O‘zbekiston | 21:41 / 12.06.2023
13057
2 daqiqa o‘qiladi

5 mln so‘mgacha ustama, soliq imtiyozi va yangi shifoxona. Prezident – Qoraqalpog‘iston tibbiyoti haqida

Qoraqalpog‘istonning olis va chekka ovullarida ishlayotgan barcha malakali tibbiyot xodimlariga 5 mln so‘mgacha ustama beriladi. 6 ta tumanda esa ustama miqdori 200 foizga ko‘tariladi. Qoraqalpog‘iston aholisining statsionarda davolanish xarajatlari daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Foto: O‘zLiDeP

Toshkentda mavjud bo‘lgan barcha zamonaviy tibbiy xizmatlar Nukusda ham yo‘lga qo‘yiladi, olis va chekka ovullardagi tibbiyot xodimlariga 5 million so‘mgacha alohida ustama beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Prezidentlikka nomzodning so‘zlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi Onkologiya va radiologiya markazi filiali uchun yangi bino quriladi va zamonaviy uskunalar bilan to‘liq jihozlanadi. Uning hududida bemorlarning yaqinlari vaqtincha yashab turadigan yotoqxona barpo etiladi.

Kelasi yildan Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irotda ham 200 foizlik oylik ustama to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Ta’kidlanishicha, hozirda ustama 100 foiz bo‘lgani uchun, bu tumanlarga vrachlar bormayapti.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi olis va chekka ovullarda ishlayotgan barcha malakali tibbiyot xodimlariga 5 million so‘mgacha alohida ustama beriladi.

“Faqat Qoraqalpog‘iston uchun, aholining statsionarda davolanish xarajatlarini daromad solig‘idan ozod qilsak, o‘ylaymanki, adolatli ish bo‘ladi”, – dedi Mirziyoyev.

Ijtimoiy reyestrga kirgan aholi order asosida Toshkent shahri yoki boshqa viloyatga davolanishga kelganida, ularga avia va temiryo‘l xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Shu bilan birga, qoraqalpog‘istonlik bolalarga yuqori texnologik operatsiyalar uchun homiylik qilgan tadbirkorlarning ushbu xarajatlari soliq undirish bazasidan chegirib tashlanadi.

Mavzuga oid