Jahon | 10:08 / 07.09.2023
4078
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Leopard 2 vorisini ishlab chiqish bo‘yicha yangi loyihani ishga tushirdi

Yangi MGCS jangovar tanklarini yaratish bo‘yicha Germaniya-Fransiya loyihasi bilan bir vaqtda, Berlin Italiya, Shvetsiya va Ispaniya bilan shunday hamkorlikni boshlaydi, deb yozadi Handelsblatt. 

Foto: Getty images

Germaniya Leopard 2 o‘rnini bosuvchi asosiy jangovar tanklarni ishlab chiqish bo‘yicha yangi ittifoq tuzishga harakat qilmoqda.U Italiya, Shvetsiya va Ispaniya bilan birgalikda yangi jangovar transport vositalarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda, deb yozadi 6 sentabr, chorshanba kuni Germaniyaning Handelsblatt gazetasi. 

Yangi jangovar tank Germaniya mudofaa konsernlari - Krauss-Maffei Wegmann hamda Rheinmetall va boshqa mamlakatlardagi hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqiladi, deb ta’kidlaydi Handelsblatt sanoat va siyosiy doiralardagi manbalarga tayanib. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, shartnomalar bir necha kun oldin imzolangan, keyingi qadam Yevropa Mudofaa jamg‘armasidan (EDF) moliyalashtirish uchun qo‘shma ariza bo‘ladi. 

Fransiya bilan ham xuddi shunday loyiha 2017 yildan beri davom etmoqda 

Handelsblatt ta’kidlashicha, bu loyiha hayratlanarli bo‘ldi, chunki u Berlin va Parij o‘rtasida xuddi shu sohada mavjud hamkorlik bilan raqobatlashadi. 2017 yilda har ikki davlat hukumatlari «Asosiy yerdagi jangovar tizim» (Main Ground Combat System) deb nomlangan jangovar tankni yaratish loyihasi bo‘yicha kelishib olgan. Rejalarga ko‘ra, uning doirasida ishlab chiqilgan mashinalar keyingi o‘n yillikning o‘rtalarida nemislarning Leopard 2 va fransuzlarning Leclerc texnikasi o‘rnini egallaydi. 

Handelsblatt eslashicha, Bundesver yaqin o‘n yil ichida Leopard og‘ir jangovar tanklarini yangilariga almashtirishni rejalashtirmoqda. Avvalroq Germaniya Ukrainaga Bundesver zaxiralaridan 18 ta Leopard 2 tankini, shuningdek, 20 ta Leopard 1 tankini yetkazib bergan edi. 

Mavzuga oid