Jahon | 13:16 / 17.05.2023
6513
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Vakillar palatasi Rossiyani Gershkovichni ozod qilishga chaqirdi

AQSh Vakillar palatasi qo‘mitasi Rossiya Federatsiyasini josuslikda ayblangan Gershkovich va Uilanni ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyalarni bir ovozdan ma’qulladi.

Foto: Reuters

AQSh Vakillar palatasining Xalqaro aloqalar qo‘mitasi Rossiya hukumatini The Wall Street Journal (WSJ) jurnalisti Evan Gershkovichni va Rossiya Federatsiyasida josuslikda ayblangan Pol Uilanni ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyalarni qabul qildi. Bu haqda 16 may, seshanba kuni The Wall Street Journal nashri xabar bermoqda.

Har ikki rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Endi ular uchun Vakillar palatasi to‘liq ovoz berishi kerak. Yuridik kuchga ega bo‘lmagan hujjatlarning qabul qilinishi Gershkovich va Uilanning qaytishi bo‘yicha AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatiga bosimni kuchaytiradi, deb ta’kidlaydi WSJ.

Rezolyutsiya Gershkovichni ozod qilishdan tashqari, Moskvadan AQSh konsulligi xodimlariga u bilan to‘siqsiz uchrashishga ruxsat berishni talab qiladi va Bayden ma’muriyatini uning hibsga olinishini Rossiya rasmiylari bilan muhokama qilishga chaqiradi.

“Rossiyada Evan Gershkovichni qamoqda saqlashga asos yo‘q, u begunoh amerikalik jurnalist”, deyiladi rezolyutsiya matnida. “Evan aybsiz, u faqat Rossiyadagi yangiliklarni yoritishda o‘z ishini bajarayotgan edi”, — deya Vakillar palatasining respublikachilardan a’zosi Maykl Makkol hujjat qabul qilinishiga izoh berdi. "Rossiya yangi bosqichga ko‘tarildi. Biz Evanni qo‘llab-quvvatlashimizni, Pol Uilanni qo‘llab-quvvatlashimizni, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashimizni ochiq aytishimiz kerak", - deydi qo‘mitada eng yuqori darajadagi demokrat Gregori Miks.

Mavzuga oid