O‘zbekiston | 17:41 / 14.08.2023
24235
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘lovchi avtobus ishtirokida YTH ro‘y berdi

«Toshshahartransxizmat» yo‘nalishdagi yuk mashinasi avtobus harakatiga xalal qilgani YTHga sabab bo‘lganini aytmoqda.

Foto: IIBB YHXB axborot xizmati

Toshkent shahrida yo‘lovchi avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Toshkent shahar IIBB YHXB ma’lumotiga ko‘ra, 14 avgust kuni soat 15:40 larda Sergeli tumani 4P-21 yo‘lining 5-kilometrida yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.

Ma’lum qilinishicha, 1973 yilda tug‘ilgan I.B. boshqaruvida bo‘lgan Saz-Le 60 rusumli avtobusini boshqarib ketayotib rul boshqaruvini yo‘qotgan hamda beton ustunga borib urilgan. YTH oqibatida avtobus haydovchisi – 1973 yilda tug‘ilgan I.B. va 3 nafar yo‘lovchi, 1983 yilda tug‘ilgan B.F., 2021 yilda tug‘ilgan M.A. hamda 2012 yilda tug‘ilgan A.F. tan jarohat olib, shifoxonaga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB  xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Toshshahartransxizmat» ham hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, 184-sonli «Toshloq mahalla - Sergeli-4 mavzesi» yo‘nalishida qatnovchi avtobus Yangihayot tumani hududida, Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlanganida «Atlant qurilish mollari do‘koni» oldida avtobus bilan bir yo‘nalishda bo‘lgan tirkamali yuk mashinasi avtobus harakatiga xalal bergan. Natijada haydovchi avtobusni avval o‘ng tomondagi ustunga, so‘ng yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa borib urilgan.

Xabarda qayd etilishicha, YTH oqibatida yo‘lovchilar jarohat olmagan, haydovchi o‘ng oyoq tizzasi lat yeyishi jarohati bilan 16-sonli Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga yuborilgan. Avtobusning o‘zi ham texnik shikastlangan.

«Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati

Mavzuga oid