TMZ bankrotlik yoqasida. Ofshordagi kompaniyalar loyihani tark etdi
Toshkent metallurgiya zavodi 2017-2022 yillarda taxminan 79,5 mln dollar zarar ko‘rgan. Bu loyihaning umumiy qiymati 334,5 mln yevroni tashkil etib, shundan 179,6 mln yevrosi tashqi kreditlar edi. Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ta’sischi ofshor kompaniyalar loyihadan chiqib ketdi, bankrotlik xavfi ostidagi zavod va uning qarzlari davlat jamg‘armasining zimmasida qoldi.
Joriy yilning 22 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida Toshkent metallurgiya zavodi ta’sischiligiga oid sud ishi ko‘rib chiqilgan.
Zavodning 49,9 foizlik ulushga ega ta’sischisi – O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi sudga murojaat qilib, korxonaning qolgan ikki ta’sischisi – Kiprning Metalloinvest Holding (41,87 foiz) va Miramonte Investmens (8,23 foiz) ofshor kompaniyalariga qarshi da’vo arizasi kiritgan.
TMZ 2017 yil 26 yanvarda MChJ sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Keyinchalik, jamiyat ustavining yangi tahriri tasdiqlanadi va u qo‘shma korxona sifatida qaytadan tashkil etiladi.
Gazeta.uz'ning e’tibor qaratishicha, sudga da’vo kiritgan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kombinatda bugungi kunda moliyaviy qiyinchilik yuzaga kelgani, 2022 yil yakunlari bo‘yicha sof zarar 316,8 mlrd so‘mni, 2017-2022 yillarda to‘plangan zarar esa 916,92 mlrd so‘m (taxminan 79,5 mln dollar)ni tashkil etganini ko‘rsatib, korxonaning moliyaviy holatini yaxshilash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlaydi. Jumladan, qo‘shma korxona ta’sischilari 2023 yilga mo‘ljallangan biznes-rejani tasdiqlashi, ilgari jalb qilingan, muddati o‘tib ketgan kreditlarni qaytarish muddatlarini uzaytirishi kerak bo‘lgan.
Shuningdek, qarzlar va boshqa turdagi kreditlar berishga ixtisoslashgan, ustav kapitali 10 ming rubl (taxminan 111 dollar) bo‘lgan Rossiyaning “Xalqaro moliya texnologiyalari XXI” kompaniyasidan qo‘shimcha mablag‘ jalb etish kerakligi aytilgan. Bu korxonadan Rossiya Markaziy bankining asosiy stavkasiga (7,5 foiz) teng bo‘lgan foiz stavkasi bilan 24 oy muddatga 1,5 milliard rubl (16,7 million dollar) jalb qilish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, 2018 yil 24 oktyabrdagi sindikatlashtirilgan kredit shartnomasi shartlariga muvofiq zavod mulkini garovga qo‘yish va boshqa masalalarni hal etish ko‘zda tutilgan.
19 aprel kuni TMZ barcha ta’sischilarga, shu jumladan javobgar tomon – Metalloinvest Holding va Miramonte Investmens'ga qaror qabul qilish muhim bo‘lgan masalalar ro‘yxati bilan ishtirokchilarning navbatdagi umumiy yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risida bildirishnoma yuborgan. 2 va 5 may kunlari korporativ pochta orqali mazkur korxonalar rahbarlariga (javobgar tomonlarga) takroriy bildirishnomalar yuborilgan.
Kiprda ro‘yxatdan o‘tkazilgan Metalloinvest Holding'ning 100 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi “Oskol elektrometallurgiya kombinati” AJ o‘zining 5 maydagi maktubida javobgar tomon qo‘shma korxona faoliyatida, shu jumladan jamiyat a’zolarining umumiy yig‘ilishlarida qatnashishdan bosh tortishini ma’lum qilgan.
Sud qarorida keltirilishicha, “Oskol elektrometallurgiya kombinati” o‘zining jamiyat ta’sischilari ro‘yxatidan chiqarib yuborilishiga qarshilik bildirmagan.
“Oskol elektrometallurgiya kombinati” AJ – Metalloinvest tuzilmasi bo‘lib, USM holdingiga tegishli. Holding egalaridan biri – milliarder Alisher Usmonov.
Ikkinchi javobgar tomon Miramonte Investmens ham, AQSh Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Alisher Usmonovga aloqador. Bu kompaniya 2022 yil martidan beri TMZ faoliyatida, shu jumladan kompaniya ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishlarida qatnashmagan va jamiyat murojaatlarini javobsiz qoldirgan.
“Javobgar tomonlarning harakatsizligi jamiyatni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun eng muhim qarorlarni qabul qilishni imkonsiz qilib qo‘ymoqda, bu esa, o‘z navbatida, kompaniyaning kreditorlar oldidagi majburiyatlarini bajarishga imkon bermaydi va kompaniyani bankrotlik xavfi ostiga qoldiradi”, deyilgan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi da’vosida.
12 iyun kuni Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati da’voni qanoatlantiradi va Kipr kompaniyalari zavod ta’sischilari ro‘yxatidan chiqariladi. Shuningdek, javobgar tomondan 3,3 million so‘m sud xarajatlari undirilishi belgilanadi.
Jamg‘arma sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyatini beradi va sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi qarorni o‘zgartirishni, xarajatlarni TMZdan undirishni so‘raydi. Apellyatsiyaga sabab qilib javobgar tomon Kipr rezidentlari ekani, O‘zbekistonning bu davlat bilan o‘zaro huquqiy yordam bo‘yicha ikki tomonlama kelishuviga ega emasligi, shu sababli sud xarajatlarini javobgarlardan undirish imkonsiz ekani ko‘rsatiladi.
Biroq apellyatsiya instansiyasi sudi da’vogarning vajlari Iqtisodiy protsessual kodeksning 118-moddasi bo‘yicha sud xarajatlarini qo‘shma korxonaga yuklash uchun asos bo‘la olmaydi, deb hisoblab, sudning 22 iyun kungi qarorini o‘zgarishsiz qoldiradi.
Toshkent metallurgiya zavodi haqida
2017 yil 7 aprelda O‘zbekiston prezidentining “Toshkent metallurgiya zavodi qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinadi. Dastlab, loyihaning umumiy qiymati 278,2 million yevroga baholangan bo‘lsa, keyinchalik bu miqdor 334,47 mln yevrogacha oshiriladi.
Shundan 164,5 million yevro Rossiya eksport-import bankining 10 yilga berilgan krediti, 154,7 million yevro Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari, 15,1 million yevro esa Asakabank krediti hisoblanadi. Loyihaning o‘zini qoplash muddati 9,3 yil deb ko‘rsatiladi.
Zavodni 49,7 gektar maydonda qurish loyihasi Rossiyaning “Metprom” guruhi tomonidan tayyor holatda topshirish sharti asosida amalga oshirildi, ya’ni guruh ham loyihachi, ham bosh pudratchi bo‘lgan. Zavod Italiyaning Danieli kompaniyasi texnologiyasi va avtomatlashtirilgan uskunalari bilan jihozlangan.
Loyihani amalga oshirishni SFI Management Group xorijiy kompaniyasi boshqarib, qurilish va foydalanishga topshirishning barcha bosqichlarini, jumladan, loyihani ishlab chiqish, barcha manfaatdor tomonlar bilan muzokaralar olib borish, investitsiyalar, kreditlar jalb qilish va xorijiy mutaxassislarni jalb etishni to‘liq nazorat qilgan.
Gazeta.uz'ning qayd etishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev zavod ishga tushirilishi bilan O‘zbekistonda metallurgiya mahsulotlarini ishlab chiqarish zanjiri shakllantirilishi, mahalliy korxonalarda lokalizatsiya darajasi sezilarli darajada oshishini ta’kidlagan. Zavod ishga tushirilishi bilan birinchi bosqichda yiliga 400 million dollar chet el valutasining mamlakatdan chiqib ketishining oldi olinishi kutilgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston 2,09 milliard dollarlik cho‘yan va po‘lat, 577,7 million dollarlik metall buyumlar import qilgan. 2022 yil oxirida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 2,5 milliard va 730,8 million dollarga oshgan.
Bundan tashqari, 2020 yilning 30 iyuniga qadar kengligi 600 mm va undan ortiq (TN TIF kodlari 7210 49 000 0 va 7210 70 800 0) prokat yoki qotishmagan po‘lat importi uchun bojxona to‘lovlari undirilmagan. Keyin esa tovar bojxona qiymatining 10 foizi miqdorida boj joriy etildi. Hozir boj stavkasi 10 foiz, lekin 1 kg uchun 0,25 dollardan kam bo‘lmagan miqdorni tashkil etadi.
Ta’kidlash lozim, TMZ loyihasini amalga oshirish barobarida, «O‘zmetkombinat» AJ qoshida litiy-prokat majmuasini qurish ham boshlangan (narxi – 800 million dollar). Uning foydalanishga topshirilishi bilan TMZ bilan birgalikda «metallurgiya klasteri»ni yaratish rejalashtirilgan edi.
Ta’sischilar
Dastlab ustav kapitali 197,8 million yevro (hozir 154,8 mln dollar) bo‘lgan TMZning ta’sischilari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (49,9 foiz yoki 98,7 million yevro) va Niderlandiyaning Metallurgical Technology and Engineering B.V. kompaniyasi (50,1 foiz, 99,1 mln yevro) bo‘lgan.
Loyihani boshqargan SFI Management Group loyiha ulushdorlari qatorida bo‘lishni istagan. Natijada ta’sischilarning ro‘yxatida o‘zgarish bo‘lgan va Metallurgical Technology and Engineering B.V.ning ulushi 41,9 foizgacha kamayib, SFI Management Group 8,2 foiz ulushni qo‘lga kiritadi.
Biroz muddat o‘tganidan keyin, Metalloinvest Holding (Kipr) kompaniyasi Metallurgical Technology and Engineering B.V. o‘rnini egallab, 41,8 foiz, Miramonte Investmens esa SFI o‘rnini olib, 8,2 foiz ulush egasiga aylanadi.
2022 yil aprelida Toshkentda bo‘lib o‘tgan sanoat ko‘rgazmasida “Metalloinvest” bosh direktori Nazim Efendiyev kompaniya “investitsiya kiritib, TMZ kapitaliga kirgani”ni ma’lum qilgan. Shu tariqa, Metalloinvest Holding (Cyprus) Limited kompaniyasi Metallurgical Technology and Engineering B.V.ning o‘rnini egallab 41,8 foiz, Miramonte Investmens Limited esa SFIning o‘rnini olib 8,2 foiz ulush egasi bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, SFI guruhi, Alisher Usmonov Forbes nashriga bergan intervyusida aytishi bo‘yicha, milliarder Fattoh Shodiyevning akasi Qobil Shodiyevning oilasiga tegishli. Qobil Shodiyev Toshkent metallurgiya zavodiga prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi vaqtida prezidentga zavod haqida taqdimot qilgan.
Alisher Usmonov va unga aloqador kompaniyalar qatorida, “Metalloinvest” va Miramonte Investmens kompaniyalari 2023 yil aprel oyida AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga tushdi.
Mavzuga oid
23:23 / 04.12.2024
Alisher Usmonov FIE prezidentligiga saylanganidan biroz vaqt o‘tib, lavozimini ixtiyoriy ravishda topshirdi
22:28 / 02.12.2024
2025 yilda ko‘mir qazib olishni 10 million tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda
17:14 / 30.11.2024
Kipr Alisher Usmonovning singlisini “oltin pasport”dan mahrum qildi
16:36 / 30.11.2024