Jahon | 09:35 / 07.09.2023
4464
5 daqiqa o‘qiladi

YeI sudi Ozon guruhi sobiq rahbariga nisbatan sanksiyalarni to‘xtatishga qaror qildi

Sanksiyaga tushgan rossiyaliklar va belaruslarning aksariyat da’volaridan farqli o‘laroq, YeI sudi Ozon guruhi sobiq bosh direktori Aleksandr Shulginning YeI Kengashiga qarshi da’vosini qisman qanoatlantirdi. 

Aleksandr Shulgin Foto: Maksim Konstantinov / Global Look Press

Yevropa Ittifoqining Lyuksemburgdagi sudi 6 sentabr, chorshanba kuni rossiyalik tadbirkor Aleksandr Shulginning Yevropa Ittifoqi Kengashiga o‘ziga qo‘llangan sanksiyalar tufayli bergan da’vosini qisman qanoatlantirdi. Shulgin ishi Yevropa Ittifoqi Kengashining uni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi dastlabki qarorlari munosabati bilan rad etildi, ammo «arizachining ahvoli o‘zgarishini hisobga olgan holda, sanksiyalarni davom ettirish uchun birinchi chora-tadbirlar ko‘rilganda Kengash tomonidan yetarli darajada hisobga olinmagan, deya tushuntirdi sud. Boshqacha aytganda, sud tadbirkor sanksiyalar ro‘yxatida qolmasligi kerakligiga rozi bo‘ldi. Endilikda javobgar - YeI Kengashi ikki oy va o‘n kun ichida apellyatsiya shikoyati berishi mumkin, shu vaqtgacha Shulginga nisbatan jazo choralari o‘z kuchida qoladi. Kuzatuvchilar fikricha, sud qarori keyingi safar YeI sanksiyalari uzaytirilganda u endi ro‘yxatlarda bo‘lmasligini anglatishi mumkin. 

Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida Shulgin Ozon kompaniyasining bosh direktori sifatida taqdim etilgan bo‘lib, u 2022 yil 24 fevralda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Kremlda oligarxlar uchrashuvida ishtirok etgani ham aytiladi. «Uning ushbu uchrashuvga taklif qilingani prezident Putinga yaqin bo‘lgan oligarxlar davrasida ekani va Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlar yoki siyosatni qo‘llab-quvvatlayotganidan yoki amalga oshirayotganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, u Qrimning anneksiya qilinishi va Ukrainadagi beqarorlik uchun mas’ul bo‘lgan Rossiyaning muhim daromad manbai bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlarida ishtirok etadi», — deyiladi hujjatda. 

2022 yil aprelida, Yevropa Ittifoqi va Avstraliya unga qarshi sanksiyalar kiritganidan so‘ng, Shulgin Ozon bosh direktori lavozimini tark etdi va direktorlar kengashidan ketdi. 

Rossiyalik oligarxlarning aksariyat da’volari rad etildi 

6 sentabr, chorshanba kuni Yevropa Ittifoqi sudi shaxsiy Yevropa sanksiyalari qo‘llanilgan bir qator yirik rossiyalik tadbirkorlar va ularning oila a’zolarining da’volarini rad etdi. Xususan, Aleksandr Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlagani uchun Yevropa Ittifoqining Belarusga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan tadbirkor Mixail Gutseriyevning; Quvur metallurgiya kompaniyasining sobiq egasi Dmitriy Pumpyanskiyning (u sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgandan so‘ng benefitsiarlar va kompaniya direktorlar kengashi tarkibini tark etdi), uning rafiqasi Galina Pumpyanskaya va o‘g‘li Aleksandr Pumpyanskiyning (u ham kompaniya direktorlar kengashini tark etdi) da’volari rad etildi.

Yevropa Ittifoqi kengashi Ukraina hududiy yaxlitligiga putur yetkazuvchi siyosatni qo‘llab-quvvatlagani uchun bu shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘llaganini bildirgan. Ular iqtisodiyotning Rossiya uchun muhim daromad manbasi bo‘lgan tarmoqlarida ishlashi aytiladi. Rossiyaliklar o‘zlarini sanksiya ro‘yxatiga noqonuniy kiritilgan deb hisoblab, cheklov choralarini bekor qilishni talab qilib, sudga yakka tartibda murojaat etgan. 

Dmitriy Pumpyanskiy jangovar harakatlarda bevosita ishtirok etmagan bo‘lsa-da, u Rossiya Federatsiyasi hukumati uchun muhim daromad manbasi bo‘lib xizmat qiladigan iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat yuritadi, deya tushuntirdi Yevropa Ittifoqi sudi. O‘z navbatida, Galina Pumpyanskaya eri bilan biznes aloqalariga ega, chunki uning kompaniyasiga tegishli fondni boshqaradi. 

Rossiyaliklar va belaruslarning o‘nlab arizalari 
 
Hozirda Yevropa Ittifoqining Lyuksemburgdagi sudi Rossiya va Belarusdan bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning sanksiyalar bo‘yicha qarorlarga e’tiroz bildirgan 80 ga yaqin da’volarini ko‘rib chiqmoqda. Ishlarning aksariyati rossiyalik ishbilarmonlar arizalari asosida qo‘zg‘atilgan, ular aktivlarini muzlatish va Yevropa Ittifoqiga kirishni taqiqlash kabi choralarga duchor bo‘lgan, ammo hozircha faqat «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojinning onasi bu ishda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi.

Mavzuga oid