O‘zbekiston | 17:08 / 15.05.2023
36983
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaliqda “qizil”da o‘tgan Damas haydovchisi 2 nafar maktab o‘quvchisini urib yubordi

Toshkent viloyati IIBB YHXBning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, o‘quvchi qizlardan birining ahvoli og‘ir. Bosh prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi maktabning 2 nafar o‘quvchi qizlarini avtomashina urib yuborgani aks etgan videolar tarqaldi.

Ma’lum bo‘lishicha, holat 15 may kuni ertalab sodir bo‘lgan. Ushbu tumanda 19 yoshli S.X. “Damas” avtomashinasida “Tinchlik” ko‘chasidagi chorrahadan yo‘lni kesib o‘tayotgan 14 yoshli 2 nafar maktab o‘quvchilarini urib yuborgan. YTHga Damas haydovchisining svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanishi sabab bo‘lgan.

Toshkent viloyati IIBB YHXBning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, o‘quvchi qizlardan birining ahvoli og‘ir: bosh miya yopiq jarohatini olgan, hozir reanimatsiyada. Yana biri esa yengil jarohat olgan, ahvoli yaxshi. Ikkalasi ham Olmaliq shahar markaziy shifoxonasiga olib kelingan.

Hodisa yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan, shuningdek, Olmaliq tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ishni nazoratga olgan Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid