Jahon | 17:58 / 23.08.2023
48985
15 daqiqa o‘qiladi

Oyga qulab tushgan «Luna-25» – Yerning tabiiy yo‘ldoshiga nechta kosmik apparat uchirilgan?

Kosmik tadqiqotlar boshlangandan buyon juda ko‘p kosmik kemalar halokatga uchragan. Kosmik apparatlar bilan turli falokatlar yuz bergan. Ana shunday hodisalardan biri bundan bir necha kun oldin Rossiyaning «Luna-25» kosmik apparati bilan sodir bo‘ldi. Apparat Oyga qo‘nayotgan vaqtda qulab tushgan va u bilan aloqa yo‘qolgan. Ushbu materialda Oyga uchirilgan kosmik apparatlar haqida so‘z yuritiladi.

Yaqinda «Luna-25» kosmik apparati Oyga borib urilib, sochilib ketdi. Shu tariqa Rossiya o‘zining yangi tarixidagi ilk oy missiyasini bajara olmadi. «Luna-25» bilan aloqa 2023 yil 19 avgust kuni Moskva vaqti bilan soat 15:00 larda yo‘qolgan. Apparatni topish va u bilan aloqani tiklashning imkoni bo‘lmagan.

«Luna-25» sayyoralararo avtomatik stansiyasi 2023 yil 11 avgust kuni Uzoq Sharqdagi, Amur oblastida joylashgan «Vostochnyy» kosmodromidan uchirilgandi. U 21 avgust kuni Oy sirtiga qo‘nishi kerak edi.

20 avgust kuni «Roskosmos» kosmik stansiya Oy yuzasi bilan to‘qnashuv oqibatida «o‘z mavjudligini yo‘qotdi», deb xabar berdi. Apparat Yerning tabiiy yo‘ldoshi yuzasiga qulagan, deb hisoblanmoqda.

Missiya davomida rossiyaliklar stansiyasi bir necha tasvirlarni, jumladan Oyning narigi tomonining janubiy qutb hududidagi Zeyeman krateri fotosurati hamda ilmiy ma’lumotlarni yuborishga ulgurdi. Xususan, «Luna-25» asboblari Oy yuzasiga mikrometeorit kelib urilishini qayd etishgan.

«Luna-25»ni uchirish loyihasi 1997 yilda boshlangan, keyin mablag‘ yetishmasligi, avariya va sanksiyalar tufayli bu ish ortga surilib kelgan. Xususan, missiyada «Roskosmos» bilan birga Yevropa kosmik agentligi ham qatnashishi rejalashtirilgandi, ammo tashkilot Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Rossiya bilan hamkorligini to‘xtatdi.

Quyida Oyga uyushtirilgan parvozlar va unda qolib ketgan apparatlar hamda eng yirik kosmik halokatlar haqida so‘z yuritamiz.

Rossiyaning «Luna-25» kosmik apparati fazoga uchirilishdan avval.
arstechnica.com

Sovetlarning Oyga uchirgan apparatlari

1960-yillarning ikkinchi yarmida SSSR va AQSh o‘rtasida kosmosni o‘zlashtirish bo‘yicha raqobat davom etar ekan, har ikki davlat Oyni o‘zlashtirishga urinib ko‘radi.

Sovetlar umumiy hisobda Oyga 30 ga yaqin kosmik apparatlar uchirishgan. Ulardan bir qanchasi Oy sirtiga qo‘nib u yerdan fototasvirlar olgan. Boshqalari Yerning tabiiy yo‘ldoshi atrofida uchgan. Ba’zilari parvoz vaqtida «avariya» bo‘lgan.

Jumladan:

«Luna-2» – 1959 yil 13 sentabr kuni;

«Luna-5» – 1965 yil 12 may kuni;

«Luna-7» – 1965 yil 7 oktyabr kuni;

«Luna-8» – 1965 yil 6 dekabr kuni;

«Luna-10» – 1966 yil 29 may kuni;

«Luna-12» – 1967 yil 19 yanvar kuni;

«Luna-18» – 1971 yil 11 sentabr kuni;

«Luna-19» – 1972 yil 30 sentabr kuni;

«Luna-22» – 1974 yil 22 iyun kuni;

«Luna-23» – 1974 yil 6 noyabr kuni;

«Luna-25» – 2023 yil 19 avgust kuni (Rossiyaniki) Oy atrofiga yoki uning sirtiga qulab tushgan.

«Luna-3» kosmik apparati
io9.com

SSSRning Oyga muvaffaqiyatli qo‘ngan kosmik apparatlari

1970 yil 12 sentabr kuni «Luna-16» fazoga uchiriladi. U 20 sentabr kuni Oy sirtiga qo‘nishga muvaffaq bo‘ladi. 24 sentabr kuni u Yerga qaytib tushadi. «Luna-16» Oyga uchirilgan avtomat tarzda ishlaydigan birinchi apparat edi.

1970 yil 17 noyabr kuni «Luna-17» uchiriladi. Apparat Oy sathiga muvaffaqiyatli qo‘nadi. U qariyb bir yil davomida Oy sathida jami 10 540 metrni bosib o‘tadi va turli tadqiqotlarni olib boradi.

«Luna-17» bilan 1971 yil 14 sentabr kuni aloqa uzilgan. Keyinchalik, Oyning suratlarini olgan boshqa apparatlarda Oy sathida to‘xtab qolgan «Luna-17» ham ko‘ringan.

1972 yil 14 fevral kuni «Luna-20» uchiriladi va u 21 fevral kuni Oy sirtiga qo‘nadi. 1972 yil 25 fevral kuni Oy sirtidan olingan 55 gramm (!) jinsni Yerga olib tushadi.

1973 yilda «Luna-21» Oyga uchiriladi. Ushbu apparat Oy sirtiga 1973 yil 15 yanvar kuni qo‘nadi va qariyb besh oydan so‘ng 4 iyun kuni o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

1976 yil 9 avgust kuni sovetlar Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan «Luna-24»ni uchirishadi. 18 avgust kuni u Oy sirtiga qo‘nadi.

To‘rt kun davomida Oy sirtida bo‘lgan «Luna-24» 22 avgust kuni Yerga qaytib tushadi. U olib kelgan namunaning og‘irligi 170 gramm (!) edi.

«Luna-24»
zarya.info

«Luna-24» XX asrda Oy sirtida ishlagan so‘nggi apparat hisoblanadi. Undan keyin XXI asrgacha bironta davlat Yerning tabiiy yo‘ldoshiga kosmik apparat qo‘ndira olmagan.

Oradan qariyb qirq yil o‘tgach, 2013 yil 14 dekabr kuni xitoyliklarning kosmik apparati Oy sirtiga qo‘nishga muvaffaq bo‘ladi.

Sovetlar yasab chiqqan yana bir apparat 1977 yilda uchirilishi va Oy sirtiga qo‘nishi kerak edi. Biroq «Luna-25» deb nomlangan apparat uchirilmasdan qolib ketadi. (2023 yil 19 avgust kuni Oyda avariyaga uchragan apparatni rossiyaliklar ham «Luna-25» deb nomlashadi.)

Agar sovetlarning Oyni tadqiq etish tarixiga qaralsa, Yerning tabiiy yo‘ldoshiga uchirilgan 30 ga yaqin turli kosmik apparatlarning yarmidan ko‘pi avariyaga uchragan. Sanoqlilari Oyga qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan. Boshqalari Oy yaqinida uchib, uning suratlarini olgan xolos.

Sovetlar kosmik qurilmalarni Qozog‘istonda joylashgan Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan uchirishgan.
www.liveinternet.ru

Amerikaliklarning Oyni tadqiq etishga bo‘lgan urinishlari

Amerikaliklar 1962 yildan boshlab Oyga turli kosmik apparatlarni uchira boshlashadi. Maqsad Yerning tabiiy yo‘ldoshiga odam uchirishdan avval undagi vaziyatni o‘rganish edi.

Amerikaliklar Oyga umumiy hisobda 30 ga yaqin kosmik apparat uchirishgan. Avvaliga apparatlarning o‘zi uchirilgan bo‘lsa, keyingilarida odam uchirishadi.

Dastlabki uchirilgan kosmik apparatlarning ba’zilari Oyga qo‘nish paytida avariyaga uchraydi.

Jumladan:

«Reynjyer-4» – 1962 yil 26 aprel kuni;

«Reynjyer-6» – 1964 yil 2 fevral kuni;

«Serveyyer-2» – 1966 yil 22 sentabr kuni;

«Serveyyer-4» – 1967 yil 17 iyul kuni;

«Lunar Prospektor» – 1999 yil 31 iyul kuni Oy sirtiga qulab tushgan.

NASAning «Reynjyer-4» kosmik apparati
www.alamy.com

Amerikaliklarning bir qancha kosmik apparatlari Oyga muvaffaqiyatli qo‘nadi va u yerda ma’lum vaqt ishlab Yerga ko‘plab fotosuratlarni yuboradi. Jumladan:

«Reynjyer-7» – 1964 yil 31 iyul kuni;

«Reynjyer-8» – 1965 yil 20 fevral kuni;

«Reynjyer-9» – 1965 yil 24 mart kuni;

«Serveyyer-1» – 1966 yil 2 iyun kuni;

«Serveyyer-3» – 1967 yil 20 aprel kuni;

«Serveyyer-5» – 1967 yil 11 sentabr kuni;

«Serveyyer-6» – 1967 yil 10 noyabr kuni;

«Serveyyer-7» – 1968 yil 10 yanvar kuni Oy sirtiga qo‘nishga muvaffaq bo‘ladi.

NASAning «Serveyyer-7» kosmik apparati
www.alamy.com

Oyga odam uchirilishi

Oyga odam uchirish haqida ilk bor AQSh prezidenti Jon Kennedi 1961 yilda gapiradi. U 1970 yilda amerikaliklar Oyga qadam qo‘yishini aytadi.

Shundan so‘ng NASA Oyga to‘xtovsiz turli kosmik apparatlarni uchirishni boshlaydi. Maqsad, odam uchirishdan avval Yerning tabiiy yo‘ldoshi va uning atrofidagi holatni o‘rganish edi.

Amerikalik astronavtlar Kennedi aytgan muddatdan bir yil avval Oyga chiqishga muvaffaq bo‘lishadi.

1969 yil ichida astronavtlar bo‘lgan «Apollon-10» kosmik kemasi fazoda ancha joyga uchib borib, ortga qaytadi. Bu parvozdan maqsad Oyga odam uchirishga tayyorgarlik ko‘rish edi.

1969 yil 20 iyul kuni «Apollon-11» kosmik kemasi Oyga qo‘nadi va astronavtlar Nil Armstrong hamda Edvin Oldrin uning sirtiga tushishadi. Ular ma’lum muddat Oy sirtida bo‘lib, so‘ng Yerga eson-omon qaytib kelishadi.

Nil Armstrong Oyda
stock.adobe.com

Keyinchalik, amerikaliklar Oyga yana bir necha marta odam uchirishadi, turli apparatlar qo‘ndirishadi.

Jumladan, 1969 yil 19 noyabr kuni amerikaliklarning «Apollon-12» kosmik kemasi ikkinchi marta Oyga qo‘nadi. Bu safar astronavt Charlz Konrad uning sirtiga chiqadi.

1971 yil 5 fevral kuni ichida amerikalik astronavtlar bo‘lgan «Apollon-14» kosmik kemasi yana Oyga qo‘nadi. Uchinchi urinishda astronavt Alan Shepard Oy sirtiga tushadi.

1971 yil 30 iyul kuni «Apollon-15» Oy sirtiga qo‘nadi. Amerikalik astronavtlar Jyeyms Irvin va Devid Skott bu safar Oy sirtini tadqiq etish uchun maxsus elektromobildan foydalanishadi. Ushbu apparat Oy sirtida qolib ketgan.

1972 yil 21 aprel kuni «Apollon-16» Oyga qo‘nadi. Bu safar ham astronavtlar Jon Yang va Charlz Dyuk uning sirtiga tushib, turli tadqiqotlar olib borishadi.

1972 yil 11 dekabr kuni «Apollon-17» apparati Oyga qo‘nadi. Astronavtlar Yujin Sernan va Xarrison Shmitt Oyda uch sutka qolishadi va uning sirtiga uch marta tushishadi. Ular ham Oyda maxsus avtomobildan foydalanishadi.

«Apollon-17» va amerikalik astronavt Oyda.
www.alamy.com

«Apollon-17» ichida odamlar bo‘lgan va Oyga qo‘ngan so‘nggi kosmik kema edi. O‘shandan buyon hech bir davlat tomonidan Yerning tabiiy yo‘ldoshiga ichida odam bo‘lgan kosmik kema uchirilmadi. Boshqa odam oyog‘i Oyga yetmadi.

Keyinchalik amerikalik astronavtlarning Oy sirtiga tushganini shubha ostiga oluvchi gap-so‘zlar chiqdi. Ayniqsa bunda raqobatchi davlat, Rossiya mutaxassislari jonbozlik ko‘rsatishdi.

Shunday bo‘lsa ham amerikaliklarning Oyga qo‘ngani va uning sirtiga tushgani xalqaro darajada tan olingan. Shuningdek, SSSR ham amerikalik astronavtlarning Oyga uchganini rasman tan olgandi.

Oyga kosmik apparat uchirgan boshqa davlatlar

1959 yildan 2023 yilgacha oyga 82 ta kosmik apparatlar uchirilgan. 1993 yilgacha Oyga asosan SSSR va AQSh kosmik apparat uchirgan va ularning umumiy soni 65 tani tashkil etgan.

1993 yildan boshlab avvaliga Yaponiya, Yevropa Ittifoqi davlatlari hamkorlikda, Hindiston, Xitoy va Isroil Oyga bir nechtadan kosmik apparatlar uchirgan.

Jumladan:

1993 yil 10 aprel kuni Yaponiya Hiten kosmik apparatini Oyga uchiradi. Mazkur apparat Oyning sun’iy yo‘ldoshi bo‘lishi va uning atrofida aylanib tadqiqotlar olib borishi rejalashtirilgandi.

Yaponiyaning Hiten kosmik apparati
www.universetoday.com

2006 yil 3 sentabrda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan bir nechta davlat hamkorlikda ishlab chiqqan «Smart-1» kosmik kemasi Oy sirtiga qo‘nishda muvaffaqqatsizlikka uchraydi.

2008 yil 14 noyabr kuni Hindiston «Chandrayan-1»ni Oyga uchiradi va Yerning tabiiy yo‘ldoshiga apparat uchirgan davlatlar safiga qo‘shiladi. Parvoz esa muvaffaqiyatsiz kechadi.

Hindistonning «Chandrayan-1» kosmik qurilmasi
stock.adobe.com

2009 yil 12 fevral kuni Yaponiya o‘zining ikkinchi «Kaguya» deb nomlangan kosmik apparatini Oyga uchirmoqchi bo‘lganda parvoz muvaffaqqiyatsiz kechadi.

2009 yil 1 mart kuni Xitoy «Chan’ye-1» nomlangan kosmik apparatini Oyga uchiradi. U Yerning yo‘ldoshiga qo‘na olmaydi.

2009 yil 10 iyun kuni Yaponiya «Kaguya» deb nomlangan yana bir kosmik apparatini Oyga uchiradi.

Yaponiyaning «Kaguya» kosmik apparati
tudoem1.wordpress.com

2009 yil 9 oktyabr kuni amerikaliklar Lunar Crater Observation and Sensing Satellite deb nomlangan kosmik apparati Oyga qo‘na olmaydi. Bu amerikaliklar XXI asrda Yerning yo‘ldoshiga uchirgan birinchi apparat edi.

2014 yil 14 aprel kuni amerikaliklarning LADEE deb nomlangan yana bir kosmik apparati oy sirtiga qulab tushadi.

Oxirgi yillarda Oyni tadqiq etish ishlarida Xitoy ancha faollashdi. Bu davlat 2013 yil 14 dekabr kuni «Chan’ye-2» kosmik kemasini Oyga qo‘ndirdi va shu tariqa AQSh hamda SSSRdan so‘ng Yerning yo‘ldoshiga kosmik apparat qo‘ndirgan uchinchi davlatga aylanadi.

Xitoyning «Chan’ye-2» kosmik apparati
www.xsnet.cn

«Chan’ye-2» o‘zi bilan «Yuytu» deb nomlangan «plenataxod»ni Oyga olib chiqqandi. 2019 yil 3 yanvar kuni xitoyliklar «Yuytu-2» «plenetaxod»ini ham Oyga olib chiqishadi.

2019 yil 11 aprel kuni Isroil «Bereshit» deb nomlanuvchi kosmik apparatini Oyga uchiradi. U Yer yo‘ldoshi sirtiga qulab tushadi.

Isroilning «Bereshit» kosmik apparati
gadgets.ndtv.com

2019 yil 6 sentabr kuni Hindiston «Chandrayan-2» nomli kosmik apparatini Oyga uchiradi.  «Chandrayan-2» Yer yo‘ldoshiga qulab tushgan.

2023 yil 15 aprel kuni Yaponiyaning Hakudo-R kosmik apparati Oy sirtiga qulab tushadi.

Hozirgi paytda Oyda Hindistonning «Chandrayan-3» kosmik apparati bor. Hindlar uni 2023 yil 14 iyul kuni uchirgandi. Mazkur kosmik apparat Hindiston tomonidan Oyga uchirilgan uchinchisi hisoblanadi.

Missiya doirasida «Chandrayan-3» Oyning janubiy qutbini o‘rganishi ko‘zda tutilgan. 19 avgust kuni Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) «Chandrayan-3»ning «Vikram» nomli qo‘nish moduli oy atrofidagi orbitada balandlikni pasaytirish bo‘yicha so‘nggi manyovrni amalga oshirgani va qo‘nishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaganini xabar qildi.

Hindistonning «Chandrayan-3» kosmik apparati. U 2023 yil 23 avgust kuni Oy sirtiga qo‘nishi rejalashtirilgan.
futurism.com

Qo‘nish 23 avgust kuni tushdan so‘ng amalga oshdi. Shu tariqa Hindiston Oyga apparatini qo‘ndirishga erishgan SSSR, AQSh va Xitoydan keyingi to‘rtinchi davlat bo‘ldi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid