Jamiyat | 11:55 / 16.08.2023
39109
9 daqiqa o‘qiladi

Daraxtlarni oqlash foydali amalmi yoki ko‘zbo‘yamachilikning bir turi?

«Yashil makon» umummilliy loyihasigacha ham undan keyin ham daraxt ekish, ayniqsa, ko‘karsa-ko‘karmasa uni ohak bilan oqlab qo‘yish hududda obodonchilik ishlari namunali yo‘lga qo‘yilganining bir belgisi sifatida qabul qilinib kelinmoqda.

Ushbu maqolada daraxtni oqlash qayerdan paydo bo‘lgani, umuman oqlashning daraxtlarga foydasi bor-yo‘qligi haqida fikr yuritamiz. Oldinga o‘tib, xulosani aytish mumkinki, daraxt oqlash allaqachon ko‘zbo‘yamachilik elementlaridan biriga aylanib bo‘lgan.

Shahardagi manzarali daraxtlarni bahorda oqlash. Foto: tritonstroy.ru

Aslida shaharlarimizda ming-minglab daraxtlar qo‘r to‘kib turganida ularni oqlashga imkoniyat ham qolmas edi. Daraxtlar soni barmoq bilan sanarli ekani uchun ham eskicha fikrlaydigan rahbarlar tomonidan daraxtlarni oqlash ishiga zo‘r beriladi — «qilinayotgan ishlar ko‘zga tashlansin», qabilida.

Chunki shaharda daraxtlar oqlanmaganmi, demak mutasaddilar dangasa va ishyoqmas, degan qarashlar shakllanib qolgan. Bu qarash asosan sobiq ittifoq davlatlarida, xususan O‘zbekistonimizda ham bor.

Biroq daraxtlarni ohak bilan oqlashning foydasidan zarari ko‘proq. O‘z ishini, daraxtlarni sevadigan kommunal xo‘jalik va obodonchilik tashkilotlari daraxtlarni oqlashdan allaqachon voz kechishgan. Possovet hududidagi ayrim davlatlardan boshqa davlatlarning tajribasiga qaralsa, hech qayerda daraxtlar tanasini oqlash kabi tajriba uchramaydi. Masalan, Yevropada daraxtlar oqlanmaydi, possovet davlatlarining ayrimlarida ham oqlashdan voz kechilgan (hattoki qonunchilik yo‘li bilan taqiqlangan).

Oqlashning daraxtlarga foydasi bo‘lganida Toshkent botanika bog‘idagi daraxtlar tanasi ham oqlanardi. Foto: mykaleidoscope.ru

Botanika bog‘larining katta qismida daraxt tanalari tabiiy holda o‘sadi va hech qachon oqlanmagan. Nega bu odat bizda keng tarqalgan va daraxtlarni oqlashni oqlovchi qanday vajlar bor?

Nega daraxtlar oqlanadi?

Aslida, shaharlardagi manzarali emas, bog‘lardagi mevali daraxtlar tanasi turli hasharotlardan saqlash uchun oqlanish urfga aylangan.

Mirishkor.uz saytida yozilishicha, mevali daraxtlar tanasini ohak bilan oqlash ancha foydali va bu ish asosan erta bahorda daraxtlar uyg‘onishidan oldinroq va kech kuzda amalga oshiriladi. Chunki kuzda daraxt tanasiga joylashib olgan ba’zi zararkunanda hasharotlar yoki ularning tuxumlari qishdagi sovuqlardan omon qolishi mumkin. Ohak esa zararkunanda hasharotlarning po‘stloq ostiga berkinib qishlashiga xalaqit beradi.

Erta bahorda oqlangan mevali daraxtlar. Foto: agronoma.ru

Qahraton qishda tuproq ostida jon saqlagan zararkunanda hasharotlar ayniqsa yosh nihollar tanasi bo‘ylab tepaga chiqib, barra barglarni yeb, daraxtning o‘sishiga xalaqit qiladi, deya ishoniladi.

Daraxtni oqlash jaziramada quyosh nurlaridan daraxt tanasini himoya qiladi, deb ishoniladi. Bahor quyoshi nurlari tajovuzkor bo‘ladi, yosh nihollarning hali barg chiqarmagan novdalarini kuydirib yuboradi.

Kuzgi oqlashning maqsadlari biroz boshqacha: ba’zan kutilmaganda tushgan sovuq tufayli po‘stloqqa zarar yetadi. Butun tana bo‘ylab va tanasining ichigacha cho‘zilishi mumkin bo‘lgan yirik yoriqlar paydo bo‘ladi. Bunday yoriqlar paydo bo‘lishining oldini olish uchun daraxtning yuqoridagi shoxlarigacha oqlash tavsiya etiladi. Kuzgi oqlashning yana bir maqsadi — daraxt tanasini kemiruvchi jonzotlardan himoya qilish.

Bog‘dagi mevali daraxtni oqlash. Foto: stroiteh-msk.ru

An’anaviy usul tarafdorlari oqlash daraxt tanasini yog‘och zamburug‘lari, moxlar, lishayniklardan himoya qiladi, deb hisoblashadi.

Bunday qaraganda — hammasi tushunarli va mantiqli: bu ishlar daraxtni asrash uchun qilinayotgandek. Lekin aslida ham shundaymi?

Nega daraxtlarni oqlamaslik kerak?

Ayrim fikrlarga ko‘ra, daraxtlarni oqlash tasodifan paydo bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi davrlarida shahar xizmatlari yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun umuman mablag‘ga ega bo‘lmagan. Vaziyatdan chiqishning ayyorona va arzon usuli o‘ylab topilgan — yoritilmagan joylardagi daraxtlarning tanasini oqlash. Bu, birinchidan, ko‘chadagi chiroqlar yo‘qligida yo‘llarda harakatlanishni xavfsiz qilgan, ikkinchidan, oqlangan daraxtlarga qarab mo‘ljal olib, mashinalar tunda chiroqlarini ham yoqishmagan va dushman uchun ko‘rinmagan.

Ikkinchi jahon urushida tanasi oqlangan daraxtlar o‘ziga xos yo‘l ko‘rsatkich bo‘lgan. Foto: stroiteh-msk.ru

Daraxtlar tanasini oqlash amaliyoti tinchlik davrida ham davom etgan, biroq ko‘plab botaniklarning fikricha, endi bu eskilik sarqiti va tarix qa’ridan o‘rin olishi kerak. Chunki oqlash daraxtlarga hech qanday yordam bermaydi, aksincha uning zarari bor.

Daraxtlarni oqlashga qarshi bo‘lganlarning keltirayotgan vajlari ancha kuchli:

  • Daraxtlarni oqlash uchun ishlatiladigan so‘ndirilgan ohak (kalsiy xidrooksid) ishqorlar guruhiga kiradi. Bog‘bonlarga uzoq vaqtlardan buyon ma’lumki, ishqor daraxt tanasiga yomon ta’sir qiladi — po‘stloq quriydi, hattoki yorilib, ajralib tushishi ham mumkin. Bu oqlash daraxtga kuchli zarar yetkazishi mumkinligini bildiradi.
  • Ko‘pincha oqlash uchun bo‘yoq tayyorlash asnosida yelim va boshqa moddalar ham qo‘shiladi. Ularning ko‘pchiligi daraxt po‘stlog‘iga zarar yetkazadi — masalan, yelim po‘stloq yoriqlarini to‘ldirib qo‘yadi. Foydali moddalar daraxt tanasidan ildiz tomon yomonroq harakatlanadi. Eng yomon holatda ildizga oziq bormay qo‘yadi va o‘simlik nobud bo‘ladi. Yana bir «yaramas modda» — daraxt tanasini akril bilan oqlash o‘simlik uchun hech qanday foyda keltirmaydi. Yagona foyda — estetik, «chiroyli ko‘rinish».
  • Ohak o‘yuvchi zaharli modda va inson uchun zararli hisoblanadi. Oqlash bilan uzoq mashg‘ul bo‘lib, hattoki zaharlanish ham mumkin. Hasharotlarning ko‘pchiligi uchun oqlash umuman qo‘rqinchli emas, bog‘bonlarning qarashlariga ters o‘laroq, ular yangi oqlangan tana bo‘ylab daraxtning uchigacha bemalol borib-qaytaverishadi.
Ohak daraxt po‘stlog‘i ko‘chishiga sabab bo‘ladi. Foto: stroiteh-msk.ru
  • Tajribali bog‘bonlar ohak tezda yuvilib ketishini biladi. Ikki-uch marta yomg‘ir yog‘sa bas — undan deyarli hech narsa qolmaydi. Shunda eng ashaddiylar daraxtlarni yana shitob bilan oqlashga tushishadi. Agar oqlashdan qandaydir foyda bo‘lgan taqdirda ham uning umri juda qisqa. Yomg‘ir yuvgan ohak tuproqqa ham zarar yetkazishini unutmaslik kerak.
  • Oqlash ekilganiga 10 yildan oshgan daraxtlar uchun mutlaq befoyda. Ularning po‘stlog‘ida allaqachon tabiiy yoriqlar paydo bo‘lgan bo‘ladi. Bunday yoriqlarga ohak kirmaydi, yoki ertasi kuniyoq po‘stloq sirtini quritib, birga ajralib tushadi. Boz ustiga, bunday taram-taram po‘stloqni oqlash ham oson ish emas.
  • Oqlashga qarshi asosiy vajlardan biri — jarayonning notabiiyligi. Oqlash yoki unga o‘xshash tabiiy jarayon tabiatda uchramaydi, demak bog‘dorchilik madaniyatida unga o‘rin yo‘q.

Xo‘sh, oqlash kerakmi yo kerak emas?

Albatta, har bir kishi o‘ziga tegishli xususiy bog‘da o‘z tajribasiga tayanib, chiroyli ko‘rinishi uchungina daraxtlarini oqlashga haqli. Biroq oqlanganda ham buni aql bilan amalga oshirish kerak. Biologlarning ko‘pchiligi bog‘lardagi hali yosh, tanasi qotmagan, po‘stlog‘i shakllanmagan, mustahkam ildiz otmagan mevali daraxtlarnigina oqlash kerak, degan fikrda. Ya’ni o‘simlik o‘zini o‘zi asray oladigan tanaga ega bo‘lguncha.

Ekilganiga ancha vaqt bo‘lgan, o‘zini tutib olgan mevali daraxtlarni oqlash tavsiya etilmaydi.

Yoshidan qat’i nazar, manzarali daraxtlar va dekorativ o‘simlikni oqlash qat’iyan man etiladi. Ayniqsa, shaharlarda buning daraxtlarga hech bir foydasi yo‘q. Qaytaga tuproqqa zarari bor. Chunki daraxtlar ostidagi yerga gazon va gullar ekiladi.

Umid qilamizki, O‘zbekistonda sekin-asta daraxtlarni oqlaydigan, biroq o‘zini oqlamaydigan bu yaramas odatdan voz kechiladi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid