Jamiyat | 16:00 / 14.07.2023
27170
6 daqiqa o‘qiladi

«Chol va dengiz» – insonning yengilmas irodasi haqida asar

«Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni yengib bo‘lmaydi» ushbu mashhur jumla ko‘pchilikka tanish. Ernest Hemingueyning «Chol va dengiz» asaridan olingan parcha asarning butun bir ma’no va g‘oyasini qamrab oladi. Odamni yanchib tashlash deganda jismi nazarda tutilgan. Uni bir lahzada yanchish, tilka-pora qilish mumkin, ammo ruhini, irodasini yengish oson emas, deyarli imkonsiz. Chunki inson zoti yengilishni qabul qilolmaydi. Harakatdan, yengish sari odimlashdan to‘xtamaydi? To‘xtolmaydi. 

Yozuvchi «Chol va dengiz» asarini 51 yoshida 2 oy davomida yozgan. Demak, u bu paytda qirchillama yoshlik davridan o‘tib, keksalik bilan yuzlashayotgan bo‘ladi. Ko‘ngil to‘la orzu-umidlar saragi sarakka, puchagi puchakka ajralayotgan palla adib bor mahoratini ishga solgan holda o‘ziga ikki oy davomida «dalda» yaratadi.

Asar voqea va qahramonlari judayam oddiy. Ammo shu bilan birga hayotning azaliy haqiqatlarini o‘zida jamlagan. Insonga o‘zgacha ruh, olg‘a borishga chorlovchi, imkon beruvchi durdona qissa.

Syujyet:

Asarning syujyetiga biroz to‘xtalsak. Santyago ismli chol Kubadagi kichik qishloqda yashaydi. U baliqchilik bilan shug‘ullanardi. Cholning to‘riga 84 kundan buyon baliq ilinmaydi. Ammo u bundan sirayam umidsizlikka tushmaydi. Manolin – chol bilan birga baliq ovlagan bola. Ota-onasi cholni omadsiz sanagani uchun unga boshqa qayiqqa chiqishni buyurgan edi. Ammo bola Santyagoni juda yaxshi ko‘rardi. O‘zi uchun ideal ustoz deb biladi cholni.

Xullas, bu gal chol omadiga ishonib dengizga yo‘l oladi. Dastlab, qahramonimiz kichkina tunets balig‘ini ushlaydi. So‘ng esa juda katta baliq qarmoqqa ilinadi. Ulkan baliq qayiqni uzoqqa tortib keta boshlaydi. Chol uning yonida Manolin yo‘qligidan xafa bo‘ladi, bunday paytlarda bolaning yordami juda asqatardi. Shunday qilib, chol baliq bilan uzoq «jang» qiladi. Umid va ishonch uni bir zumga bo‘lsa-da tark etmaydi. Santyagoga tashqi muvaffaqiyat yetishmasa ham, uning ishonch, umidi uni oldinga boshlayveradi.

Misli ko‘rilmagan kattalikdagi baliqni o‘ldirishga muvaffaq bo‘ladi. O‘lgan baliqni qayig‘iga mahkamlab, ortga qaytadi. Ammo u ancha olislab ketgan edi. Baliqdan oqayotgan qon akulalarni boshlab keladi. Chol bir necha bor akulalar bilan kurashib, anchasini yer tishlatadi. So‘nggi kuchi qolguncha kurashib, baliqni himoya qildi. Lekin uyiga yetib kelgunga qadar baliqning faqat bosh qismi va suyaklari qolgandi xolos. 

Chol shunchalar katta baliq tutgandiki, ilgari unga ishonchsizlik bilan qaragan ko‘zlar, endi hayrat bilan boqardi. Garchi chol butun baliq bilan qaytmagan bo‘lsa-da, hammasini uddalagandi. Bu muvaffaqiyatiga esa uning umidi, sinmas irodasi sabab bo‘ldi. 

Tahlil:

Asarda chol va bola tili orqali beysbol chempioni Di Majo haqida gap boradi. Bu chempionga chol o‘zini ko‘p taqqoslaydi. Bu ham bejiz emas. Di Majo minglab insonlar qarshisida o‘zining nimalarga qodir ekanini isbotlay olgandi. Bizning Santyago esa yolg‘iz o‘zi, dengizda, atrofida baliqlar va qushlardan boshqa jonzot yo‘q. 

Bu holatda chol o‘ziga o‘zini isbotlashi kerak. Hayotda eng muhimi ham, eng qiyini ham aslida shudir. Chunki inson biladi o‘zining nimalarga qodir ekanini. Nimalar qilishini, nimalar qila olishini, qachon va qay tarzda amalga oshira olishi o‘ziga yaxshi ayon bo‘ladi. Shunday ekan, odam o‘ziga o‘zini isbotlab, katta narsalarga qodir ekanini ko‘rsatolsa, undagi o‘ziga ishonch yuksaladi. Bu esa irodani mustahkamlab, orzularni kattalashtiradi. Santyago buni uddaladi. O‘zining kuchliligini o‘ziga amalda isbotladi.

Asarda har bir buyum, har bir narsa ramziydir. Dengiz bu – hayot. Qayiq – umr. Baliq – orzu. Akulalar – dushmanlarimiz. Dengiz qayiqni chayqatganidek, ba’zan dovul bilan hamla qilsa, ba’zan sokin bo‘lganidek, umrimiz davomida hayot bizga turli sinovlar, og‘irlig-u yengillik, xursandchiliklar beradi. Chol baliqni tutgach uni asrab qolish uchun jon olib, jon berganidek biz ham yetishgan orzularimizni akula bo‘lmish dushmanlarimizdan himoya qilishga tirishamiz. Kurashib daf qilishga urinamiz. Orzularimizga chang soluvchi akulalar esa har doim topiladi…

Lekin siz o‘zingizni kuchli va irodali hisoblasangiz, orzungizni mahkam ushlang va u akulalarning iflos tishlari orasida nimtalanishiga jim qarab turmang. Santyago chol singari qo‘lingizda nimaiki bor hammasini ishga solgan holda mardonavor kurashing. Chunki siz bu orzuni chol singari uzoq vaqt, 87 kun kutgansiz…

Gulasal Qodirova

Mavzuga oid