Jahon | 12:13 / 15.07.2023
5476
2 daqiqa o‘qiladi

SLB neft konlariga xizmat ko‘rsatish kompaniyasi Rossiyaga texnologiya yetkazib berishni to‘xtatyapti

Foto: TASS

SLB Rossiyaga mahsulot va texnologiyalar yetkazib berishni butunlay to‘xtatish qarorini xalqaro sanksiyalarning kengayishiga javob sifatida atadi. Ilgari faqat AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va Kanadadan jo‘natish cheklangan edi

2022 yil oktyabrgacha Schlumberger deb atalgan, dunyodagi eng yirik neft konlariga xizmat ko‘rsatuvchi SLB kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab Rossiyaga mahsulot va texnologiyalarni yetkazib berishni to‘xtatyapti. 14 iyul, juma kuni SLB rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, bu qaror «xalqaro sanksiyalarning davom etayotgan kengaytirilishiga javoban» qabul qilindi. 

«SLB eksport nazorati qonunlari va iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha o‘z mas’uliyatini o‘ta jiddiy qabul qiladi, kompaniya Ukrainadagi urushni qoralashda va to‘xtatishga chaqirishda davom etadi», — deyiladi hujjatda. 

Amerika konserni 2022 yil mart oyidan boshlab Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Rossiyadagi faoliyatini ixtiyoriy ravishda qisqartirishga kirishdi. Dastlab, bu yangi investitsiyalarni to‘xtatib turish va yangi texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq edi. Keyinchalik Rossiyaga Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya va Kanadadan mahsulotlar yetkazib berish to‘xtatildi. 

Yana uchta yirik xorijiy neft konlariga xizmat ko‘rsatish kompaniyalari - Amerikaning Halliburton va Baker Hughes, shuningdek, Shveytsariyada joylashgan Weatherford International ham sanksiyalar va 2022 yil bahorida Ukrainadagi urush tufayli Rossiyadagi ishtirokini qisqartirishini e’lon qildi. Halliburton va Baker Hughes Rossiya bozorini butunlay tark etib, biznesni mahalliy menejmentga sotdi. Weatherford’ning Rossiya bo‘limi mavjud shartnomalarni bajarish va mijozlar bilan yangi shartnomalar tuzishda davom etish niyatida, deb yozadi «Kommersant» gazetasi. 

Mavzuga oid