O‘zbekiston | 17:47 / 23.06.2023
12355
3 daqiqa o‘qiladi

Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Xalqaro musulmon ulamolari kengashiga a’zo bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu hodisa barchaga mamnuniyat bag‘ishlashini ta’kidlab, O‘zbekistonda Islom ulamolarining xalqaro konferensiyasini o‘tkazib borishni taklif qildi. Bunga qadar O‘zbekistondan faqat marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari Dohadagi ushbu nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lgan.

Foto: KUN.UZ

22 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Xalqaro musulmon ulamolar kengashiga a’zo sifatida qabul qilindi. Idora matbuot xizmatiga ko‘ra, bu haqda Xalqaro musulmon ulamolar kengashi raisi, professor doktor Aliy Muhyiddin Qoradog‘iy tomonidan yuborilgan xatda ma’lum qilingan.

“Professor doktor Aliy Muhyiddin Qoradog‘iy o‘z maktublarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va ulamolari bilan hamkorlik qilish imkoniyati paydo bo‘lganidan mamnun ekanini izhor etgan. Musulmonlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash va mavjud muammolarga birgalikda yechim topishga umid bog‘lagan. Shuningdek, mazkur hamkorlik aloqalari ushbu oliy maqsadlar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi va ilmiy-ma’rifiy tajriba almashishga asos bo‘lishiga ishonch bildirgan”,deyiladi idora xabarida.

22 iyun kuni Surxondaryoda saylovchilari bilan uchrashgan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ham bu hodisa barchaga mamnuniyat bag‘ishlashini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, prezident Islom ulamolari ishtirokida xalqaro konferensiya o‘tkazib borishni taklif qildi.

“Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari Qatardagi Xalqaro musulmon ulamolar kengashiga a’zo bo‘lganlari barchamizga mamnuniyat bag‘ishladi. Bu ham o‘tgan davrda diniy-ma’rifiy sohada olib borgan islohotlarimizning xalqaro e’tirofi, xalqimizning Islom dini rivojiga qo‘shayotgan hissasiga berilgan yana bir yuksak baho, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Yurtimizda islom olamining yetuk ulamolari ishtirokida har ikki yilda Xalqaro islom ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazib borsak, nima deysizlar?” – deya nomzodning so‘zlarini keltirmoqda O‘zA.

Ma’lumot o‘rnida, Xalqaro musulmon ulamolar kengashi 2004 yilda 50 nafar ulamo tomonidan tuzilgan mustaqil, nufuzli tashkilot. Bosh qarorgohi Qatar poytaxti Doxa shahrida joylashgan.

Tashkilot maqsad va vazifalari qatoriga Islom ulamolarning jamiyatdagi mavqeyini oshirish, ummat oldidagi muammolarni hal etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va amaliy sa’y-harakatlarni amalga oshirish kiradi. Shuningdek, tashkilot Islom dini ma’rifatini keng tarannum etish, zamonaviy axborot vositalari orqali din ta’limotlarini ommaga yetkazish, har bir faoliyatda ilm-fan va mo‘’tadillikka asoslanish hamda mo‘min-musulmonlar hayotidagi muhim masalalar bilan shug‘ullanadi.

Hozirgi kunda Kengashga musulmon dunyosidagi eng ko‘zga ko‘ringan 46 nafar nufuzli ulamo a’zo sifatida qabul qilingan. Bunga qadar O‘zbekistondan faqatgina marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan.

Mavzuga oid