Jahon | 16:04 / 07.06.2023
12554
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaning «Shimoliy oqim»ga hujum qilish rejalari haqida bir yil oldin bilgan - WP

Diversiyadan uch oy oldin Oq uy ittifoqchidan Kiyev «Shimoliy oqim»ga hujumga tayyorlanayotgani haqida ma’lumot oldi. Operatsiya Zalujniyning bevosita nazorati ostida tayyorlangan, deb xabar berdi WP. 

Foto: Reuters

«Shimoliy oqim»dagi diversiyadan uch oy oldin AQSh prezidenti ma’muriyati yevropalik ittifoqchidan Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning bevosita nazorati ostida Ukraina harbiylari gaz quvurlariga hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot olgan, deb xabar berdi The Washington Post (WP) 6 iyun, seshanba kuni Pentagonning yirik miqyosda sizib chiqqan hujjatlariga tayanib. 

Ushbu hujjatlarga ko‘ra, «Shimoliy oqim»ga hujum Vashingtonga ma’lum bo‘lgan vaqtda sodir bo‘lmagan, ammo keyinchalik qayd etilgan portlashlar o‘z vaqtida kuzatilgan. Hujum rejasining tafsilotlari Yevropa davlatlaridan birining razvedka xizmati tomonidan to‘plangan va bir yil avval Markaziy razvedka boshqarmasiga topshirilgan. Markaziy razvedka boshqarmasi hujjatni Germaniya va boshqa Yevropa ittifoqchilari bilan bo‘lishgan. Razvedka hisoboti Ukrainadagi manbadan olingan ma’lumotlarga asoslangan. Unda rasmiy Kiyevni «Shimoliy oqim» hujumiga bog‘lashi mumkin bo‘lgan eng aniq dalillar mavjud.

Xabarda aytilishicha, operatsiyaga Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy boshchilik qilishi kerak edi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy u haqda bilmagan, bu esa, nashrga ko‘ra, G‘arbda g‘azabga sabab bo‘lishi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga tahdid solishi mumkin bo‘lgan hujumga Kiyevning aloqadorligini asosli ravishda rad etishga imkon bergan. Bu, ayniqsa, urushdan oldin tabiiy gazning yarmini Rossiyadan olgan va uzoq vaqt davomida «Shimoliy oqim» loyihasini himoya qilgan Germaniyaga tegishli edi.

WP ma’lumotlariga ko‘ra, amaliyot G‘arb davlatlarining 2022 yil iyun oyida Boltiq dengizida bo‘lib o‘tgan yirik harbiy-dengiz mashg‘ulotlaridan so‘ng darhol amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. O‘sha paytda G‘arb razvedkasi ishongan ukrainalik manbaga ko‘ra, soxta pasportga ega olti Ukraina maxsus kuchlari vakili manziliga yetib borish uchun yaxtani ijaraga olib, keyin sho‘ng‘ish uskunalari bilan gaz quvuri tubiga yetib borib, uni minalab qo‘yishi kerak edi. Ammo yakunda noaniq sabablarga ko‘ra operatsiya sentabr oyigacha «to‘xtatildi».

Mavzuga oid