O‘zbekiston | 11:02 / 20.08.2023
29216
3 daqiqa o‘qiladi

«Yer sotishni kasb qilib olishgan» – Zoyir Mirzayev Qibray hokimligidagi ishdan bo‘shatishlar haqida

«Yig‘ilish qilsam protokolning hamma varag‘iga imzo qo‘yaman, chunki qo‘rqaman, bular qaysidir varag‘ini almashtirib qo‘yadi, ichiga o‘zining manfaatiga kerak narsani tiqvoradi, hech narsadan qaytmaydi bular», - degan Toshkent viloyat hokimi.

Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Qibray tumani hokim o‘rinbosarlari va hokimlikning boshqa mutassaddilarini yer sotish, qarorlarni qalbakilashtirish kabi noqonuniy ishlarni kasb qilib olganlikda aybladi.

«Yer sotishni kasb qilgan bo‘lsa, qarorni «poddelka» qilishni kasb qilgan bo‘lsa, bugun tuman hokimi shuning uchun javob beryapti. Xodimlar-chi? Ularning o‘rinbosari-chi? Qonunchlik doirasida hammasiga javob beriladi.

Umuman ma’lumotlar to‘g‘ri kelmaydi. Ariza va murojaatlarni qanoatlantirish darajasi 28 foiz. Ariza bilan shug‘ullanadigan xodimlarning barchasiga javob bervorsa bo‘ladi.

Investitsiya obektiga kirgan obektning nazorati yo‘q. Maktab, bog‘chalarning ham. 

Hamma narsa gapda faqat. Bittasiga tegsangiz, 90 kishi telefon qiladi. Kecha telefon qilgan bir-ikkitasiga aytdim: «Qo‘ysalaring-chi, Qibray tumani hokimiyatiga ham toza havo, yangi qon kirsin».

Hokimni aybdor-aybdor qilyapmizku, lekin ishni qilganlar o‘tiribdiku joyida. Ular yana nechta hokimni yeyishi kerak? Yerni sotgan tumanning kadastri, noinsoflari o‘tiribdi. Bular qayerda nima borligini biladi. 

Yig‘ilish qilsam protokolni hamma varag‘iga imzo qo‘yaman, chunki qo‘rqaman, bular qaysidir varag‘ini almashtirib qo‘yadi, ichiga o‘zining manfaatiga kerak narsani tiqvoradi, hech narsadan qaytmaydi bular.

Qachondir bitta tumanni qilsak va natija bersa, boshqasini ham shunday qilamiz», — deydi Zoyir Mirzayev.

Viloyat rahbari bo‘shatilgan xodimlar o‘rni qanday to‘ldirilishini ham aytgan.

«Ularning [bo‘shatilgan xodimlar] o‘rniga kimlarni olib kelasiz deb yozishibdi. «Qo‘rqma, Qibrayning qizlarini, yigitlarini olib kelamiz» deb javob yozdim», — deydi hokim.

Avvalroq Zoyir Mirzayev Xalq deputatlari Qibray tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman hokimligining barcha xodimlari yoppasiga ishdan olgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda bo‘shatilgan xodimlarning faoliyatiga huquqiy baho berilishi, «toza» chiqsa, keyin ishini davom ettirishi qayd etilgan.

Shuningdek, tumandagi (huquq-tartibot idoralaridan tashqari) barcha davlat tashkilotlarining rahbarlari ham lavozimidan ozod qilinishi belgilangan. Ularning faoliyatiga ham bir hafta ichida baho berilishi ma’lum qilingan.

Viloyat hokimi tumanda qariyb 20 ming fuqaro migrant sifatida xorijda bo‘lib turganini ta’kidlab, buni «Qibray uchun yarashmaydigan holat» deb atagan.

Zoyir Mirzayev Qibrayda qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasida juda ko‘p qonunbuzarlik, boshboshdoqlik borligi va buni tartibga solish vaqti kelganini ham qayd etgan.

Yig‘ilishda Ohangaron tumani prokurori lavozimida ishlab kelgan Muzaffar Rashidov Qibray tumani hokimi etib tayinlangan.

Mavzuga oid