O‘zbekistonlik deputat rossiyalik hamkasbiga «o‘z qonunchiligi bilan ishlash»ni tavsiya qildi
«Yuksalish» milliy harakati raisi Bobur Bekmurodov «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi rahbari Sergey Mironovga boshqa mamlakatlar qonunlarini tanqid qilish o‘rniga, Rossiya qonunchiligi ustida ishlashni maslahat berdi. Shu tariqa Bekmurodov Mironovning O‘zbekistonda xorij armiyasiga yollanish taqiqlangani haqidagi tanqidiga javob qaytardi.
Rossiyaning «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi rahbari Sergey Mironov avvalroq, YeOII tashkilotiga a’zo davlatlarning rus millatiga mansub fuqarolari Ukrainadagi urushga borishni istasa, qonun oldida javob berishi mumkinligiga e’tiroz bildirgan edi.
«Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo va kuzatuvchilardir. Agar ushbu mamlakatlar fuqaroligiga ega bo‘lgan ruslar o‘z tarixiy vataniga yordam berishga va «maxsus harbiy operatsiya»da ishtirok etishga qaror qilsa, qamaladi. Bu bema’nilik! Biz bu masalani davlatlararo darajada hal qilishni taklif qilamiz! Agar gap [YeOII tashkilotiga] a’zo davlat manfaatlarini himoya qilish haqida ketayotgan bo‘lsa, unda, albatta, jinoiy ta’qib bo‘lishi mumkin emas», degan edi Mironov.
«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov rossiyalik hamkasbiga avvalo o‘z qonunchiligini o‘rganib chiqishni tavsiya qildi.
«Bizningcha, Mironov bu masalaga salbiy munosabat bildirgandan ko‘ra, o‘z qonunchiligi bilan ishlagani ma’qul. Chunki, avvalo, Rossiya Federatsiyasining o‘zida yollanganlik uchun jinoiy javobgarlik bor. RF Jinoyat Kodeksining 359-moddasida yollanish uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Va unda harbiy nizoda ishtirok etayotgan davlatning fuqarosi bo‘lmagan va bu davlat hududida doimiy yashamaydigan shaxsning moddiy manfaatdorlik yo‘lida harakat qilishi yollanish deb topilishi belgilangan», deb yozdi Bekmurodov ijtimoiy tarmoqda.
Deputatning eslatishicha, O‘zbekistonning tashqi siyosati boshqalar bilan birga kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik prinsipiga asoslanadi.
«O‘zbekiston suveren mamlakat va biz geosiyosiy va ayniqsa boshqa davlatlardagi harbiy vaziyatga qarab qonunchiligimizni moslashtiradigan, boshqalar uchun qulay qonunlar qabul qiladigan davlat emasmiz. O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi», deb yozdi u.
Bekmurodov xorij davlati armiyasiga yollanish oqibatlarini nazarda tutuvchi qonunchilik me’yorlarini ham eslatdi.
«O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksining 154-moddasida o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanganlik uchun jinoiy javobgarlikka tegishli norma 1994 yilda qabul qilingan. O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi 154-1-modda esa 2003 yilda kiritilgan», deb yozdi u.
Shu bilan birga, deputat O‘zbekiston YeOII a’zosi emasligini ham eslatdi.
«Mironovning YeOIIga a’zo emasligimizni bilmasligi haqida gapirmadik», deb yozdi u.
Mavzuga oid
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
21:19 / 09.12.2024
Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV
18:06 / 09.12.2024
«Men va Putin» - Turkiya prezidenti dunyoda faqat ikki yetakchi qolganini aytdi
16:51 / 09.12.2024