Xitoy qatnashgan, biroq Rossiyasiz Jidda sammiti. Uning yakunlari qanday?
Saudiya Arabistoni Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha sammitga mezbonlik qildi. Uchrashuvda 40 dan ortiq davlat vakillari, jumladan AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va hatto mojaroda rasman neytral pozitsiya egallagan Xitoy ham ishtirok etdi. Muzokara qatnashchilari urush tugashini qanday tezlashtirishni muhokama qildi va ular buni Rossiya ishtirokisiz amalga oshirdi. Muzokaralar yopiq tarzda o‘tkazildi, biroq uning markazida Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasi turgani ma’lum bo‘lib, unga ko‘ra Moskva Ukraina hududlariga (jumladan, Qrim va Donbassning bosib olingan hududlariga) da’volaridan butunlay voz kechishi kerak.
Bu o‘zi qanday sammit?
Ukrainadagi urush mavzusidagi muzokaralar o‘tgan hafta oxiri, 5-6 avgust kunlari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik uchrashuv Kiyev tashabbusi bilan o‘tkazildi – birinchi shunday keng ko‘lamli muhokama iyun oyi oxirida Kopenhagenda bo‘lib o‘tgandi. Ammo ushbu ikki raundli muzokaralar ko‘lamini solishtirib bo‘lmaydi: agar Daniyaga 14 davlatdan vakillar kelgan bo‘lsa, Jiddaga qirqdan oshiq davlat, shuningdek, BMT va Yevropa Ittifoqi delegatsiyalari yig‘ildi.
Mojaroni to‘xtatish masalalarini muhokama qilish uchun Jiddaga nafaqat Ukrainaning Yevropa ittifoqi va AQShdagi ittifoqchilari tashrif buyurdi. Uchrashuv tashkilotchilarining sezilarli muvaffaqiyati Rossiyaga nisbatan neytral pozitsiyani egallagan mamlakatlar — Braziliya, Hindiston va birinchi navbatda Daniya muzokaralarini o‘tkazib yuborgan Xitoyning sammitga jalb qilinishi bo‘ldi.
Rossiya Jiddadagi muzokaralarga taklif qilinmadi, ammo, katta ehtimol bilan, sammit ishtirokchilari bunda hech qanday muammo ko‘rmadi. Bundan tashqari, bu ularning prinsipial pozitsiyasi edi. Urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun bu yerda va hozir hech qanday dastlabki shartlar yo‘q — bu haqda Kiyevda ham, Moskvada ham va boshqa mamlakatlarda ham gapirilmoqda. Ammo Saudiya uchrashuvidan maqsad bu diplomatik yechimni yaqinlashtirish emas, balki Ukrainaning o‘ziga va boshqa kuchlarga mos keladigan tinchlik parametrlarini aniqlash edi.
«Sammitning ahamiyati aslida Global Janub mamlakatlarini va bizning o‘zimizni atrofida global tinchlik sammiti tashkil etilishi mumkin bo‘lgan ba’zi asosiy kelishuvlarni izlashga undashdir», deydi Financial Times nashri bilan suhbatda Yevropa komissiyasining ismini oshkor qilishni istamagan yuqori lavozimli amaldori.
Reuters nashri ham sammitning Ukraina uchun ahamiyatini shunga o‘xshash atamalarda ifodalagan: «Ukraina uchun bu sammit hozirgacha mojaroda betaraf qolayotgan Global Janub davlatlari bilan muloqot orqali tarafdorlari, asosan G‘arb davlatlari sonini kengaytirish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarning bir qismidir».
Ukraina rasmiylarining aytishicha, Jidda sammitidan asosiy maqsad Kiyevni «qo‘llab-quvvatlash guruhi»ga aloqador bo‘lmagan davlatlar bilan muloqot boshlashdir. Avvalo, gap xuddi shu Global Janub vakillari — Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi va Karib havzasidagi o‘nlab mamlakatlar haqida ketmoqda. Ilgari ular rivojlanayotgan mamlakatlar deb atalgan, hozir esa ular «boy» shimolga qarshi turmoqda.
«Urush boshida bu davlatlar: bu qandaydir mintaqaviy mojaro, biz uning tugashini kutamiz, deyishdi. Ilgari ular faqat Lavrov yoki Rossiya Tashqi ishlar vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarni qabul qildi», deydi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevning maqsadi Global Janub mamlakatlariga kim kimga hujum qilgani va Ukraina urushning tugashini qanday ko‘rayotganini aytib berish emas. Gap Moskvaga ta’sir ko‘rsatish vositalarini muhokama qilish haqida ketmoqda va Podolyak bunday vositalarga Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni ko‘paytirish, Global Janub davlatlarining xalqaro tashkilotlar, hech bo‘lmaganda BMTdagi xatti-harakatlarini o‘zgartirish yoki Moskvaga diplomatik bosim o‘tkazishni kiritadi.
«Masalan, Xitoy yoki Braziliya o‘z kanallari orqali Rossiyaga Ukrainaning bosib olingan hududlarini uning nazoratida ushlab turish mumkin emasligini aytishi kerak», degan Ukraina prezidenti maslahatchisi.
Sammitning Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgani ham bejiz emas. Bu mamlakat so‘nggi paytlarda o‘zining diplomatik ta’sirini kengaytirish bilan faol shug‘ullanmoqda. Ukraina masalasi Saudiya hukumatini xavotirga solayotgani aniq. Urush boshidanoq ular asirlarni, shu jumladan chet ellik asirlarni almashish bo‘yicha muzokaralarda faol qatnashdi.
2023 yil iyul oyi o‘rtalarida esa Financial Times nashri Ar-Riyod Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalarni o‘z vatanlariga qaytarish borasidagi kelishuv muzokaralarida ishtirok etgani haqida xabar berdi. Bu Ukraina uchun ham, Rossiya uchun ham urushning eng nozik masalalaridan biri —Haagadagi Xalqaro jinoiy sud voyaga yetmagan ukrainaliklarning noqonuniy deportatsiyasi sabab prezident Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi.
Shu bilan birga, Ar-Riyod Moskva bilan ham, Kiyev bilan ham va Xitoy kabi boshqa yirik o‘yinchilar bilan ham hamkorlikni davom ettiryapti. Bundan tashqari, Xitoyning sammitida ishtirok etishi Saudiya diplomatiyasining bevosita yutug‘i deb atalmoqda.
Saudiya Arabistoni hukumatiga yaqin saudiyalik tahlilchi Ali Shihabi bu muzokaralarni «Saudiya Arabistonining Ukraina, Rossiya va Xitoy bilan mustahkam aloqalarni saqlab qolish bo‘yicha ko‘p qutbli strategiyasi muvaffaqiyatining yorqin namunasi» deb atagan.
The Wall Street Journal nashri uchrashuvning yana bir muhim kontekstiga e’tibor qaratdi: 2022 yili AQSh Saudiya Arabistonini yuqori neft narxlarini ushlab turish uchun Rossiya bilan til biriktirishda aybladi — bu Moskvaga urush uchun zarur bo‘lgan moliyaviy yordamni anglatadi. Ar-Riyodning G‘arb bilan munosabatlari Yamandagi urush va 2018 yilda saudiyalik dissident va jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bilan keskinlashgandi.
Ammo, aftidan, Saudiya Arabistonining hozirgi sa’y-harakatlari e’tibordan chetda qolmaydi. «Saudiya hukumati o‘z diplomatik sa’y — harakatlari uchun hurmatga sazovor bo‘lishi lozim», degan sammit yakunida ismi oshkor etilmagan amerikalik amaldor WSJ nashriga.
Xitoy ishtiroki nimani anglatadi?
Ikki kunlik muzokaralarning rasmiy mazmuni noma’lum – ishtirokchilar qo‘shma bayonot berishdan bosh tortdi. Muhokamalar borishidan xabardor bo‘lgan Kiyevdagi ikki manbaning so‘zlariga ko‘ra, sammit ishtirokchilari tomonidan yakuniy rasmiy bayonot yo‘qligi oldindan aytilgan, shuning uchun buni hech qanday holatda tadbirning muvaffaqiyatsizligi belgisi deb hisoblamaslik kerak. Qolaversa, Kopenhagendagi oldingi uchrashuv ham yakuniy bayonotsiz o‘tgandi.
G‘arb nashrlari sammit natijalarini ehtiyotkor optimizm bilan baholagan. Ular Xitoyning ishtirokini uchrashuvning eng muhim muvaffaqiyati deb hisoblagan.
Xitoy diplomatlarining muzokaralardagi pozitsiyasi FT manbasi tomonidan «konstruktiv» deb ta’riflangan.
«Xitoy Rossiya emasligini ko‘rsatishga harakat qildi. Xitoyning sammitdagi ishtiroki esa Rossiyaning tobora yakkalanib borayotganidan dalolat beradi», degan ismi oshkor etilmagan yevropalik diplomat.
Boshqa bir manbaning nashrga aytishicha, Xitoy uchrashuvda faol ishtirok etgan va muzokaralarning uchinchi bosqichida ishtirok etish taklifini «ijobiy» qabul qilgan.
Xitoyning Yevrosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xui forum doirasida AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan va Davlat departamenti xodimi, Rossiya va Ukraina bilan aloqalarga mas’ul Viktoriya Nuland bilan uchrashgan. Xitoyning Rossiyadagi sobiq elchisi Li Xui 2023 yil may oyida katta urush boshlanganidan keyin Ukrainaga tashrif buyurgan birinchi yuqori martabali xitoylik amaldor bo‘lgandi. AQSh Davlat departamenti sammit yakunlariga ko‘ra, XXRning undagi ishtirokini «samarali» deb atadi.
WSJ nashri yozishicha, Jiddadagi muzokaralardagi yagona keskinlik nuqtasi Xitoy delegatsiyasi Pekin Rossiya bosqinining bir yilligi munosabati bilan taqdim etgan, 12 banddan iborat tinchlik rejasini esga olgan payt bo‘lgan. Uning ba’zi bandlari Ukraina va uning ittifoqchilarini xavotirga solgan — Pekin rejasida o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilingan, ammo okkupatsiya qilingan Ukraina hududlari bilan nima bo‘lishi kerakligi haqida hech narsa deyilmagan.
Ukraina hukumati bunday pozitsiyani qabul qilib bo‘lmas deb hisoblashini bir necha bor ma’lum qildi: Kiyevdagilarning harbiy harakatlarni shunchaki to‘xtatish faqatgina Rossiyaning o‘z kuchlarni qayta to‘plashiga va urushni davom ettirishiga olib kelishiga ishonchi komil.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Jiddadagi yig‘ilishda o‘z rejasini tilga olganidan so‘ng, yevropalik diplomatlar hech qanday shartlarsiz o‘t ochishni to‘xtatish mojaroni hal qilish o‘rniga uni muzlatib qo‘yishi va Rossiyaga anneksiya qilingan hududlar ustidan nazoratni kuchaytirish imkonini berishidan xavotir bildirgan. Xitoy vakillari bunga normal munosabatda bo‘lgan.
«Ular real vaqt rejimida izoh oldi va yaxshi fikrlar almashinuvi yuz berdi», degan WSJ nashriga munozara mazmunidan xabardor manba.
Reuters bilan suhbatlashgan tahlilchilar fikriga ko‘ra, Xitoyning ishtiroki ushbu mamlakatning Rossiya va Ukrainaga nisbatan siyosatidagi o‘zgarishlarni namoyish etadi, ammo hozircha burilish gap ketgani yo‘q. Agentlik bilan suhbatda mutaxassislar Xitoy hali ham Rossiyaning muhim iqtisodiy hamkori ekanini eslatgan. Shu bilan birga, Pekin faqatgina G‘arb davlatlari ishtirok etmaydigan tinchlik o‘rnatishga har qanday urinishlardan chetda qolishni xohlamaydi, deya xulosa qiladi ekspertlar. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi sammit yakuni bo‘yicha Li Xui Pekin pozitsiyasini jahon hamjamiyatiga bildirganini aytish bilan cheklandi.
«Xitoy konsensus va o‘zaro ishonchni kengaytirishda davom etadi, Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilishga hissa qo‘shish uchun eng katta umumiy kelishuvni shakllantirishga intiladi», deyiladi vazirlik bayonotida.
Kiyevda Xitoyning sammitdagi ishtiroki, bir tomondan, ko‘tarinkilik bilan qabul qilindi: Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Li Xuining ushbu tadbirdagi ishtirokini «yutuq» deb atadi.
Boshqa tomondan, bundan tezkor natija kutilmaydi. «Xitoy konservativ mamlakat, u global qarorlarni sekinlik bilan qabul qiladi. Ammo bugungi kunda Xitoyning (Rossiya ittifoqchisi sifatidagi) pozitsiyasi, shubhasiz, o‘zgarmoqda ... Xitoy, ayniqsa, Prigojin isyonidan keyin juda zaif rus elitasini, ancha zaif prezident Putinni ko‘rdi ... ularga reputatsiya, pul, strategiya nuqtayi nazaridan sarmoya kiritish mantiqiy bo‘lmaydi», degan Mixaylo Podolyak BBC nashriga.
BBC’ning Kiyevdagi suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Jiddadagi uchrashuvda Xitoy delegatsiyasi navbatdagi shunday uchrashuvda ham ishtirok etishga va’da bergan.
Zelenskiydan tinchlik
Ukraina ittifoqchilari va boshqa mamlakatlarga ommaviy yoki noommaviy tarzda qo‘llab-quvvatlashni taklif qilayotgan tinchlik yechimi — bu Volodimir Zelenskiyning formulasi. Aslini olganda, bu 10 banddan iborat reja bo‘lib, u Rossiya Ukrainaning barcha hududlaridan (jumladan, Qrim va 2022 yil kuzida anneksiya qilingan boshqa hududlardan) to‘liq chiqib ketishi hamda uning harbiy va siyosiy elitasi vakillari Ukraina hududida sodir etilgan jinoyatlar uchun jazolanishini kerakligini nazarda tutadi.
Ukraina hukumati so‘nggi oylarda ular uchun hududiy yaxlitlik masalasi eng muhim ekani va Rossiya armiyasi 1991 yilgi chegaralarga qadar chekinmasdan oldin hech qanday muzokaralar olib borilmasligini aytib kelmoqda.
Ukraina ittifoqchilari bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlamoqda. Muammo shundaki, Rossiya hukumati hududiy yon berishlar ular uchun mutlaqo mumkin emasligini bir necha bor ta’kidlagan. Neytral pozitsiyani egallagan mamlakatlar bu borada noaniq gapirdi, ammo Rossiyaning Ukraina hududlarini anneksiya qilishini rasman tan olmadi.
WSJ nashri ta’kidlashicha, aftidan, Jiddada bu masalada konsensusga erisha olishgan. Yevropalik yuqori martabali mulozimning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina go‘yoki boshqa davlatlardan o‘z rejasini asos sifatida qabul qilishini talab etmagan. Va boshqa qatnashchilar ham, o‘z navbatida, Kiyevdan Zelenskiy formulasidan voz kechishni talab qilishmagan.
Sammitning borishidan xabardor bo‘lgan BBC nashrining Kiyevdagi ikki manbasi WSJ’ning bu ma’lumotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan (manbalardan biri ularni hatto «feyk» deb ham atagan). Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hukumati hali ham aynan o‘z prezidentining tinchlik rejasi keng qo‘llab-quvvatlovga erishishini xohlamoqda.
Muzokaralar qatnashchilari bilan suhbatlashgan FT ham, WSJ ham, umuman olganda, sammit ishtirokchilari har qanday sulh markazida faqat Ukrainaning hududiy yaxlitligi va mustaqilligiga hurmat bo‘lishi mumkinligi haqida kelishib olganini yozgan.
Va agar Ukraina uchun uning hududiy yaxlitligi tushunarli sabablarga ko‘ra Zelenskiy tinchlik rejasining asosiy punkti bo‘lsa, unda boshqa davlatlar uchun boshqa punktlar muhimroq bo‘lishini ham tushunish mumkin.
Shuning uchun ishchi guruhlarda Zelenskiy formulasining alohida qoidalari muhokama qilinadi. Ularning ishtirokchilari potensial ravishda, xususan, yadroviy yoki g‘alla shartnomasi barbod bo‘lishi munosabati bilan oziq-ovqat xavfsizligi kabi mavzularda gapirishi kerak bo‘ladi.
«Konsensus shunday edi: bu faqatgina Yevropa urushi emas — sodir bo‘layotgan voqealar butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat, energetik va iqtisodiy barqarorlikka ta’sir qiladi, shu sabab kelishuvga erishish uchun umumiy harakat talab etiladi», degan sammitda ishtirok etgan, g‘arblik bo‘lmagan davlatlardan birining diplomati.
Saudiya Arabistoni rasmiy bayonotida aytilishicha, ishtirokchilar «kelajakda tinchlik yo‘lini davom ettiradigan umumiy poydevor qurish uchun xalqaro maslahatlashuvlar va fikr almashishni davom ettirish zarurligi haqida kelishib oldi».
Zelenskiy rejasi bandlarini barcha birgalikda emas, balki alohida muhokama qilishining yana bir sababi bor. Rossiya bilan ehtiyotkor munosabatlarni saqlab qolishga intilayotgan ba’zi davlatlar, masalan, ushbu rejaning yettinchi bandini qabul qilishi qiyin — bu band Rossiya harbiy va siyosiy rahbariyati vakillarini harbiy jinoyatlari uchun haqiqiy jinoiy javobgarlikka tortishni, shuningdek Moskva to‘lashi kerak bo‘lgan reparatsiyani nazarda tutadi.
«Bu bandga rozi bo‘ladigan davlatlar Rossiya uchun dushmanga aylanadi, chunki bu yerda gap shaxsan Putin va butun Rossiya rahbariyatining omon qolishi va erkinligi haqida ketadi», deb yozadi Ukrainaning «Yevropeyskaya pravda» nashri. Shu bois, Kiyev ayrim davlatlar barcha ishchi guruhlar ishida emas, balki ularning bir qismida ishtirok etishini tushunadi.
Ishchi guruhlar vazifasi kelajakda «Tinchlik sammiti» davlatlari rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan murosakor formulalarini ishlab chiqishdan iborat. Kiyev bunday sammitni 2023 yil oxirigacha o‘tkazish mumkinligiga umid qilmoqda. Ushbu sammitning asosiy vazifasi — Ukraina uchun Zelenskiyning tinchlik rejasiga maksimal darajada mos keladigan dunyo kartinasi va g‘alabani hujjatlashtirishdir. «Tinchlik sammiti» o‘tkaziladigan joy hali aniqlanmagan, biroq Kiyev unda 60-70 davlat rahbari ishtirok etishini kutmoqda.
Jiddadagi kabi uchrashuvlar esa ushbu sammit uchun formulalar tayyorlashda muhim rol o‘ynashi lozim. Navbatdagi uchrashuvning sanasi va joyi hali aniqlanmagan, biroq Kiyev bu uchrashuv 2023 yil sentabr oyi boshida bo‘lib o‘tishi mumkinligiga umid qilmoqda.
Ukrainada sammit qanday baholanmoqda?
Ukraina hukumati Jiddadagi sammit natijalarini ko‘tarinki ruhda baholamoqda.
«Biz Ukraina tinchlik formulasini amalga oshirishga bir qadam yaqinlashdik... Ishonchim komilki, Jiddadagi sammit tarixda qoladi», deydi ushbu muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga boshchilik qilgan Ukraina prezidenti devonxonasi rahbari Andrey Yermak.
Boshqa tomondan, amaldagi hukumat tanqidchilari G‘arb matbuotida ushbu sammitga bag‘ishlab, chop etilgan ayrim maqolalarni ehtiyotkorlik bilan qabul qilgan. Xususan, ular yozishicha, Ukraina delegatsiyasi Jidda shahrida yoki Zelenskiy rejasi tinchlik o‘rnatish jarayoni uchun asos qilib olinishi kerakligini talab qilmagan yoki o‘z pozitsiyasining asosiy nuqtasi — Rossiya qo‘shinlari xalqaro miqyosda tan olingan hududidan butunlay olib chiqilmasdan turib tinchlik muzokaralari o‘tkazmaslik prinsipidan voz kechishga tayyorligini bildirgan.
BBC nashri bilan suhbatda Mixaylo Podolyak bu ikki masala borasida gap ham bo‘lishi mumkin emasligini aytdi. Ukraina tomoni Zelenskiy rejasi tinchlik o‘rnatish uchun jiddiy ko‘rib chiqilgan yagona yo‘l ekani va hatto o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy qilingan taqdirda ham Rossiya qo‘shinlari Ukraina zaminida qolishi hozirgi urushni muzlatilgan mojaro holatiga o‘tkazadi, degan fikrida qat’iy. Va keyinchalik uning (muzlatilgan mojaroning) yangi, yanada qonli va, ehtimol, keng ko‘lamli, yangi mamlakatlarni va hatto butun mintaqani qamrab oluvchi urushga aylanishi — faqat vaqt masalasidir.
Germaniyaning DPA axborot agentligi xabar berishicha, Jiddadagi sammitda mezbonlar, Saudiya Arabistoni delegatsiyasi kutilmaganda o‘z tinchlik formulasini taqdim etgan. Uning mazmuni — Ukrainaning hududiy yaxlitligini tan olgan o‘t ochishni to‘xtatish va BMT homiyligida muzokaralar o‘tkazishdir. Bu formula umumiy xislatlariga ko‘ra, Kiyev ishonchsizlik bilan qaraydigan Xitoy tinchlik rejasini yodga soladi.
Mixaylo Podolyak BBC nashriga Ar-Riyod hech qanday prinsipial yangi reja taqdim qilmaganini aytgan. «Yo‘q, ular hech narsa taqdim etmadi. Ular faqat ma’lum pozitsiyalarni muhokama qildi: ‘siz u yoki bu narsaga tayyormisiz?ʼ kabi. Bu standart maslahatlashuvlar, hamma nimanidir muhokama qildi. Ammo Ukraina uchun o‘zining tinchlik formulasi pozitsiyasi prinsipial, biz hammani unga qo‘shilishga chaqiramiz va uni tinchlik jarayoni asosiga aylantirishni taklif qilamiz. Bo‘ldi. Nuqta», degan u.
Moskvada nima deyishmoqda?
Rossiya rasmiylari va diplomatlari kutilganidek Jiddadagi sammitga skeptik munosabat bildirdi. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, Moskva muzokaralarni «e’tiborga olgan» hamda «BRICS bo‘yicha hamfikrlar» va boshqa hamkorlardan baholashni kutmoqda. U, shuningdek, Zelenskiy formulasini tanqid qildi va «adolatli kelishuv» uchun Ukraina jangovar harakatlarni to‘xtatishi va «yangi hududiy reallik»ni, ya’ni Rossiya uning hududlarini anneksiya qilishini tan olishi kerakligini aytdi.
«Rossiya ishtirokisiz va uning manfaatlarini hisobga olmasdan, Ukraina inqirozi bo‘yicha o‘tkazilgan har qanday uchrashuv zarracha qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lmaydi», deya qo‘shimcha qilgan u.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Moskva sammit haqida unda ishtirok etgan BRICS davlatlari (Xitoy, Hindiston, Braziliya va Janubiy Afrika) bilan gaplashmoqchi ekanligini tasdiqladi. Shu bilan birga, Ryabkov BRICS mamlakatlari Ukrainaga «sog‘lom fikr»ni yetkaza olishiga ishonch bildirdi.
«Ammo buni, Jiddada nima bo‘lganini hali to‘liq hal qilish kerak. Bizning BRICS’chilar bilan bu boradagi muloqotimiz haqiqiy muvofiqlik va pozitsiyalarni yanada yaxshiroq tushunish maqsadga muvofiqligi prinsipi asosida davom etadi», deydi rossiyalik diplomat.
Rossiya Federatsiyasining Venadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Mixail Ulyanov Saudiya Arabistonidagi uchrashuvni ma’nosiz deb atagan. «Umuman olganda, buning tinchlik jarayoniga hech qanday aloqasi yo‘q, chunki unga muhim aktor — Rossiya taklif qilinmagan», deb yozgan u o‘z telegram-kanalida.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov sammit oldidan Moskva uchrashuvlarni kuzatishiga va’da bergandi. Kreml hozircha sammit natijalariga izoh bermadi. Ammo, dam olish kunlari Vladimir Putinning matbuot kotibi New York Times nashriga harbiy harakatlar davom etishi haqida boshqa bir izoh berdi.
Jurnalistlar Peskovdan Rossiya yanada ko‘proq Ukraina yerlarini bosib olmoqchimi, deb so‘ragan. «Yo‘q. Biz faqat Konstitutsiyamizda bizniki deb yozilgan barcha yerlarni nazorat qilishni xohlaymiz, xolos», deb javob bergan u.
Rossiya Konstitutsiyasida hozir Qrim, shuningdek, Ukrainaning Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlari Rossiya sub’yektlari sifatida qayd etilgan. Xerson va Zaporijjyada ruslar oblast markazlari — Xerson va Zaporijjya shaharlarini nazorat qilmaydi. Shuningdek, Donetsk va Luhansk oblastlarida ham Ukraina nazorati ostida qolgan hududlar, jumladan, Slovyansk va Kramatorsk kabi yirik shaharlar bor. Peskovning so‘zlaridan kelib chiqadiki, Rossiya ularni egallash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish niyatida, demak Moskvaning tinch yo‘l bilan hal qilishga hatto nazariy tayyorligi haqida ham hozircha gap bo‘lishi mumkin emas.
Moskva va Kiyev o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish imkonsizligi haqidagi so‘zlarni Mixaylo Podolyak ham quyidagicha tasdiqlaydi. «Rossiyaga tegishli hamma narsa faqat jang maydonida hal bo‘ladi... Rostini aytsam, men hatto ular bilan gaplashish imkoniyatini ham ko‘rmayapman... Rossiya bilan muzokaralar jarayonining boshlanishi Rossiya Ukraina hududini tark etganidan keyingina mumkin bo‘ladi. Tamom vassalom», degan u BBC bilan suhbatda.
Mavzuga oid
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024
Zelenskiy bir qator ukrainalik diplomatlarni ishdan oldi
15:13 / 21.12.2024