Jahon | 17:53 / 03.09.2023
17686
3 daqiqa o‘qiladi

General Tarnavskiy: Ukraina QK janubiy frontda Rossiya mudofaasining birinchi chizig‘ini yorib o‘tdi

Ukraina janubidagi yurishga boshchilik qilayotgan generalning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning uchta mudofaa chizig‘idan aynan birinchisi eng yaxshi mustahkamlangani edi.

Foto: Sergiy Chalyi/Reuters

Ukraina qurolli kuchlari janubiy frontda Rossiya qo‘shinlarining uchta mudofaa chizig‘idan birinchisini yorib o‘tdi, bu – eng yaxshi mustahkamlangan liniya edi. Bu haqda janubdagi qarshi hujumga boshchilik qilayotgan general, Ukraina QK «Tavriya» guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiy Britaniyaning The Observer nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

«Biz hozirda birinchi va ikkinchi mudofaa chiziqlari oralig‘ida turibmiz, — degan u Zaporijjya oblastidagi Rabotine va Verbove qishloqlari hududlarini nazarda tutgan holda. — Biz hozirda hujum markazida Rossiya qo‘shinlarining ikkinchi mudofaa chizig‘i ortiga chekinishini ta’minlash uchun qoldirilgan bo‘linmalarni yo‘q qilish jarayonini yakunlayapmiz».

Generalning baholariga ko‘ra, janubiy frontda uchta mudofaa chizig‘ini shakllantirishda Rossiya qo‘mondonligi o‘z kuch va vositalarining 60 foiz qismini birinchi chiziq uchun ajratgan va keyingi ikki chiziq uchun 20 foizdan — chunki, Ukraina qurolli kuchlari birinchi chiziqni yorib o‘tishiga ishonmagan. «Rossiyaliklar ukrainlar bu mudofaa chizig‘idan o‘ta olmaydi, deb o‘ylashgan. Bir yildan ortiq vaqt tayyorlanishgan. Ular bu hudud yaxshi tayyorlanishi uchun barcha ishni qilishgan», — deya qayd etgan Tarnavskiy.

Ukraina Rossiya mudofaasining birinchi chizig‘iga juda sekinlik bilan yaqinlashdi, chunki tig‘iz minalangan maydonlar muntazam ravishda RF qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutib turilgandi va bu hududlarni minalardan tozalash ishlarini faqat tunda, piyodalar qo‘li bilan amalga oshirish mumkin edi. Tarnavskiyning fikricha, buyog‘iga oldinga harakatlanish tezroq kechadi, chunki minalangan maydonlar oldingi kabi tig‘iz joylashmagan, Rossiya armiyasi esa zaxiralarini tez sarflamoqda.

«Dushman nafaqat Ukrainaning o‘zidagi, balki Rossiyadagi zaxiralarini ham olib kelmoqda. Ammo ertami kechmi rossiyaliklarda eng yaxshi askarlari tugaydi. Bu esa bizga ko‘proq va tezroq hujum qilishga turtki bo‘ladi. Bizda hali barchasi oldinda», — degan Tarnavskiy.

Mavzuga oid