O‘zbekiston | 17:23 / 25.05.2023
56885
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi ko‘p qavatli uy balkonidan Ukraina bayrog‘i olib tashlandi

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Yangi Moskva turar joy kompleksida, 8-qavatdagi uylardan birining balkonida turgan Ukraina bayrog‘i maxsus vositalarni jalb qilgan holda olib tashlandi. Bu paytda uyda bo‘lmagan xonadon egasining aytishicha, voqeadan oldin unga IIB xodimi qo‘ng‘iroq qilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Internetda tarqalgan suratlarda bayroqni olib tashlash uchun o‘t o‘chirish mashinasining narvonidan foydalanilganini ko‘rish mumkin.

Xonadon egasi Rejyep Latipovning BBC o‘zbek xizmatiga aytishicha, voqea 24 may kuni soat 18:00 atrofida ro‘y bergan. U o‘sha paytda uyda hech kim bo‘lmagani, o‘zi turmush o‘rtog‘i bilan Turkiyada ekanini bildirgan.

Latipovga ko‘ra, bayroq olib tashlanishidan 3 soatcha avval o‘zini Mirzo Ulug‘bek tumani IIB xodimi deb tanishtirgan shaxsdan qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

“Adashmasam, o‘zini jinoyat-qidiruv bo‘limidan Murod deb tanishtirdi. Shu uy menga tegishli ekani haqida so‘radi. Yana o‘zingiz yo rafiqangiz Ukraina fuqarosi emasmi, degan savol berdi. Men yo‘q, dedim. Keyin nega balkonimda Ukraina bayrog‘i turgani sababini surishtirdi”, – deydi xonadon egasi.

Uning ta’kidlashicha, ichki ishlar xodimi bilan suhbatda bayroq o‘ziga tegishli xonadonning balkoni ichida, ya’ni o‘z shaxsiy mulki hududida turganini aytgan.

“U o‘zimning, rafiqamning tug‘ilgan yiliga oid bir necha shaxsiy savollardan so‘ng bayroq olib tashlanishini ta’kidladi. Men hech bo‘lmasa, Telegram orqali nega bayroq olib tashlanishi haqida yozma izoh berishlarini so‘radim, asossiz olib tashlay olmasliklarini aytdim. Xodim kelsangiz tushuntiramiz, bizda olib tashlashga topshiriq bor, dedi”, – deya o‘zaro suhbat tafsilotlarini keltirgan Rejyep Latipov.

51 yashar fuqaro bayroq haqida ichki ishlarga kim va nima sababdan xabar bergani o‘zi uchun qorong‘i ekanini qo‘shimcha qiladi.

“Ochig‘i, bayroqni aynan kim olib tashlaganini bilmayman. Bilganim – bu qo‘shnilar yuborgan xabar, suratlar, videolar. Ular militsiyaga bayroq o‘tgan yildan beri o‘sha joyda turgani, o‘zlari tomonidan biror qarshilik yoki savollar bo‘lmaganini aytishibdi”.

Uy egasining aytishicha, u Ukrainaning Chernovsy shahrida tug‘ilgan, ammo doimiy O‘zbekistonda yashab, ishlab keladi.

"Bayroqni Kiyevdagi do‘stlarim sovg‘a qilishgan. Ularga qo‘llovimni ko‘rsatish uchun ham bayroqni uyimda saqlaganman. Qayta-qayta takrorlashim lozim, bayroq shunchaki balkonda turgan edi, ko‘chaga chiqarib ilib qo‘yilmagandi.

U o‘tgan yilning mart oyidan beri bir joyda turardi. Shu paytgacha TSChJ yoki boshqa joydan biror savol bo‘lmagandi.

Pandemiya va urushga qadar Ukrainada ko‘p bo‘lganman. Ukrain tilini bilmasam-da, odamlar bilan muloqotda biror muammoga uchramaganman. Rossiyada ham do‘stlarim ko‘p. Menda Rossiya fuqarolariga nisbatan hech qanday adovat, nafrat mavjud emas. Men faqat urush va u keltirayotgan kulfatdan nafratlanaman.

Mening pozitsiyam aniq – men urushga qarshiman va bu urushda Ukrainani qo‘llayman”, deya Latipovning so‘zlarini keltirmoqda BBC.

Holat ijtimoiy tarmoqlarda faollarning keskin tanqidlariga sabab bo‘lmoqda. Ichki ishlar vazirligi holatga hozircha munosabat bildirmadi.

Mavzuga oid