«SBU» sobiq generali Rossiya foydasiga josuslik qilgani uchun 12 yilga qamaldi
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina maxsus xizmati general-mayori Valeriy Shaytanov Donbass bo‘yicha ishlagan «FSB» polkovnigining agenti bo‘lgan. U davlatga xiyonat qilish va terakt tayyorlashda aybdor deb topildi.
Kiyevning Shevchenko tuman sudi Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») sobiq xodimi general-mayor Valeriy Shaytanovni 12 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda 14 avgust, dushanba kuni «SBU» va Ukraina Bosh prokuraturasi matbuot xizmatlari ma’lum qildi.
Ilgari «A» maxsus operatsiyalar markazini boshqargan Shaytanov davlatga xiyonat qilish, terroristik harakatga urinish, shuningdek, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar yoki portlovchi moddalar bilan noqonuniy muomalada bo‘lishda aybdor deb topildi. Sud qamoq muddatidan tashqari ishda ishtirok etgan shaxsning mol-mulkini musodara qilishni belgiladi.
«Bobil» laqabli «FSB» agenti
Ish materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, Shaytanov «Bobil» taxallusi ostida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati («FSB») polkovnigi Igor Yegorov bilan yashirin aloqada bo‘lgan. «Elbrus» chaqiruv belgisi ostida ishlagan Yegorov 2014 yil yozida Donbassdagi harakatlar tashkilotchilaridan biri bo‘lgan, deya ta’kidlaydi «SBU».
Tergovchilar, shuningdek, Shaytanov «aksilterrorchilik operatsiyalari hududidagi maxfiy operatsiyalar va ularda ishtirok etgan xodimlar, «SBU» tezkor xodimlari va aksilrazvedka xodimlari to‘g‘risida»gi ma’lumotlarni to‘plagan va Rossiya tomoniga topshirganligini aniqladi.
Bundan tashqari, Rossiya maxsus xizmatlari ko‘rsatmasi bilan mahkum «SBU» sobiq harbiylari orasidan terrorchilik harakatini sodir etish uchun shaxslarni qidirgan, deyiladi Ukraina Bosh prokuraturasi bayonotida. Uning maqsadi «2015 yil fevralidan Ukraina sharqidagi urush paytida Johar Dudayev nomidagi xalqaro tinchlikparvarlar bataloniga rahbarlik qilgan Checheniston Ichkeriya Respublikasi qurolli kuchlari mayorini» o‘ldirish edi.
«SBU» Shaytanovni 2020 yilda qo‘lga olgan
Shaytanov 2020 yil aprel oyida «SBU» aksilrazvedkasi tomonidan o‘tkazilgan ko‘p bosqichli maxsus operatsiya natijasida qo‘lga olingan edi. O‘shanda u Rossiya maxsus xizmatlari ko‘rsatmasi bilan Ukraina tomonida Donbassda jang qilgan chechen qo‘mondoni Adam Osmayevni o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rgani ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
21:19 / 09.12.2024
Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV
18:06 / 09.12.2024
«Men va Putin» - Turkiya prezidenti dunyoda faqat ikki yetakchi qolganini aytdi
16:51 / 09.12.2024