Davlatchilik oldidagi 5 vazifa: siyosiy tizim yopilmasligi uchun nima ishlar qilish kerak?
O‘zbekiston siyosiy tizimi xuddi Markaziy Osiyodagi yoki Turkiy davlatlar hamjamiyatidagi qo‘shnilari kabi tadrijiy va barqarorlik siyosiy modelini davom ettirishga qaror qildi.
Odatda siyosiy tahlilchilar barqarorlik modelini idealistik liberal islohotlardan farqli yoki ancha teskari siyosiy model sifatida ko‘radi. Bu bilan O‘zbekiston qo‘shni davlatlar, misol uchun, Qozog‘iston, Turkiya yoki Ozarboyjon kabi o‘zining yaqin ittifoqchilari yoki qo‘shnilaridan farqlanmaslik borasida qaror qabul qilgani ko‘rinib turibdi.
Bu idealistik siyosiy islohotlar, idealistik va intensiv islohotlar yo‘li emas, imkon qadar ongli, o‘ylangan va nazorat qilingan taraqqiyot modeli deyish ham mumkin. Boshqacha aytganda avtoritar boshqaruv modeli.
Bunday avtoritar modelning ijobiy tomonlari ham bordir. Lekin uning o‘ziga xos muammoli taraflari albatta bo‘ladi. 2016 yilga qadar qattiq avtoritarizm davrini yashab o‘tdi va ikkinchi ma’muriyat bu davrga nisbatan turg‘unlik davri va muammolarni konservatsiya qilish, yopish davri deb baho bergani barchaga ma’lum.
Endi 2023 yildan boshlab, keyingi yetti yillikda O‘zbekiston davlatchiligida siyosiy tizimning tabiatidan kelib chiqib, siyosiy o‘yin qoidasidan kelib chiqib qanday muammolar bo‘lishi mumkin va mana shu muammolarni yechish uchun qaysi nuqtalarga e’tibor berish kerak degan savol paydo bo‘ladi.
Mening nazarimda, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy sohada kamida beshta muammoga yoki beshta yo‘nalishga alohida e’tibor berishi kerak.
Birinchisi – so‘z va fikr erkinligi hamda tashabbusini O‘zbekiston ichida ushlab turish, ushlab qolish vazifasi. 2005-2016 yillar mobaynida O‘zbekistonga daxldor eng muhim xabarlar, fikrlar, loyihalar, g‘oyalar – xorijda aytildi. Axborot borasida O‘zbekistonda «rasmiy» va «norasmiy» maydon shakllanib ulgurgan edi. Jamoatchilik, jumladan, siyosiy elitaning o‘zi ham tashqi dunyodan tarqatilayotgan xabarlar bilan oziqlanar, tafakkurini shakllantirar edi. Davlat axborot borasida tashabbusni to‘liq qo‘ldan chiqargan edi. Natijada O‘zbekiston davlatchiligining legitimligi, ijtimoiy barqarorlik indikatorlari, siyosiy rivojlanish vektorlari tashqi dunyo tasarrufida edi.
So‘z erkinligini ta’minlash – shunchaki siyosiy iroda bilan hal bo‘lmaydi. So‘z erkinligini ta’minlash uchun jamiyatdan sizib chiqadigan muammolarni anglaydigan va ularga yechim topa oladigan boshqaruv sinfi kerak bo‘ladi. Ya’ni so‘z erkinligi ma’muriy-siyosiy erkinliklarni taqozo qiladi.
Ikkinchi vazifa – siyosiy tizimni kengaytirishda davom etish. O‘zbekistonning o‘ziga xosligi shundan iboratki, 2016 yilga qadar jamiyatda davlatga nisbatan chuqur ishonchsizlik va begonalashuv shakllanib ulgurgan edi. Mana shu begonalashuv, ma’lum siyosiy vaziyatlarda frustratsiyaga, zo‘riqish va noroziliklarga platforma bo‘lishi mumkin. Davlat institutlari jamoatchilikka maksimal darajada ochiq bo‘lishi kerakki, odamlar davlat va uning institutlariga ishonishi kerak. Buning uchun davlat institutlarining ochiqlik va ishonch indekslari alohida o‘rganilib borishi kerak.
Uchinchi vazifa – jamiyatdagi siyosiy faollar bilan alohida hamkorlik vositalari bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda demokratik qadriyatlar legitimlashib bo‘lgan. Konstitutsiyadagi qadriyatlar va demokratik o‘yin qoidasi – mutlaq aksariyat o‘zbekistonliklar nazarida – to‘g‘ri va rioya qilinishi kerak bo‘lgan qoidalar sifatida ko‘riladi. Cheklangan bo‘lsa-da, demokratik o‘yin qoidasi – xalq tomonidan ijobiy qabul qilinadi. Shuning uchun ijtimoiy fikrda «muxolif» shaxslar va guruhlar sifatida ko‘riladigan qatlamlar bilan ishlash, ular bilan qo‘rqmay hamkorlik qilish choralari o‘ylanishi kerak.
O‘zbekistonda tarixan davlat, ya’ni hukumat – mutlaq qudratli bo‘lgan. Tashabbus davlat tomonidan chiqsa, bu davlatning legitimligiga ijobiy ta’sir qilib, siyosiy jarayonlar ta’bir qilib bo‘ladigan o‘zanda ketishiga sababchi bo‘lardi.
To‘rtinchi vazifa – diniy erkinliklarni parvarishlab borish zarurati. O‘zbekistonning avvalgi ma’muriyati «ekstremizm va terrorizm bilan kurashish» bahonasida odamlarning dindorlik darajasi bilan kurashishga o‘tib ketgan edi. Natijada, davlatning xalqaro nufuzi chilparchin bo‘ldi. Xalqning hokimiyatga ishonchi qolmadi. O‘zbekiston barcha qora ro‘yxatlarning tepasidan joy oldi.
Muammo – dindorlik darajasida emas, dindorlikning tabiatida. Odamlar, dindor bo‘lib ham, dinsiz bo‘lib ham, agressiv, tajovuzkor, ekstremist va radikal bo‘lishlari mumkin. O‘zbekistonda erkinlik va rivojlanishning muhim sharti – jamiyat uchun muhim bo‘lgan diniy va vijdoniy erkinliklarning ta’minlanishidir.
Va nihoyat, beshincha vazifa – xorijdagi vatandoshlar bilan, sobiq va joriy o‘zbekistonliklar bilan ishonchli hamkorlik qilish hisoblanadi. O‘zbekiston shunday davlatki, ichki siyosiy kayfiyat tashqi dunyodagi o‘zbekistonliklarning siyosiy qarashlari bilan qiyoslanadi, ichki kayfiyat va legitimlik tashqi dunyodagi oynaga qarab, o‘zi fikrlashini belgilaydi. Ushbu vaziyat o‘zgarmadi, shuning uchun tashqi dunyodagi faollar bilan ishlash – ijtimoiy kayfiyatning, davlat legitimligining muhim sharti hisoblanadi.
Mavzuga oid
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
18:15 / 10.12.2024
«Inson huquqlari qudratli davlatning asosiy belgisidir» - tarixiy deklaratsiyaga 76 yil to‘ldi
16:05 / 16.11.2024
“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat
22:06 / 01.11.2024