Daryoning ikki sohilida evakuatsiya. Xerson oblastida suv toshqini oqibatlari suratlarda
Dniproning chap sohilida (Rossiya okkupatsiyasi ostidagi hududlar) - va uning o‘ng sohilida (bu hudud Ukraina nazoratida) GESdagi halokatdan keyin nimalar bo‘lmoqda?
6 iyun tongida Xerson oblastining Nova Kaxovka shahri yaqinida (Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan) Kaxovka GES to‘g‘oni buzilib ketdi — Kaxovka suv omboridagi suv Dniproning quyi oqimiga nazoratsiz quyila boshlandi.
Shaharning Kreml tomonidan tayinlangan «meri» Vladimir Leontev avvaliga to‘g‘on vayron bo‘lgani haqidagi ma’lumotni rad etdi, ammo keyin uning ma’muriyati go‘yoki Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yo‘llangan tungi zarbalar oqibatida stansiyaning bir qismi vayron bo‘lganini tasdiqladi. Leontev ham, Ukrainaning «Ukrgidroenergo» kompaniyasi ham Kaxovka GESni tiklab bo‘lmasligini ma’lum qilgan.
Kiyev hodisada Rossiyani aybladi: Volodimir Zelenskiy keltirgan versiyaga ko‘ra, «konstruksiya ichkaridan portlatilgan». Rossiya tomoni GES vayron bo‘lishi «Ukraina tomonining qasddan sodir etilgan diversiyasi» oqibati bo‘lib, bundan maqsad — Qrimni suvdan mahrum etish ekanini ma’lum qildi. Vladimir Leontev Qrimga suv yetkazishda muammo bo‘lmasligini, Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksenov — Qrimdagi «suv ombori avvallari 15-20 foizga to‘ldirilgan bo‘lsa, ayni vaqtda 80 foizga to‘lgan holatda» ekanini aytdi. Shu bilan birga, u Shimoliy Qrim kanali qurib qolishi xavfi mavjudligini qayd etdi.
GESdan taxminan besh kilometr janubda joylashgan Nova Kaxovka shahri amalda suv ostida qoldi — Vladimir Leontevga ko‘ra, shaharda suv sathi 10-12 metrga ko‘tarilgan. Shuningdek RF okkupatsiyasi ostidagi, Nova Kaxovkadan taxminan 60 kilometr masofadagi Oleshki shahri butunlay suv ostida qolgan. Shuningdek, yana bir qancha shahar va qishloqlarni qisman suv bosgan. Xerson oblastining Rossiya nazoratidagi qismi ham, Ukraina tomoni ham evakuatsiya e’lon qilgan. Tomonlar jabrlanganlar va qurbonlar haqida ma’lumot bermagan.
Rossiya nazoratidagi chap sohil
Kaxovka GESda to‘g‘on vayron bo‘lishi ortidan Nova Kaxovka hududida favqulodda holat rejimi joriy etildi.
Xerson oblastining Rossiya ta’siridagi ma’muriyatiga ko‘ra, 22 mingdan ortiq (40 minggacha) odam yashovchi 14 ta aholi punkti halokat hududida qolgan. Xerson oblastining anneksiya qilingan qismiga Moskva tomonidan tayinlangan gubernator Vladimir Saldo bergan ma’lumotga ko‘ra, rossiyalik harbiylar tomonidan minalangan maydonlar ham suv ostida qoldi. Ukraina armiyasi «Janub» operativ qo‘mondonligi rasmiysi Natalya Gumenyuk mahalliy aholini suv minalarni aholi yashash hududlariga olib borib tashlashi mumkinligidan ogohlantirgan.
7 iyun kuni tongida Xerson oblastining anneksiya qilingan qismida to‘liq favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Nova Kaxovka shahrining Rossiya ta’siridagi meri Vladimir Leontev shaharda kamida yetti kishi bedarak yo‘qolgani, chap sohildagi bir qancha posyolkalar to‘lig‘icha suv ostida qolgani haqida xabar berdi. Vladimir Saldo regiondagi barcha jabrlanganlarga moddiy yordam ko‘rsatilishini va’da qildi.
Ukraina nazoratidagi o‘ng sohil
Ukraina bosh vaziri Denis Shmigalning so‘zlariga ko‘ra, Xerson oblastida 80 ta aholi yashash punktlari suv bosish xavfi ostida qolgan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Dniproning o‘ng sohilida 16 ming kishi yashaydigan hududlar suv toshqini xavfi zonasida qolgan.
6 iyun kuni kechga kelib Xerson shahridan 1,3 ming kishi evakuatsiya qilindi. Qutqaruvchilar va ko‘ngillilar odamlarni otishmalar ostida xavfsiz joyga ko‘chirishiga to‘g‘ri keldi — evakuatsiya vaqtida Rossiya qo‘shinlari Ostrov mikrorayoniga zarbalar yo‘llagan. Jabrlanganlar yo‘q.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024