Jahon | 13:18 / 24.07.2023
6353
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament rossiyalik dezertirlarga boshpana berishga chaqirdi

Foto: Reuters

Yevroparlamentning bir qancha deputatlari, jumladan, germaniyalik deputat Udo Bullmann Yevropa Ittifoqi rahbariyatini Ukrainaga qarshi urushda qatnashishdan bosh tortgan rossiyaliklarni himoya qilishni kuchaytirishga chaqirdi. Bu haqda Redaktionsnetzwerk Deutschland nashri Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrelga yo‘llangan maktubga tayanib xabar bermoqda

«Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarning vazifasi rossiyaliklarni himoya qilish va ularga boshpana berishdan iborat», — deya nashr turli fraksiya deputatlari tomonidan imzolangan hujjatdan iqtibos keltirgan. 

Ular Ukrainaning Donetsk va Luhansk viloyatlarining Rossiya tomonidan egallab olingan hududlarida qo‘shni davlatga qarshi jangovar harakatlarda qatnashishdan bosh tortgan 600dan ortiq rossiyalik 13 ta noqonuniy lagerda saqlanayotganiga bildirgan. 

Fransiya boshpana taqdim etish masalalari bo‘yicha milliy sudi (CNDA) qaroriga ko‘ra, safarbarlikdan qochganlar va dezertirlar Yevropa Ittifoqi qonunlariga ko‘ra Fransiyada qochqin maqomini olishi mumkin.

Gap harbiy jinoyatlar sodir etilishi mumkin bo‘lgan nizo yuzaga kelgan taqdirda, harbiy xizmatni o‘tashdan bosh tortgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilayotgan yoki ta’qib qilinayotgan shaxslarga bunday maqomni berish imkonini yaratuvchi qoida haqida ketyapti. 

Sudning ta’kidlashicha, faqat zaxirada bo‘lish faktining o‘zi boshpana olish uchun yetarli emas.

Ma’lumot uchun, Germaniyada ham Rossiya fuqarolaridan boshpana masalasida yo‘llangan murojaatlar soni keskin oshgan. Joriy yilning dastlabki uch oyida rossiyaliklar tomonidan 2381ta dastlabki ariza topshirilgan bo‘lsa, o‘tgan yil davomida bu ko‘rsatkich 2851tani tashkil etgan.

Shu bilan birga, Rossiyadan boshpana izlovchilar orasida erkaklar ulushi ortdi: 2022 yilda ular 59 foizni, 2023 yil yanvar-mart oylarida esa 64 foizni tashkil etdi. 

2022 yil uchun Germaniyadan boshpana so‘rash bo‘yicha dastlabki arizalar soni umumiy statistikasida rossiyaliklar Suriya, Afg‘oniston, Turkiya, Eron, Iroq va Gruziya fuqarolaridan keyin yettinchi o‘rinda turadi.

Mavzuga oid