Jahon | 12:50 / 11.05.2023
11187
2 daqiqa o‘qiladi

Londondagi razvedka: Rossiya Mudofaa vazirligi mahbuslarni yollayapti

Britaniya harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi 2023 yil boshidan beri Ukrainaga qarshi urush olib borish uchun mahbuslarni jalb qilmoqda. 

Foto: Vladimir Smirnov / TASS

Ilgari "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasi mahkumlarni urushga yollash bilan shug‘ullangandi. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2023 yil aprel oyida 10 000 ga yaqin mahbus faol armiya bo‘linmalari safiga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin. 

Ushbu kampaniya Rossiyada aholi orasida nomaqbul bo‘lgan yangi safarbarlikning oldini olish uchun xodimlar sonini oshirish maqsadida boshlangan, deyiladi xabarda.

Avvalroq "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasi Rossiyada sport klublari negizida bir nechta yollash markazlarini ochgandi. Bu haqda 4 mart kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi voqealarini har kuni sarhisob qilib boruvchi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lum qilgan. 

Xabarda ta’kidlanganidek, "Vagner" XHKga qabul qilish punktlari Rostov-Don shahridagi "Antares" sport klubida, Tyumenda boks federatsiyasi binosida, Samarada "Dinamo" sport jamiyati binosida ochilgan. Bundan tashqari, "Vagner guruhi"ning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, Moskvadagi sakkizta sport klubi negizida qabul qilish markazlari ish boshlagan.

ISW "Vagner" XHK mahbuslarni yollashdagi to‘siqlar tufayli yangi ishga qabul qilish kanalini yaratmoqda, deb hisoblaydi. Prigojin 9 fevraldayoq bu qaror sabablarini tushuntirmasdan, xususiy harbiy kompaniya mahbuslarni yollashni butunlay to‘xtatganini e’lon qildi. Mart oyi boshida u, shuningdek, XHK "shaxsiy tarkib bilan, shu jumladan mahbuslar bilan to‘ldirilishiga yo‘l qo‘yilmasligini" aytdi. 

Mavzuga oid