlar qoldi. 1980 yilning oktyabrida bizning harbiy qismga 154-maxsus topshiriqli alohida otryad nomi berilib, jangovar bayroq va muhr topshirildi. Ungacha bizning harbiy qism na Qurolli kuchlar, na 40-armiya tarkibida bor edi, biz xuddi yo‘q edik. Faqatgina qog‘ozlarda, shtat-lavozim kitoblarida bor edik, Mabodo bizni jangovar harakatlar vaqtida yo‘q qilib tashlashsa, bizni hech kim esga ham olmasdi, uyiga “xizmat faoliyati davrida halok bo‘lgan” deyilgan bo‘lar edi, xolos”, – deydi Rashid Abdullayev.

“Bo‘ron-333” operatsiyasida birinchi “musulmon bataloni”ning ishtiroki yaqin-yaqingacha umuman tilga olinmagan. Hujum payti halok bo‘lgan serjant va askarlarning jasadlari uylariga jo‘natilganda ham yaqinlariga ular qayerda va qanday halok bo‘lgani haqida aytilmagan. Faqat sovet ittifoqi hududida xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan, deb aytilgan, xolos.

Maqsuda Abduqayumova, jurnalist
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid