Damas Rossiyaga “parallel import” ko‘rinishida yetkazib berilayotgan bo‘lishi mumkin
Rossiyadagi dilerlik markazlarida Damas sotuvi yo‘lga qo‘yilgan . Narx – 11 ming dollar atrofida. Bu avtomobillar Qozog‘iston orqali “parallel import” ko‘rinishida yetkazib berilayotgan bo‘lishi mumkin. UzAuto Rossiyaga avtomobil yetkazib berishni o‘tgan yili mart oyida to‘xtatganini ma’lum qilgandi.
Rossiyalik avtomobil dilerlari Chevrolet Damas avtomobilini mamlakatga olib kirib, sotuv jarayonini tashkil qilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Rossiyskaya gazeta” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2023 yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Damas Rossiya bozorida 994 900 rubldan (taxminan 11 ming dollar ekvivalentida) sotilmoqda. Avtomobillar O‘zbekiston va Qozog‘istonda yig‘ilgan.
O‘tgan yilning fevral oyida Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi fonida AQShning General Motors kompaniyasi Rossiya bozoriga o‘z brendlaridagi avtomobillarni yetkazib berishni to‘xtatgandi.
2022 yilning mart oyidan UzAuto Motors ham Rossiyaga avtomobil eksportini to‘xtatdi. Eurasianet buni kompaniyaga yarimo‘tkazgichlar va mikrochiplar yetkazib beruvchi Janubiy Koreya Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarga qo‘shilgani bilan bog‘liqligini keltirib o‘tgandi.
O‘z navbatida, GM Eurasianet so‘roviga javoban, Chevrolet brendi ostidagi avtomobillar UzAuto tomonidan Rossiyaga yetkazib berilishi 2022 yilning 9 martidan to‘xtatilganini tasdiqlagandi.
Shunday bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, bir qancha markadagi Chevrolet modellari 2022 yil davomida “parallel import” sxemalari asosida Rossiyaga yetkazilgan va sotilgan bo‘lishi mumkin.
UzAuto Motors O‘zbekistonda sotuvda yo‘q avtomobillarni eng ko‘p ishlab chiqarmoqda
Statistika agentligining hisobotida keltirilishicha, UzAuto Motors 2023 yilning yanvar-may oylarida 120 631 dona yengil avtomobil ishlab chiqargan. E’tiborga molik jihati, o‘tgan 5 oy davomida 39 264 dona Cobalt, 27 961 dona Lacetti-Gentra, 26 815 dona Damas ishlab chiqarilgan. Bu – umumiy ishlab chiqarilgan avtomobillarning 78 foizini tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Damas, Labo, Cobalt va Gentra kabi eng ommabop modellar uchun shartnoma berish 2022 yilning dekabr oyi boshida to‘xtatilgan edi. Qariyb 7 oyga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu jarayon qayta tiklangani yo‘q.
Statagentlik axborotiga ko‘ra, joriy yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda quyidagi avtomobillar ishlab chiqarilgan:
- Cobalt – 39 264 dona (oshish – 0,9 foiz);
- Lacetti-Gentra – 27 961 dona (qisqarish – 21 foiz);
- Damas – 26 815 dona (qisqarish – 9,4 foiz);
- Tracker – 8 853 dona;
- Onix – 6 943 dona;
- Nexia T-250 – 1 992 dona (qisqarish – 78,7 foiz);
- Spark – 187 dona (qisqarish – 95,1 foiz);
- Maxsus yengil avtomobillar – 8 612 dona (oshish – 18,5 foiz).
Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida O‘zbekistonda 122 200 ta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Ya’ni o‘tgan bir yil ichida ishlab chiqarish 1 569 taga kamaygan.
Ishlab chiqarish qisqarib, ichki bozorga avtomobil yetkazib berish cheklanganiga qaramay, UzAuto Motors chetga avtomobil eksport qilishni davom ettirmoqda. Xususan, qo‘shni Qozog‘istonda 2023 yilning yanvar-may oylarida 17 636 dona Chevrolet brendidagi yangi avtomobillar sotilgan. Ayni paytda qo‘shni respublikadagi dilerlik markazlarida Damas'ga ham, Cobalt'ga ham, Gentra'ga ham va hattoki Nexia-3 va Spark uchun ham shartnoma olish mumkin.
Mavzuga oid
10:26 / 16.12.2024
Toshkent viloyatidagi temiryo‘l kesishmasida poyezd Damas’ni urib yubordi
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
21:19 / 09.12.2024
Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV
18:06 / 09.12.2024